AQSH va Xitoyning savdo urushi: Pekin Vashingtonni ogohlantirdi

13:37 13 Oktyabr 2025 Dunyo
183 0

AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy importiga yangi 100 foizlik bojlar joriy etish tahdidini davom ettiradigan boʻlsa, Pekin Vashingtonga qarshi javob choralarini koʻrishga vaʼda berdi.

Trampning soʻnggi tahdidi Xitoy oʻtgan hafta noyob minerallarga eksport cheklovlarini kiritganidan keyin paydo boʻldi. Bu jarayon savdo muzokaralarida erishilgan natijalarni yoʻqqa chiqarishi mumkin.

“Yuqori tariflar bilan tahdid qilish Xitoy bilan hamkorlik qilishning toʻgʻri usuli emas. Agar AQSH bir tomonlama harakat qilishda davom etsa, Xitoy oʻzining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qatʼiy ravishda tegishli choralarni koʻradi. Tariflar urushini biz xohlamaymiz, biroq bundan qoʻrqmaymiz ham”, — dedi Savdo vazirligi vakili.

Bahorda Xitoy va Amerika importiga yigʻimlar mos ravishda 145 foiz va 120 foizga koʻtarilgan edi. Oxirgi yangiliklar sarmoyadorlar va sanoat korxonalarida yana tashvish uygʻotmoqda.

Tramp va Xitoy yetakchisi Si Szinpin ikki haftadan soʻng Janubiy Koreyada uchrashuv oʻtkazishi kutilayotgan edi, biroq Tramp noyob minerallar muammosiga ishora qilib, bu uchrashuv boʻlishiga shubha bilan qaramoqda.

Pekin tomonidan eʼlon qilingan noyob minerallarga cheklovlar chet elda ishlab chiqarish, jumladan harbiy va yarimoʻtkazgichlardan foydalanishga qarshi qaratilgan.

Bu kundalik elektronika, yarimoʻtkazgichlar va avtomobillardan tortib qiruvchi samolyotlargacha boʻlgan hamma jihozni ishlab chiqarish uchun ushbu minerallarga tayanadigan global sanoat va texnologik taʼminot zanjirlariga sezilarli bosim oʻtkazishi kutilmoqda.

Pekin uzoq vaqtdan beri Vashingtonni eksport qoidalarini buzganlikda ayblab keladi. Boshqa davlatlarda AQSH texnologiyasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Xitoyga yetkazib berishda toʻsqinlik qilayotgani uchun ham tanqid qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?