Tramp: Men hech qachon Epshteyn oroliga bormaganman

13:37 02 Fevral 2026 Dunyo
308 0

AQSH prezidenti Donald Tramp voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikda ayblangan moliyachi Djeffri Epshteynga tegishli xususiy orolga hech qachon bormaganini maʼlum qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmogʻida post qoldirdi.

Shu tariqa Amerika yetakchisi “Grammy” mukofoti taqdimoti boshlovchisi, komik aktyor Trevor Noaning marosimda aytgan haziliga javob qaytardi. Noa oʻz chiqishida goʻyo Tramp va AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton Epshteyn oroliga borgani haqida hazil qilgan edi.

“Bill nomidan gapira olmayman, ammo men hech qachon Epshteyn orolida boʻlmaganman, hatto unga yaqin joyda ham. Bugungi yolgʻon va tuhmatga toʻla bayonotga qadar meni u yerda boʻlganlikda ayblashmagan — hatto yolgʻon axborot tarqatuvchi OAVlar ham”, — deb yozdi Tramp.

Respublikachilar partiyasi vakili boʻlgan Tramp mazkur soʻzlar uchun Trevor Noani sudga berish bilan tahdid qildi.

“Koʻrinadiki, men bu bechora, achinarli, isteʼdodsiz va ahmoq boshlovchiga qarshi advokatlarimni yuboraman va katta miqdorda tovon puli talab qilaman. Tayyor tur, Noa, sen bilan “xursandchilik” qilaman”, — deya qoʻshimcha qildi AQSH prezidenti.

Maʼlumot oʻrnida, Djeffri Epshteyn 2019-yil iyul oyida hibsga olingan edi. Prokuratura maʼlum qilishicha, u 2002–2005-yillar davomida Manhettendagi uyiga oʻnlab voyaga yetmagan qizlarni tashrif buyurishini uyushtirgan. Epshteynning tanish-bilishlari orasida nafaqat AQSH, balki boshqa koʻplab davlatlarning amaldagi va sobiq mansabdor shaxslari, sobiq davlat rahbarlari, yirik tadbirkorlar hamda shou-biznes vakillari ham boʻlgan. Moliyachiga nisbatan jinoiy taʼqib 2019-yil 10-avgust kuni uning qamoqxona kamerasida oʻz joniga qasd qilishi bilan yakunlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?