Arzimas vajlar bilan buzib tashlangan Naqshbandiya tariqati kutubxonasi va muzeyi qachon qayta quriladi?

Foto: “Xalq soʻzi”
Dastavval Naqshbandiya tariqati muzeyi haqida. U Bahouddin Naqshbandning 675-yilligi munosabati bilan 1993-yilda Buxoro muzey-qoʻriqxonasi tarkibida tashkil etilgan.
— Tasavvuf ilmuning asosiy vazifalaridan biri insonni har jihatdan barkamol, yetuk, chin inson qilib tarbiyalashdan iborat ekanligini sayyohlarga atroflicha tushuntirib beryapmiz, — deydi muzey mudiri Alisher Iskandarov. — Maskanimizda 200 ga yaqin eksponat bor.
Muzeyning Bahouddin Naqshband majmuasidagi XVII asrga taalluqli madrasada joylashgani eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Tabiiyki, madrasa muzeybop qilib qurilmagan. Tor hujralarda eksponatlarni saqlash, avaylash aytishga oson. Qolaversa, bu koʻhna obidaning oʻzini tomosha qilganga nima yetsin?!
Maʼlum boʻlishicha, mustaqillik yillarida mazkur muzey va Naqshbandiya tariqati kutubxonasi uchun maxsus bino barpo etilgan. Juda katta mablagʻ evaziga qad rostlagan binoni bezash ishlarini tajribali ustalar bajarishgan. Ganchkorlik, yogʻoch oʻymakorligining ajoyib namunalari toʻplangan, sanʼat asari misol qiyofa kasb etgan binoning umri afsuski, qisqa boʻldi. Arzimas vajlar bilan uni buzib tashlashdi.

— Vaholanki, Bahouddin Naqshband qadamjosi ziyoratgohga aylanganidan buyon oʻtgan salkam 700-yil ichida bu yerda oʻz davrining zukko kishilari tomonidan masjidu madrasa, ayvonlar qurilgan. Bu manzildagi biror bir gʻishtga daxl yetmagan edi, — deydi Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta xodimi Komiljon Rahimov. — Gap shundaki, bino buzib tashlangach, muzey madrasaga koʻchirildi. Kutubxona esa...
Naqshbandiya tariqati kutubxonasi esa boshpanasiz qoldi. Aslida, bunday ziyo maskaniga ehtiyoj katta. Zero, majmuaga kelayotganlar, ayniqsa, yoshlar faqat ziyorat qilish bilan cheklanib qolmay, Naqshbandiya tariqatining mazmun-mohiyati, tasavvuf ilmi haqida ham tushunchaga ega boʻlishlari juda zarur. Bu barkamol avlod tarbiyasida asqatadi. Oʻgʻil-qizlarni qadriyatlarimizga hurmat ruhida diyonatli, maʼrifatli qilib oʻstirishda qoʻl keladi.

— Sir emas, keyingi toʻrt-besh yil orasida muqaddas qadamjolarni obod etishga juda katta eʼtibor qaratilyapti, — deydi K. Rahimov. — Buni “Yetti pir” qadamjolari, jumladan, Bahouddin Naqshband ziyoratgohi misolida ham koʻrishimiz mumkin. Ushbu manzildagi obodonchilik, bunyodkorlik ishlarini koʻrib hayratlanasan, kishi. Shu bilan birga “Qaniydi, Naqshbandiya tariqati kutubxonasi va muzeyi qayta qad rostlasa”, degan bir ezgu istak, orzu koʻnglimizdan oʻtadi.
Nazarimizda, bu joʻyali, foydali taklif. Zero, muzeybop bino qadimiy eksponatlarning umriga umr qoʻshish imkonini beradi, sayyohlarga qulaylik yuzaga keladi. Kutubxona esa tariqatning magʻzini chaqishimizda koʻmakchi boʻladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring