“Askiya” bozorining yangi egasi aniqlandi

16:54 24 Dekabr 2024 Jamiyat
258 0

“E-auksion” platformasida Toshkentdagi “Askiya” bozorining mulkiy majmuasi sotuvga qoʻyilgan va birgina taklifning oʻzida sotuv yakunlangan.

Auksion atigi 15 daqiqa davom etgan va birgina taklif kiritilgandan soʻng yakunlangan. Uni “Sheng-Ke International” kompaniyasi amalga oshirib, boshlangʻich narxdan 5% yuqori boʻlgan 225,59 mlrd soʻmlik taklifni bergan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri maʼlumotlariga koʻra, ushbu nomdagi firma shu yilning may oyida tashkil etilgan va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bilan shugʻullanadi. Ustav kapitali 68 mlrd soʻm boʻlgan kompaniyaning yagona taʼsischisi Qozogʻistondan boʻlgan xuddi shu nomdagi MCHJ, rahbari esa Chen Maysyuan hisoblanadi.

Yakkasaroy tumani hokimligi 16-noyabr kuni bozorni rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etdi. Maʼmuriyat rahbari Nilufar Allabergenova loyihada ishtirok etishga qiziqqan bir nechta salohiyatli investorlar bilan muzokaralar oʻtkazilganini maʼlum qildi.

Yangi savdo majmuasi 3 ming kvadrat metrdan iborat ekobozor, muzlatkichli omborxona, shuningdek, eskalatorlar, panduslar, Wi-Fi nuqtalari, velosiped yoʻlaklari va koʻngilochar obyektlarni oʻz ichiga olishi kutilmoqda. Bundan tashqari, yaqin atrofda 4 yulduzli mehmonxona qurish rejalashtirilgan.

Shundan soʻng bozorning mulkiy majmuasi kimoshdi savdosiga qoʻyildi. Xaridordan bozorni rekonstruksiya qilish va uning hududida zamonaviy savdo-maishiy majmuani yaratish talab etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?