AQSHda vertolyot daryoga qulashi oqibatida 6 kishi halok boʻldi (+video)

18:49 11 Aprel 2025 Dunyo
427 0

Kecha, 10-aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan "Gudzon" daryosiga vertolyot qulashi oqibatida olti kishi halok boʻldi. Bu haqida “NBC News” nashri xabar berdi.

Unga koʻra, vertolyot Manxettenning diqqatga sazovor joylarini kuzatish uchun soat 14:59 da havoga koʻtarilgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmasdan uchuvchi boshqaruvni yoʻqotgan hamda Nyu-York shahrida joylashgan Gudzon daryosiga qulagan.

Mazkur voqeaga guvoh boʻlganlarning taʼkidlashicha, vertolyot "Gudzon" daryosiga urilgach parchalanib ketgan.

Nyu-York shahri merining maʼlum qilishicha, halok boʻlganlar orasida uch nafar yoshi katta hamda uch nafar yosh bolalar boʻlgan. Dastlabki tekshiruvlar natijasida qurbonlarning ikki nafari ispaniyalik er-xotin, Agustin Eskobar hamda Mersi Kamprubi ekanligi maʼlum boʻlgan.

Boshqa qurbonlarning ismlari hali rasman oshkor etilmagan boʻlsada, vafot etgan uch nafar yosh bolalar ispaniyalik er-xotinning farzandlari boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Rasmiylar hozircha halokat sabablari nomaʼlum ekanligini, tergov harakatlari esa boshlab yuborilganini maʼlum qildi.

Dastlabki oʻrganishlar natijasida voqea qurboni boʻlgan ispaniyalik Agustin Eskobar Germaniyaning “Siemens” kompaniyasida yuqori lavozimda ishlashi oydinlashgan.

“Biz fojiali vertolyot halokatidan chuqur qaygʻudamiz. Bu fojia tufayli Eskobar va uning oilasi halok boʻldi. Ularning barcha yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiramiz”, — deydi “Siemens” kompaniyasining OAV bilan aloqalar boʻlimi rahbari Kristof Erxard.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер