Asrlarni boʻylagan ulugʻ tafakkur

10:27 21 Mart 2021 Madaniyat
1739 0

Yerga qadagan urugʻiga obihayot tilagan inson “Suzma xotin” termasini kuylab, togʻoralarni taraqlatib bir tomchi yomgʻirni ravo koʻrmayotgan musaffo osmonga termulgancha zor-zor koʻz yoshi oqizib turgan paytida ufqdan bulut koʻtarilib, yogʻingarchilik boshlanganida ularning quvonchu shodliklarini koʻrmaganmisiz? Bunaqa narsalarni koʻrishga ojiz tuvakdagi gul boʻlsangiz aqalli tasavvur eta olasizmi? Koʻrgan boʻlsangiz, oʻsha koʻrganiningiz, eshitgan boʻlsangiz, oʻsha eshitganingiz, tasavvur eta olish qurbiga ega boʻlsangiz oʻsha tasavvur etganiningiz — sheʼriyatning tip-tiniq osmonida suzgan qisir maddoh oppoq bulutlarni bir chetga surib, ufqdan koʻtarilib kelgan bu bulutning nomi Abdulla Oripov edi.

U shunda azaliy tabiat qonunini jamiyat qonunlaridan ustunligi borasida bong urgan, badiiy tafakkurning azaliy ming yilliklari ufqini idrok eta olgani bilan oʻziga xoslik kasb etgan edi.

Aleksandr Blok bir sheʼrida «Sizga zamon-zamon. Bizga-chi bir on», degan edi. “Zamon-zamon, bizning zamon”, degan shahvoniy his yoʻgʻrilib turgan joʻn idda bu mangulik qoshida oʻtkinchi va toʻzgʻuvchidir. Allaqachon toʻzigandir.

Abdulla Oripov oʻzi mansub boʻlgan va sevgan xalq dardining oʻzaklariga nazar tashlaydi:

Asrlar shundayin tentib oʻtdilar,
Yer uzra hukmron gʻam boʻldi faqat.
Kimlarki, yaxshilik donin ekdilar,
Yomon deb nom oldi oʻzi oqibat.

U “davrimizning har kuni asrlar mazmuniga teng” degan safsata soʻzlarni bir hamladayoq kunfayakun qilib tashlashga qodir:

Asrim, asrim deysan, asring ne oʻzi,
Toʻzgʻoq kalendarning varaqlaridir.
Inson deb falakka hayqirmoq nechun,
Inson yoningdagi, u mening qoʻshnim.

Boshqa bir sheʼrdagi mana bu satrlar esa qoʻshni yoki yonidagi oddiy inson-fuqaro gʻamisiz ot surayotganlar ham behuda emasligiga ishora qiladi:

Oʻtganga achinmoq odatim yoʻqdir,
Behuda motamlar tekkandir jonga.
Ammo tosh otmayin ilojim yoʻqdir,
Furqatni badargʻa etgan zamonga.

Uning “Mening ham Vatanim janglar guvohi, Mening ham tuprogʻim toptalgandi xor, Mening ham ruhimda ajdodlar ohi, Mening ham qonimda qilich zangi bor» satrlari boshqa mashhur sheʼrdagi  “Eshilib, toʻlgʻanib ingranadi kuy, Asrlar gʻamini soʻylar ”Munojot“. Kuyi shunday boʻlsa, gʻamning oʻziga Qanday chiday olgan ekan odamzod!” satrlariga va yana boshqa sheʼrdagi "Koʻz oldimdan kechar asrlar, Koʻz-koʻz etib nuqsu chiroyin. Sarson oʻtgan necha nasllar, Topolmasdan tugʻilgan joyin" satrlari bilan uzviy bogʻlanib ketadi.

Insonning tabiatidagi, tiynatidagi qusurlar, fazilatlar bejiz emas. Bir suhbatimizda bu haqdagi savolimga shoir «Bir kuni bir daftar olib avval inson fazilatlarini, yaxshi xislatlarini yozib chiqdim, keyin razolatu yomonliklarga gal kelganda, bir daftar toʻlib ketdi», deb javob bergan, suhbat gazetada chop etilgach, ayrimlar, bu shoir faqat yomonliklarni ilgʻar ekan-da, degan edi. Oʻziga tanqidiy qaramay, faqat fazilatlari bilan maqtanib yuradigan inson ham, xalq ham falokatga mahkumdir. Dunyoning ulugʻ daholari barchasi borada yalakat ekanliklarini eslang.

Axir:
Mamontlar toʻdasi chiqdi oʻrmondan,
Shimol koʻchkiniday vahshiy va sarmast
Va lekin vahshiyroq toʻda har yondan
Bostirib keldilar guras va guras.
Yana toʻqnash keldi inson va hayvon,
Yana hayot uchun jang ketdi uzoq.
Yana gʻolib keldi vahshiy olomon,
Yana shoʻrlik mamont yengildi, biroq
Oʻsha kun buzildi azaliy udum,
Uni inson oʻzi buzib tashladi.
Kunduzgi oshkora oʻgʻrilarday u
Oʻljasin uy-uyga torta boshladi.
Bizning boshimizni bogʻlagan zulmat,
Notiqlar tutaqib soʻkkan zulm, qon,
Dunyodagi neki yomonlik, kulfat,
Barchasi boshlangan edi oʻsha on…
Yoʻq, havas qilmayman maymunga hecham,
Ishtonsiz ajdodni qoʻmsamoq nega?
Ammo oʻljasini talashgan odam
Yoʻldan adashganday koʻrinar menga.

Soʻzim adogʻida shoirning bir gal xomush oʻtirgan holatida Abdulla Oripovning, «bizdayam bola-chaqa bor, uy-roʻzgʻor bor, shu xonadonimizda chirogʻimiz yonsin deb baʼzan pastkashlarga ham yukunishga majbur boʻlamizda, uka» degan soʻzlarini eslayman. U kishi nihoyatda zukko, hazil-mutoyiba, hozirjavoblikni xush koʻrardilar. «Abdulla aka, bora-bora doʻstlar ham yiroqlashib, yozishga ham hafsala kelmay ijodkor yolgʻizlanib boraverkan», desam, darhol “parvo qilma uka, avliyolar yolgʻiz boʻlishadi”, dedilar.

Ikkimiz ham kulib yubordik.

Ha, bu toʻgʻri edi.

Avliyolar yolgʻiz boʻlishadi.

Bu gap uning oʻziga ham qisman tegishli edi. Shu yolgʻizlik qoʻrquv-hadigidan, oʻzi aytmoqchi, oʻzi yoqtirgan-yoqtirmagan davralarga bosh urib, vijdoni buyurgan-buyurmagan ishlarda ham oʻz daxldorligini yashirmay oʻtgan, asrlarni boʻylagan tafakkurga ega ulugʻ shoir, koʻngilga yaqin zot edi. Asrlar gʻamini oʻylagan, asrlar boʻyi yashaydi. Har qanday ijodkorning fojiasi oʻzidan oldin ijodi oʻlishidir. Abdulla Oripov chigal va murakkab soʻqmoqlarda ular bilan baqamti yurib, umri soʻngida ortidan qoladigan farzandalariday yana parvarishlab, yana ardoqlab oʻtgan edi. Bunga endi isbot na hojat!

Shoyim BOʻTAYEV

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер