“Arqadagʻ” protokoldan chetga chiqib, Shavkat Mirziyoyevni shaxsan kuzatib qoʻydi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 5-avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun Turkmanistonga bordi. Mazkur konferensiya doirasidagi tadbirlar yakunlangach, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakatda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Oʻzbekiston Prezidentini aeroportda shaxsan kuzatib qoʻydi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyevning Kaspiy boʻyidagi Avazaga amaliy tashrifi Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlarining oʻziga xosligini yana bir bor tasdiqladi.
“2017-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani bejiz emas. Oʻtgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning saʼy-harakatlari tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar butunlay yangi darajaga koʻtarildi. Bugun Oʻzbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda chinakam yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir”, deb yozadi Prezident matbuot kotibi.
Asadovning taʼkidlashicha, BMT konferensiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” ordeni bilan taqdirlangani ham ikki davlat oʻrtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi.
“Darvoqe, soʻnggi yillarda Prezidentimiz qoʻshni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor boʻldi. Qozogʻistonning “Oltin qiran” va “Doʻstlik”, Qirgʻizistonning “Danaker”, Tojikistonning “Zarrintoj”, Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning “Respublika” ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.
Albatta, bu mukofotlarning har biri faqatgina Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga berilgan baho emas. Ularning ortida davlatimiz rahbarining hamkasblari, hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan birgalikdagi samarali mehnati turadi. Ana shunday hamjihatlik tufayli Markaziy Osiyo bugun raqobat emas, balki hamkorlik makoniga aylanib borayotganida ularning ham xizmatlari beqiyos”, deydi u.
Qoʻshimcha qilinishicha, bu mukofotlar Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatda ishonchli, masʼuliyatli va tashabbuskor hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat strategiyasi balandparvoz bayonotlarga emas, balki aniq amaliy harakatlarga: oʻzaro kelishuvlar, qoʻshma loyihalar, ochiq chegaralar, yangi transport yoʻlaklari va muloqot maydonlariga tayanadi.
“Bularning barchasi – xalqimiz hayotini yaxshilash va farovonligini yuksaltirish uchun”, deydi Asadov.
Shu nuqtayi nazardan, Turkmaniston ordenining berilishi rasmiyatchilik emas, balki Oʻzbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni taʼminlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasining eʼtirofidir. Bu shunchaki mukofot emas, balki global beqarorlik, ishonch taqchilligi va xatarlar fonida Oʻzbekiston va uning hamkorlari mintaqada yaratayotgan barqaror muhit katta qadriyatga aylanayotganiga ishora.
“Ana shu barqarorlikni kim taʼminlayotgan boʻlsa, uning mehnati munosib eʼtirofga loyiq”, deb yozadi Oʻzbekiston Prezidenti matbuot kotibi.
Tashrifning yana bir taʼsirli lahzasi “Arqadagʻ” Turkmanistonda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Prezidentimizni aeroportda shaxsan kuzatib qoʻygani boʻlgan. Sherzod Asadovning taʼkidlashicha, bu oʻzaro hurmatga asoslangan samimiy va doʻstona munosabatlarning, xalqlarimiz oʻrtasidagi chinakam qardoshlik rishtalarining bebaho namunasidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring