Ark qoʻrgʻonidan qabr toshi boʻlagi topildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxorodagi qadimiy Ark qoʻrgʻonida taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borayotgan ustalar qabr toshi parchasiga duch kelishdi. Tabiiyki, bu topilma bizni ham qiziqtirib qoʻydi.
— Uzoq yillik faoliyatim davomida shunga ishonch hosil qildimki, Buxoroning har bir qarich tuprogʻi muqaddas, — deydi 74 yoshli restavrator-usta Karim Tolibov. — Men butun boshli uy-joylar, binolarning poydevori ostidan sagʻana toshlari chiqdi, deyishsa sira ajablanmayman. Manbalar shahrimizda XX asr boshlariga qadar oʻttizdan ziyod qadimiy qabriston boʻlganidan xabar beradi. Hozir ham eski shaharning tor koʻchalari boʻylab yursangiz yoʻl cheti yoki hovlilarda avliyolar qabrini koʻrasiz. Shogirdlarimiz tomonidan topilgan tosh parchasiga kelsak, undagi yozuvni oʻqish foydadan xoli emas.
Keksa restavrator maslahatiga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, sharqshunos, manbashunos, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimovga murojaat qildik. Buxoro tarixi, xususan, tasavvuf ilmini chuqur oʻrganayotgan olim bu qaysidir bir amirning qabrtoshi ekanligini, arab tilida goʻzal suls xatida bitilganini, afsuski, unda ism-sharif saqlanmaganini, faqat epitet, yaʼni oʻsha shaxsning fazilatlari tasvirlangan soʻzlarning ayrimlari bizgacha yetib kelganini taʼkidladi.
— Tosh parchasida (Hazal – mar) qad al-amir al-amjad... ad-davlat vad-din...” soʻzlarini oʻqish mumkin, — deydi K. Rahimov. — Tarjimasi “Bu qabrtosh buyuk amir... davlat va din ( suyanchi)...” dan iborat. Boshqa soʻzlar oʻchib ketgan. Shuning uchun ular oʻrniga nuqtalar qoʻyildi.
Olim shu topilma bahonasida joʻyali bir taklifni ham oʻrtaga tashladi.
— Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasida patnis, kosa-tovoq, choydoʻsh, matoga tushirilgan bitiklar, yozuvli ashyolar koʻp, — deydi u. — Ularni oʻrganish, tadqiq qilish va shular asosida kitob-albom tayyorlash foydadan xoli emas. Shunday qilinsa, xalqimiz boy maʼnaviy merosining ajralmas bir qismi sanalgan bu yozuvlar mazmun-mohiyatidan nafaqat bugungi, balki kelgusi avlodni ham bahramand etgan boʻlur edik. Ajdodlarimizning turmush tarzi, anʼana va urf-odatlari haqidagi tasavvurlarimiz kengayardi. Bu xorijiy sayyohlarda ham qiziqish uygʻotishi tayin.
Bu oʻrinli taklif, albatta. Soha masʼullari shu haqda oʻylab koʻrishadi, degan umiddamiz.
Darvoqe, olimning aytishicha, restavrator-ustalar tomonidan topilgan tosh poligrafik jihatdan XIII asrga daxldor tuyulyapti. Binobarin, u qadr-u qiymatli ashyo sifatida muzey eksponatlari qatoridan oʻrin olsa ajab emas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring