Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida narx-navo qatʼiy nazoratga olingan
Foto: Xalq so‘zi
Sir emas, anomal sovuqning kirib kelishi bilan yurtimiz boʻylab energiya taʼminoti va transport xizmati tizimida uzilishlar yuzaga keldi. Shuning barobarida bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi sezilarli oshdi. Bu muammolarni tizimli bartaraf etish, pirovardida xalqimizni rozi qilish yoʻlida hukumatimiz tomonidan tegishli choralar koʻrilmoqda. Xususan, joylarda kundalik zaruriy mahsulotlar taqchilligi va qimmatlashuvining oldini olish maqsadida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilgani ayni muddao boʻldi.
Biz Nukus shahridagi dehqon bozorida xizmat koʻrsatayotgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasida boʻldik.
Darhaqiqat, bu yerda kartoshka, piyoz, guruch va boshqa mahsulotlar anchagina arzon narxlarda xaridorlarga taklif qilinmoqda. Sifatidan esa koʻngil toʻladi. Shuning uchunmi, navbatda turganlarning safi uzilmaydi.
— Bozor maʼmuriyati tomonidan ushbu yarmarkadan joy ajratilib, xalqimizga arzon narxlarda savdo qilish imkoniyati yaratildi, — deydi piyoz sotuvchisi Miramxan Dospanova. — Toʻgʻrisi, sal oldin piyoz narxlari koʻtarila boshlaganda, arzon sotib xavotirga ham tushdik. Lekin oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosi hozir barqarorlashdi. Bizga ham viloyatlardan arzon narxda yetkazilmoqda va oʻz navbatida biz ham xaridorlarga imkon qadar arzon sotmoqdamiz.
Ellikqalʼa tumani dehqon bozorida tashkil etilgan yarmarkada esa asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari , chunonchi, kartoshka va piyoz 4 yarim ming soʻmdan, sabzi 2 ming soʻmdan sotilayotgani guvohi boʻldik. Bundan, tabiiyki, xaridorlar mamnun.
— Barcha mahsulotlar hamyonbop narxlarda sotilmoqda, — deydi ellikqalʼalik Gulbahor Seybullayeva. — Xonadonimizda kichik tadbir bor edi. Kunning sovugʻida bozorda narx-navo ham koʻtarilib ketgandir, deb xavotirda kelgandim. Yoʻq, kartoshka-piyoz va oʻsha oilaviy tadbirimiz dasturxoni uchun zarur boʻlgan barcha mahsulotlarni arzonlashtirilgan yarmarkadan oldim. Ayniqsa, savdo oʻrinlari terminallar bilan taʼminlanib, oziq-ovqat mahsulotlarini plastik kartalar orqali sotib olish imkoniyati yaratilgani bizga juda maʼqul boʻldi.
Qish nisbatan qattiq keladigan Orolboʻyi hududida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sifatli saqlash va aholiga arzon narxlarda sotilishini taʼminlash boʻyicha shahar-tuman hokimliklari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasidan masʼul xodimlar biriktirilib, nazorat tadbirlari qatʼiy olib borilayotgani maqsadga muvofiqdir.
— Bugungi kunda barcha tuman va shaharlardagi dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari barqaror ishlab turibdi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi boʻlim boshligʻi Sardor Yakubov. — Yarmarkalarda mamlakatimiz viloyatlaridan sarhil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari olib kelinishi va arzon narxlarda sotilishi taʼminlanmoqda.
Gʻ. OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring