Asrlar oshayotgan milliyligimiz ifodasi

Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Navroʻz — avlodlardan avlodlarga oʻtib kelayotgan milliy qadriyatlar, urf-odatlar, ezgu anʼanalarni bagʻrida jam qilgan umumxalq bayrami. Ayni kunlarda butun mamlakatimiz boʻylab ushbu shodiyonaning shukuhi kezmoqda.
Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida tashkil etilgan “Fargʻona arabeskalari” anʼanaviy badiiy hunarmandchilik koʻrgazmasi milliyligimiz jozibadorligini oʻzida ifoda etgani hamda ayyomga munosib tuhfa boʻlgani bilan ahamiyatlidir.
Maʼlumki, koʻp yillardan buyon Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamkorlikda yurtimizning turli hududlaridagi noyob hunarmandchilikka oid koʻrgazmalar turkumini tashkil etib keladi. Qayd etish joiz, mamlakatimizdagi har bir hudud oʻziga xos milliy urf-odatlar asosida shakllangan, asrlar oshayotgan va milliyligimiz ifodasi sanalgan hunarmandchilik maktabiga ega.
Bu yil galereyani bezagan ushbu koʻrgazma Fargʻonaga bagʻishlandi. Unda kulolchilik, toʻquvchilik, yogʻoch oʻymakorligi, zargarlik, badiiy kandakorlik, kashtachilik, gilamdoʻzlik kabi sohalarga oid asarlar sanʼatsevarlar eʼtiboriga havola qilinib, tashrif buyurgan mehmonlar koʻrgazmadan ulkan zavqu shavq olishdi.
Koʻrgazmada kulollar — Alisher Nazirov, Baxtiyor Nazirov, Ismoiljon Komilov, Mavsum Mamajonov, Muhammadali Tojaliyev, kandakor va metallga badiiy ishlov beruvchi ustalar — Hasan Umarov, Zokir Gʻafurov, yogʻoch oʻymakorlari — Mirzayunus Umarov, Mahamatali Yunusov, Jamshid Madgʻoipov, badiiy toʻquvchi ustalar — Rasuljon Mirzaahmedov, Ibrohim Sultonov, kashtachi Nargiza Sherxoʻjayeva va gilamdoʻz usta Ilhom Davletovlarning noyob asarlari namoyish etildi.
Koʻrgazma tom maʼnoda bayramona ruhda oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻz ishini boshladi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring