AQSHlik vatandoshimiz Jon Toshmatov: IT-sohasida dastur tilini bilsangiz, istalgan joyda ishlay olasiz

08:21 30 Aprel 2020 Jamiyat
3863 0

Xorijda yashaydigan vatandoshlarimizning hayoti va faoliyati koʻpchilik uchun qiziq. Suhbatdoshimiz, oʻz sohasida muvaffaqiyatlarga erishgan, asli fargʻonalik boʻlgan Jon Toshmatov bugungi kunda AQSHda yashaydi. Vatandoshimizning IT sohasidagi muvaffaqiyat sirlarini bilish uchun u bilan bogʻlandik.

• Qahramonimiz 1976-yil Fargʻona viloyati Furqat tumanining Navbahor shaharchasida tugʻilgan.

• 1983-yildan 1994-yilgacha Navbahorning 14-oʻrta maktabida taʼlim olgan.

“IT-sohasi chegara bilmaydi”

– Avvalo oʻzingiz haqingizda maʼlumot bersangiz, IT sohasini oʻrganish uchun qaysi dargohlarda taʼlim olgansiz?

– Maktabni bitirganimdan soʻng, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga hujjat topshirganman, lekin afsuski, ballarim yetmadi va oʻqishga kira olmadim. Keyingi yil Fargʻona politexnika universitetiga oʻqishga kirish nasib etdi. U yerda 1998-yilgacha oʻqib, soʻng AQSHning oʻqish va malaka oshirish dasturi boʻyicha Kaliforniya politexnika universitetiga oʻqishga kirdim. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganimdan soʻng Ayova shtatidagi Klark universiteti kompyuter texnologiyalari yoʻnalishida bakalavr tizimini bitirganman va soʻngra Florida shtatining Seynt-Liyo universitetida magistr tizimida ham oʻqidim.

– Maktabda qaysi fanlarga qiziqqansiz? Ustozlaringiz haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz...

– Maktabning boshlangʻich davrida ijtimoiy va gumanitar fanlarga qiziqishim koʻproq edi. Keyinchalik tabiiy fanlarga, matematika, algebra, algoritm, ehtimollik nazariyasi va fizika kabi fanlarga qiziqa boshladim. Oʻrta maktab kelajakda ilm olish yoʻlimdagi rejalarimga poydevor boʻlgan deya olaman. Bunda oʻqituvchilarimizning roli juda katta. Shu sabab haligacha oʻqituvchilarimni juda yaxshi xotiralar bilan yodga olaman. Asosiy qiziqib shugʻullanadigan fanlarim: geografiya, matematika fizika va ingliz tillari boʻlgan. Oʻqituvchilarim Saida Sultonovna – matematika va algebra, Sarofat Qulovna – geografiya va tarix, Nina Sergeyevna – ingliz tili, Rashid Karkayev – fizika fanlaridan saboq berib, shaxsiy taraqqiyotimda juda katta taʼsir koʻrsatishgan.

Oʻqituvchilarimdan Saida Sultonovna matematikadan nafaqat fundamental bilim berardilar, balki matematikaning dunyo rivojiga qoʻshgan hissasini ham oʻrgatardilar. Yunon buyuk matematik va fiziklari, jumladan, Aristotel, Arximed, Geraklit va albatta, buyuk matematik-astronom, algoritm qiroli boʻlmish bobokalonimiz Al Xorazmiylar tarixini ham oʻrganardik.

Hozirgi kundagi matematika, algoritm va qolaversa, axborot texnologiyalari tizimining rivojlanishida ularning katta hissasi bor. Matematika va algebra fanlarida men koʻproq eʼtiborimni shu asosiy funksiyalar va teoriyalar yordamida, haqiqiy mukammal protsesslarni yechishga qaratganman. Keyinchalik chiziqli algebra funksiyalarini, trigonometrik funksiyalarni ham mukammal oʻrganish nasib egan. Xotiramda qolgan eng qiziq mavzulardan biri bu qanday qilib matritsada detomini va Fibonachchi sonlarini yechish mavzusi edi. Chunki hozirgi kunga qadar shu funksialardan oʻz kasbimda foydalanib kelmoqdaman. Biz oʻsha davrda Al Xorazmiy kitoblarini havas bilan oʻqirdik. Keyinchalik AQSHga kelganimda Al Xorazmiyning “Kitab Al Jabr va Muqabala ” kitobini oʻqish nasib etdi. Geografiya fani oʻqituvchim Sarofat Qulovna ham juda yaxshi inson edilar. Geografiya fani dunyo qarashimni har tomonlama oʻzgartirgan. Dunyo xaritasiga bir qarab, qaysi davlat qaysi qitʼada joylashgan va ularning poytaxtlari, geografik relyef va siyosiy davlat strukturalarigacha aytib bera olardim. Quyosh tizimini, sayyoralar, galaktikalar, meteor va asteroidlar haqida ham bilimga ega boʻlganmiz.

Fizika va kimyo fanlari oʻqituvchimga keladigan boʻlsak, Kapkayev Umar Rashidovich darslarni juda qiziqtirib oʻtardilar. Fizikadan koʻproq klassik mexanika harakatlari qonunini, elektromagnetizm, yorugʻlik va termodinamikaga koʻproq eʼtibor berganlar. Aynan oʻrta maktabdan boshlangan qiziqishim, hozirga qadar xotiramda qolgan. Kimyo darsida shu oʻqituvchimning bir juda muhim qiyoslash misoli yodimdan sira chiqmaydi. Imtihon jarayonida oʻqituvchim mendan “Toshmatov, qani, ayting-chi, nega suv maʼlum bir darajaga kelganda qaynashni boshlaydi?” deb soʻradi. Men dars jarayonida oʻrgangan formulalarni keltirib, “qaynayotgan suv isitish tizimida maksimal haroratga yetganidan soʻng u oʻz haroratini boshqa koʻtarmasligi sabab qaynaydi”, deb javob berdim. “Keling, men sizga osonroq qilib tushuntirib beraman. Tasavvur qiling, kostryulga suv toʻldirdingiz. Suv nimalardan iborat? Suv – molekula va atomlardan iborat. Endi qarang, molekula va atomlarni biz yumoloq shaklda deb hisoblaydigan boʻlsak, suvda ularning soni milliondan koʻp boʻladi. Agar siz kostryulni suv bilan toʻldirsangiz, demak, ichida qatorma-qator molekulalar ustma-ust taxlanib turadi degani. Shu holda kostryul tagidan olov yoqilganda, metal qizishni boshlaydi va maʼlum bir haroratga kelganda, eng pastki qatordagi molekulalarning oyoqlari qiziydi va ular sakrashni boshlaydilar. Natijada yelkalari bilan tepada turgan molekulalarni turtkilaydi. Shunday qilib biz suv qaynash effektini tomosha qilishimiz mumkin”, dedilar. Oʻqituvchimiz shunaqa ajoyib misollar bilan dars oʻtardilar Shu sabab maktab davri koʻplab qiziq va esda qoladigan tajribaga boy boʻlgan.

– Bolalikdan qaysi kasb egasi boʻlishni orzu qilgansiz? Bu orzungiz keyinchalik oʻzgardimi?

– Har bir inson yoshligidan juda koʻp kasblarni orzu qiladi, shu jumladan men ham. Masalan, bir paytlar astronavt boʻlishni orzu qilganman, keyinchalik futbolchi boʻlaman deganman, bundan tashqari, aktyorlikka ham qiziqib, hatto shu yoʻnalish boʻyicha oʻqishga ham kirmoqchi boʻlganman. Oxirgi yillarda dunyoning iqtisodiy va siyosiy xaritalari oʻzgarishi sabab, koʻproq xalqaro iqtisodiy aloqalarga qiziqa boshladim. Lekin baribir matematika va fizikaga boʻlgan qiziqishim ustunlik qilib, texnologiya, yaʼni texnika va kompyuter yoʻnalishini tanlaganman.

– AQSHga nima maqsadda borgansiz? Hozirda koʻpchilik havas qiladigan natijalarga erishdingiz, muvaffaqiyatingiz siri nimada deb oʻylaysiz?

– AQSHga oʻqish va tajriba orttirish niyatida kelganman. Bilmadim, hamma havas qiladigan darajaga yetdimmi yoki yoʻq, lekin AQSHda men nufuzli universitet va oʻquv markazlarida tahsil olishga muvaffaq boʻldim. Katta-katta kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirdim, hozirda esa Nyu-York shahrida oʻz vatandoshlarimga informatsion texnologiyalar boʻyicha taʼlim berib kelmoqdaman. Amerika imkoniyatlarga boy davlat boʻlishi bilan birga, oʻziga xos raqobat kuchiga ham ega. Oʻz tajribamdan kelib chiqqan holda hozirda ish yuritish boʻyicha oʻziga xos uslubga egaman.

Feʼlimda taslim boʻlmaslik bor. Har bir qilayotgan ishingizda, albatta, toʻsiqlar uchraydi, boshida oʻxshamasligi mumkin, lekin odam taslim boʻlmasdan yoʻlida davom etsa, menimcha hamma narsaga erishsa boʻladi. Keyinchalik oʻz tajribangizga ega boʻlganizdan soʻng, ogʻir mehnat aqliy mehnatga oʻtadi, oʻshanda siz oʻz ishingiz ustasiga aylanib borayotganingizni tushunasiz.

– Bugungi biznes faoliyatingiz haqida soʻzlab bersangiz. U nimalardan iborat?

– Bugungi kunda AQSHning Nyu-York shahrida vatandoshlarimiz soni koʻpayib bormoqda. Barchamizga maʼlum, AQSHda vatandoshlarimiz oʻzlari tanlagan kasblarini davom ettirishlari juda qiyin. Buning uchun tilni mukammal bilish va 4-5 yillik bakalavr tizimida oʻqish lozim. Shuning uchun men qisqa muddatli, yaʼni 6-9 oy oraligʻida oʻqish mumkin boʻlgan IT-kurslarini ochganman. Vatandoshlarimga IT sohasida kerakli boʻladigan bilimlarni oʻrgataman. IT sohasi juda keng qamrovli, tibbiyot, jurnalistika, sport, haydovchilik, biznes yuritish va yana koʻplab kasblarni oʻz ichiga oladi. Koʻplab vatandoshlarimiz tibbiyot sohasiga qiziqqan holda oʻzlari tanlagan yoʻnalish boʻyicha IT-texnologiyalarni oʻrganib, ishlab kelishmoqda.

– AQSHda biznes ochish ancha oson deyishadi. Biroq raqobatning kuchi natijasida aksariyat kompaniyalar tanazzulga yuz tutar ekan. Aynan raqobat muhiti haqida fikringizni bilmoqchi edik.

– AQSHda biznes ochish baʼzi bir mamlakatlarga qaraganda osonu, lekin oʻziga yarasha murakkab roʻyxatdan oʻtish tartiblari bor. AQSH hukumati har bir tadbirkorga imkoniyat beradi, imkon berishga harakat qiladi. Tadbirkor avvalambor, biznes ochishdan oldin oʻz mahsuloti yoki servisining bozorini va raqiblari faoliyatini oʻrganishi zarur. Raqobat borki, takomillashish bor. Bu erkin bozorning rivojlanishiga yoʻl ochadi. Muvaffaqiyatga erishish uchun korxona, albatta, quyidagi asosiy tamoyillarga eʼtibor berishi zarur deb oʻylayman: mijozlarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, mahsulot yoki xizmat koʻrsatish sifatini xalqaro standartlar boʻyicha olib borish, innovatsiya va kelajak texnologiyalariga sarmoya qilish, mijozlar bilan aloqa qiladigan vositalar yoki portallarni qurib borish, ishga olish tartibini eng yuqori darajasini yoʻlga qoʻyish va har bir nomzodga ishga olish jarayoni va ish davomida yordam berish. Bundan tashqari ishchilar yillik sinov va suhbatlardan oʻtishi lozim. Ish joylarida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻlimlari yoki koʻrsatmalari boʻlishi zarur. Har bir dam olish yoki oshxona hamda ish joyida mehnat vazirligining yangiliklari ilingan boʻlishi kerak. Boshqaruv xodimlari va ishchilari bilan tez-tez muloqotda boʻlib, oylik yoki haftalik majlislarini oʻtkazib turish ham foydali deb oʻylayman.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHga borganda vatandoshlarimiz bilan uchrashgandi, oʻsha uchrashuvda siz ham qatnashganmidingiz?

– Hurmatli prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif buyurganida men boshqa shtatda xizmat safarida edim. Afsuski, shu sabab koʻrishish nasib etmadi.

– Oʻzbekistonda ham biznes ochish niyatingiz bormi va u qaysi sohada boʻladi?

– Oʻzbekistonda biznes ochish niyatim bor. IT-oʻquv markazini ochmoqchiman. Unda malakali dasturchilarni tayyorlab, dunyoning barcha rivojlangan malakatlaridan mijozlar topib, Oʻzbekiston dasturchilarini ish bilan taʼminlash va Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman.

– Oilangiz, ota-onangiz va farzandlaringiz haqida gapirib bersangiz. Farzandlaringiz oʻzbek tilini bilishadimi?

– Otam Halimjon Toshmatov 2012-yilda olamdan oʻtgan. Onam Saboxon Toshmatova bizning baxtimizga sogʻ-omonlar. Oilada bosh farzandman, uchta singlim va bitta ukam bor. Oʻzimning toʻrt nafar farzandim bor, katta qizlarim Evelina va Kamila Ayova shtatida yashashadi. Kichik qizlarim Lola va Soliha. Ular oʻzbek tilida bemalol gaplasha olishadi.

– Vatan sogʻinchi qiynaydimi? Oʻzbekiston deganda koʻz oldingizga birinchi boʻlib nima yoki kim keladi?

– Toʻgʻrisini aytsam, boshida sogʻinch boʻladi, ota-onani, uyni, tugʻilib oʻsgan koʻchalar va maktabimni qattiq sogʻinardim. Lekin vaqt oʻtib, odamzod hamma joyga va har xil sharoitga koʻnikar ekan. Oʻzbekistonimizning toʻylarini, bayramlarini va xalqimizning mehrini sogʻinaman. Oʻzbekiston deganda koʻz oldimga avvalambor kindik qonim toʻkilgan ona tuprogʻim keladi. Har bir yurtidan uzoqda boʻlgan inson ona vatan sogʻinchi bilan yashaydi. Shu sabab men ham hamma narsani va har kimni sogʻinib yashayman.

– Oʻzbekistonlik yoshlar juda harakatchan, bu intervyu ularni ilhomlantirishi, shubhasiz. Siz kabi muvaffaqiyatga erishgan insonlar maslahati ularga juda asqatadi va motivatsiya beradi. Ularga qanday tavsiyalar bergan boʻlardingiz?

– Oʻzim ham yoshligimdan juda intiluvchan va harakatchan boʻlganman, aynan shu xislatim erishgan muvaffaqiyatlarimga sabab boʻlgan deya olaman. Yoshlarimizga har doim ilm yoʻlida harakat qiling va zamonaviy bilimlari oʻrganing, degan boʻlardim. Hech qachon xato qilishdan qoʻrqmang. Koʻplab yutuqlar xatolar evaziga keladi. Oʻzim doim rioya qiladigan bir shior bor: “Aqlli odam oʻz xatolardan saboq oladi, aqlliroq odam esa boshqalarning xatosidan saboq oladi, ammo dono odam boshqalarning muvaffaqiyatidan oʻrganadi”. Hech qachon erishgan darajangizda toʻxtab qolmang, har doim yana-da balandroqqa koʻtarilishga intiling. Kelajakka qandaydir meros qoldirishga intilib yashash kerak.

– “My IT Education” kompaniyasining kelajagini qanday koʻrayapsiz? Sir boʻlmasa, kompaniyaning asosiy jihatlari nimadan iborat? Haqiqatdan ham toʻrt yillik oʻqish davomida olinadigan bilim va koʻnikmalarni olti oyda oʻrganish mumkunmi? Shu paytga qadar nechta shogird chiqardingiz va ular qayerlarda faoliyat koʻrsatishyapti? Oʻzbekistondan turib ham oʻquv markazingizda onlayn taʼlim olsa boʻladimi?

– “My IT Education”ning oldiga qoʻygan asosiy maqsadi, bu AQSHdagi vatandoshlarga IT sohasining fundamental bilimini oʻrgatish va ularga shu soha boʻyicha ish topish malakasini tushuntirish. Hozirgi “My IT Education” markazida taʼlim olganlardan beshtasi Zend Sertifikat Muhandisi unvoniga ega boʻldi va bir nechtasi shu sohada ishlab kelmoqda. Faoliyatimizni yaqinda boshlaganimiz sababli, hali natijalarimiz u darajada katta emas. Agar toʻrt yillik bakalavr tizimini oʻqib bitirish uchun oʻrtacha 120 ta kredit kerak boʻlsa, oʻshaning yarmidan koʻpi taʼlimning umumiy darslari hisoblanadi, yaʼni tarix, ingliz tili va shu kabi gumanitar fanlar kiritiladi. “My IT Education” da biz faqat kompyuter sohasiga kerakli boʻlgan fanlarga eʼtiborimizni qaratamiz va koʻproq haqiqiy loyihalar ustida ishlash boʻyicha tajriba oshiramiz. Hozirda biz: HTML, CSS, JavaScript, JQuery, Angular, Bootstrap, PHP, SQL, AWS va yana koʻplab dasturlash darsliklari bilan vatandoshlarimizga taʻlim berayapmiz. Va dastur oxirida talabalarga rezyumelar yozish va ish suhbatlariga tayyorlanishda koʻmaklashamiz. Oʻzbekistondagilar ham albatta, bizning kurslarda onlayn ravishda taʼlim olishi mumkin, bunga faqat kompyuter va internet boʻlsa bas.

– Hozir butun dunyo karantinda, yoshlarga karantin paytida nimalar bilan mashgʻul boʻlishni tavsiya etgan boʻlardingiz?

– COVID-19 dunyoga kelgan bir balo boʻldi deb oʻylayman. Karantin paytida uyda oʻtirish juda ham muhim choralardan biri. Bu virusning tarqalishini oldini olish bilan birga toʻxtatadi ham. Uyda oʻtirgandan foydalanib, yoshlarimiz ilm olishlari mumkin. Oldin qurgan rejalarini amalga oshirish maqsadida oʻzlari xohlagan loyihalari ustida ishlari, IT-sohalari boʻyicha onlayn tizimda saboq olishlari mumkin. Dasturlashni oʻrganib olishsa, Oʻzbekistondan turib katta-katta kompaniyalar bilan ishlashlari mumkin. Agar siz IT-sohasida dastur tilini bilsangiz, xohlagan joyda ishlashiz mumkin. Qayerdan boʻlishingizdan qatʼi nazar. Chunki bu soha chegara tanlamaydi. Siz texnologiya tillarini yaxshi bilsangiz boʻldi.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер