“Arsenal” eng koʻp zarar qildi, eng katta foyda koʻrgan klub esa...

15:19 04 Sentyabr 2025 Sport
1242 0

2-sentyabr kuni Angliya Premyer ligasi klublari uchun yozgi transferlar oynasi yopildi. 80 kun davom etgan transferlar mavsumida APL jamoalari 3,5 milliard yevro‌dan ortiq mablagʻga xaridlarni amalga oshirishdi. Shuningdek, oʻz futbolchilarini boshqa klublarga 2 milliarddan ortiq summaga sotishni ham uddalashdi.

Bugun yozgi transferlar oynasida Angliya Premyer ligasining eng koʻp foyda koʻrgan 5 ta va eng koʻp zarar koʻrgan 5 ta klubini koʻrib chiqamiz.

Zarar koʻrgan klublar

“Arsenal”

Yangi mavsumda oʻz oldiga chempionlikni maqsad qilib qoʻygan Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa yozgi transferlari uchun 293,5 million yevro sarfladi. Taʼkidlash kerakki, jamoa Zubimendi, Gyokeres, Eze va Madueke kabi nomdor futbolchilar bilan shartnoma imzoladi.

Shuningdek, “toʻpchilar” jamoani tark etgan futbolchilarning transferlaridan 10,3 million yevro ishlab topdi. Tavaresning “Latsio”ga oʻtishi va Markinyosning Braziliyaga qaytishi bu pullarning asosiy qismini tashkil qildi.

Yakunda “Arsenal” klubi yozgi transferlar oynasini 283,2 million yevro zarar bilan tugatdi. Bu joriy yilgi eng yomon natija hisoblanadi.

“Liverpul”

Chempionlikka asosiy daʼvogar sifatida eʼtirof etilayotgan “Liverpul” klubi yozgi transferlar oynasida butun dunyo boʻyicha eng koʻp pul sarflagan jamoa boʻldi. Taʼkidlash joizki, klub yozda amalga oshirgan 2 ta transferi futbol tarixida amalga oshirilgan eng qimmat 10 ta transfer roʻyxatidan oʻrin oldi.

“Mersisaydliklar” yozda Icak, Ekitike, Virs, Kerkez, Frimpong kabi futbolchilar uchun jami 487,9 million yevro sarfladi.

Lekin jamoa “Liverpul”dan ketgan futbolchilarni ham yaxshi summaga sotishga erishdi. Jumladan, Luis Diasni “Bavariya”ga 70 million yevro evaziga, Darvin Nunyesni esa “Al-Hilol”ga 53 million yevroga sotishdi. Umumiy hisobda klub futbolchilarining sotuvidan 219,5 million yevro ishlab oldi.

Shunday qilib, “mersisaydliklar”ning yozgi transferlar oynasidagi yakuniy zarari 268,4 million yevroni tashkil qildi.

“Manchester Yunayted”

“Manchester Yunayted” har doim transferlar bozorida faolligi bilan tanilgan. Bu yilgi mavsum ham istisno boʻlmadi. Klub yozda Mateus Kunya, Brayan Mbeumo va Benjamin Sheshko kabi futbolchilarni sotib oldi. Shu va boshqa transferlar uchun jami 250,7 million yevro sarflandi.

Shuningdek, jamoani yozda 10 dan ortiq futbolchi tark etdi. Ularning asosiy qismi erkin agent sifatida ketishdi va “qizil iblislar” faqatgina Antoni va Garnacho transferi hamda Rasmus Xyoylundning ijara shartnomasidan 74,2 million yevro ishlab oldi.

Yakunda Amorim jamoasining yozgi transferlar oynasidagi sof zarari 176,5 million yevroni tashkil etdi.

“Tottenhem”

“Tottenhem” ham bu mavsumda “ishtahasi karnay” klublardan biri boʻldi. Yevropa ligasining amaldagi chempionlari ham yozda qator yaxshi transferlarni amalga oshirdi. Jumladan, Mohammed Quddus, Danso, Vuskovich, Simons va Mateus Tel kabi futbolchilar klubga keldi. Ularning umumiy transferlari uchun esa Tomas Frank boshchiligidagi jamoa 210,6 million yevro sarfladi.

Jamoani yozda 13 nafar futbolchi tark etdi. Ulardan uchtasi klubga moddiy foyda keltirdi. Brayan Xil, Son Hыn Min va Pyer-Emil Hyoybyergning transferlaridan jami 41,5 million yevro daromad olindi.

Shu tariqa, “Tottenhem” ham yozgi transferlar oynasini zarar bilan yakunladi. Bu zarar miqdori 169,1 million yevroni tashkil etdi.

“Sanderlend”

10-yildan soʻng Angliya Premyer ligasiga qaytgan “Sanderlend” klubi yangi mavsum oldidan oʻz tarkibida jiddiy oʻzgarishlar qildi. Jamoa “Strasburg”, “Roma”, “Brayton”, “Ayaks”, “Bayer Leverkuzen”, “Xetafe” kabi klublardan jami 11 nafar futbolchini sotib oldi. Ushbu transferlar uchun liga debyutanti jami 187,9 million yevro sarfladi.

Shuningdek, “Sanderlend” yozda 4 nafar futbolchisining transferi orqali pul ishlab topishga muvaffaq boʻldi. Nektarios Triantis, Pyer Ekva, Tom Uotson va Jobe Bellinghem kabi futbolchilarning boshqa klublarga oʻtishi klubga 51 million yevro daromad keltirdi.

Shunday qilib, jamoaning yozdagi umumiy zarari 136,9 million yevroga yetdi.

Foyda koʻrgan klublar

“Bornmut”

Foyda koʻrgan jamoalar roʻyxatida “Bornmut” klubi yetakchilik qilmoqda. Jamoa yozda Diaki‌te, Petrovich, Ben Doak va boshqa futbolchilar bilan shartnoma imzoladi hamda bu transferlar uchun jami 138,1 million yevro sarfladi.

Jamoa yozda oʻz yetakchilari Ilya Zabarniyni PSJga, Din Hyoysenni “Real Madrid”ga, Milosh Kerkezni “Liverpul”ga sotishga erishdi. Shuningdek, yana 7 nafar futbolchining transferi klubga daromad olib keldi. Umumiy hisobda “Bornmut” yozgi transferlaridan 238,4 million yevro ishlab oldi.

Shu tariqa, klubning yozda ishlab topgan umumiy foydasi 100,3 million yevroga yetdi.

“Brayton”

“Brayton” klubi odatda transferlar bozorini foyda bilan yopishiga oʻrganib qolganmiz. Bu gal ham shunday boʻldi. Jamoaga yozda 6 nafar futbolchi qoʻshildi va ularning transferlari uchun 80 million yevro sarflandi.

Shuningdek, jamoani yozda Joao Pedro, Xulio Ensiso, Pervis Estu‌pinyan, Simon Adi‌ngra va boshqa yetakchilari tark etdi. Ushbu futbolchilarning transferlaridan klub 155 million yevro ishlab oldi.

Shunday qilib, jamoaning yozda ishlab olgan sof foydasi 75 million yevroga teng boʻldi.

“Brentford”

Oʻzbekistonlik futbolchi Muhammadali Oʻrinboyevning sobiq jamoasi eng koʻp foyda qilgan APL klublari roʻyxatida uchinchi oʻrinda turibdi. Jamoa yozda “Liverpul”, “Fiorentina” va boshqa klublardan 5 nafar futbolchi sotib oldi. Ushbu transferlar 98,7 million yevroga tushdi.

Shuningdek, jamoa oʻz yetakchilari Brayan Mbeumo va Yoan Vissani katta mablagʻga sotishga muvaffaq boʻldi. “Brentford” yozda tark etgan futbolchilarning transferlaridan jami 155,3 million yevro ishlab oldi.

Jamoaning yozda ishlab topgan umumiy foydasi 56,6 million yevroga yetdi.

“Kristal Pelas”

Londonning “Kristal Pelas” jamoasi ham transferlar oynasini foyda bilan yopgan klublar qatoridan joy oldi. Yulduz tayyorlab sotish boʻyicha ancha-muncha klublarga darz oʻtib berishi mumkin boʻlgan Oliver Glasner jamoasi bu yil ham oʻz yoʻlida davom etdi.

Yozgi transferlar davrida jamoaga 4 nafar futbolchi kelib qoʻshildi. Klub ularning 3 nafari uchun jami 55,3 million yevro sarfladi.

Biroq transferlar oynasini foyda bilan yopish uchun London klubiga birgina bitta transferning oʻzi yetarli boʻldi. Eberechi Eze “Arsenal” klubiga 69,3 million yevro evaziga sotildi. Shuningdek, Odsonn Eduarning “Lans”ga oʻtishi klubga 3,7 million yevro daromad keltirdi.

Shu tariqa, klub yozgi transferlar davrini 17,7 million yevro foyda bilan yakunladi.

“Chelsi”

Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati gʻolibi ham yozgi transferlar oynasini foyda bilan yopdi. Odatda “Chelsi” klubi meʼyoridan koʻp futbolchilarni sotib olishi va ularga katta mablagʻ sarflashi bois matbuot va muxlislar orasida koʻp tanqid qilinadi. Ammo “aristokratlar”ning strategiyasi aniq matematik hisob-kitoblarga asoslangani uchun klub har 5-yillik hisobotida transferlardan foyda koʻrayotgani qayd etiladi.

Bu yil ham jamoa yozda Joao Pedro, Garnacho, Gitters, Delap kabi bahosi 10 million yevrodan kam boʻlmagan 9 nafar futbolchini sotib oldi. Ular uchun umumiy hisobda 328,15 million yevro sarflandi.

Ammo jamoa ortiqchalik qilib qolgan Joao Feliks, Nikolas Jekson, Kepa Arrisabalaga, Kristofer Nkunku, Noni Madueke kabi jami 13 nafar futbolchisini transfer qildi. Ushbu savdolardan klub gʻaznasiga 332,15 million yevro kelib tushdi.

Shu tariqa, klub yilni 4 million yevro foyda bilan yopdi.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер