AQSH Ukrainani qiyin ahvolga solib qoʻyadigan qarorni qabul qildi

10:54 02 Iyul 2025 Dunyo
223 0

AQSH Ukrainaga qaratilgan bir qator yuqori aniqlikdagi qurol-yarogʻlar yetkazib berishni vaqtincha toʻxtatdi. “Politico” nashri xabariga koʻra, Pentagon “Patriot” havo mudofaa tizimi uchun raketalar, “Hellfire” raketalari va boshqa aniq artilleriya snaryadlarini Kiyevga yetkazib berishni muzlatib qoʻygan. Bu qaror AQSHda ushbu qurollar zaxiralari juda kamayib ketgani haqidagi xavotirlar fonida qabul qilingan.

Maʼlumotlarga koʻra, ushbu qarorni iyun oyi boshlarida AQSH mudofaa vaziri yordamchisining oʻrinbosari Elbridj Kolbi tashabbus sifatida ilgari surgan. Bu qurollar Ukrainaga avvalgi AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati tomonidan kelishilgan reja asosida yetkazib berilgan edi.

Oq uy matbuot kotibi oʻrinbosari Anna Kellining taʼkidlashicha, yetkazib berishni toʻxtatish “Amerika manfaatlarini himoya qilish maqsadida” qabul qilingan. Qaror mamlakat ichki xavfsizligini qayta koʻrib chiqish natijasida shakllangan.

Pentagonning ushbu qadami AQSH Kongressida jiddiy tashvish uygʻotgan. Ogayo shtati demokrati Marsi Kapturning aytishicha, “Patriot” tizimlari Ukraina mudofaa salohiyatining asosiy qismini tashkil qiladi. Uning fikricha, ushbu tizimlar har kuni yuzlab insonlarning hayotini saqlab qolmoqda. “Agar ushbu maʼlumotlar tasdiqlansa, Elbridj Kolbining qarorlari ukrainalik harbiylar va tinch aholi orasida halok boʻlish holatlari keskin oshib ketishiga olib keladi”, — dedi Kaptur.

Taʼkidlanishicha, ushbu qurollar ikki asosiy yoʻnalish orqali Ukrainaga yetkazib kelingan: Pentagon zaxiralaridan bevosita berish va Ukraina xavfsizligini qoʻllab-quvvatlash tashabbusi (USAI) doirasida amerikalik mudofaa kompaniyalaridan qurol xarid qilish. Bayden prezidentligi davrida USAI boʻyicha ajratilgan barcha mablagʻlar taqsimlanib boʻlgan, ammo qurol yetkazib berish tayyor boʻlgani sari davom ettirilgan.

Hozircha AQSH rasmiylari ushbu qaror qancha vaqt amal qilishini aniq bayon etmagan. Shu bilan birga, Ukraina uchun muhim boʻlgan himoya qurollarining kechikishi frontdagi vaziyatga qanday taʼsir qilishi borasida tahlilchilar turlicha fikr bildirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер