“Arxeologiya ustuni” Edvard Rtveladze tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan kecha boʻlib oʻtdi
Arxiv surat
Bugun Kinochilar uyida atoqli olim, arxeolog, akademik, tarix fanlari doktori, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarda” loyihasining ilmiy rahbari Edvard Vasilevich Rtveladze tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan tashkil etildi. Xotira kechasi “Eriell Group” neft-servis kompaniyasi homiyligida tashkil etildi.
Unda Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov «Edvard Rtveladze xotirasi» nomli xotira kitobining dastlabki pilot nashrini taqdim etdi. Kitob olimning hamkasblari, doʻstlari, oila aʼzolari va yaqinlari tomonidan yozilgan 50 dan ortiq maqolani oʻz ichiga olgan.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi tahrir kengashi raisi, akademik Akmal Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va madaniy merov vaziri Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, Gruziyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zurab Abdushelishvili ishtirok etdi.
Edvard Rtveladze Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini, Buyuk Ipak yoʻlining eski va yangi yoʻllarini tadqiq etgan. Olim Oʻzbekistonda va xorijda chop etilgan 800 dan ortiq ilmiy maqolalarga mualliflik qilgan.
Olim ilmiy faoliyati davomida davlatimizning yuksak mukofotlari — Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti, 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun”, 2003-yilda “Mehnat shuhrati”, 2017-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, u Gruziya Respublikasining sharaf ordeni — «Girdebis Oredeni» loyiq koʻrilgan.
Edvard Rtveladzening soʻnggi yillardagi eng mashhur arxeologik kashfiyotlardan biri miloddan avvalgi IV oxirida asos solingan Oks Aleksandriyasidir. Qadimiy shahar milodiy I asr boshlarigacha Surxondaryo hududida mavjud boʻlgan.
Olim Oʻrta Osiyo va Shimoliy Kavkazda 100 dan ortiq arxeologik ekspeditsiyalarda qatnashgan. Rtveladze 1990-yillar oxirida Toxariston arxeologik ekspeditsiyasini tuzib, qadimiy Kampirtepa manzilgohida tadqiqotlarni qayta tiklagan, bu yerda Oʻrta Osiyo arxeologik amaliyotida birinchi marta aholi punktining toʻliq ochilishi amalga oshirilgan, uning joylashuvi va Kushonlar davriga oid shahar tuzilmasi aniqlangan.
Soʻnggi yillarda E. Rtveladze “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining ilmiy rahbari vazifasini bajargan. Uning rahbarligida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumiga oid 50 ta kitob-albom nashr etilgan.
Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati loyihalari doirasida “Oʻzbekistonning meʼmoriy epigrafikasi”, “Tarixiy kutubxona”, “Oʻzbekistonning atoqli olimlari” turkum kitoblari ustida ham ishlagan.
2020-yil aprel oyida olimning rafiqasi, arxeolog va arxivchi Lidiya Rtveladze vafot etadi. Edvard Rtveladze oʻzining yaqinda nashr etilgan «Lidiya Lvovna Rtveladze. Hayot, ilm, oila» kitobini rafiqasining xotirasiga bagʻishlagan edi. Edvard Rtveladze joriy yilning 10-fevralida vafot etgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring