AQSH Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasiga sanksiya joriy qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati chorshanba kuni Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi — “Rosneft” va “Lukoyl” hamda ularning oʻnlab shoʻba korxonalariga qarshi yangi sanksiyalar eʼlon qildi. Bu qaror Vashington Moskvani Ukrainadagi urushni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirgan bir paytda qabul qilindi.
Prezident Tramp bir necha haftadan beri Rossiyaga nisbatan jazo choralarini koʻrish haqida gapirib kelayotgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, sanksiyalarni joriy etish uchun “endi vaqt yetib kelgan”. Shunday boʻlsa-da, Tramp cheklovlar uzoq davom etmasligiga va urush yaqin orada tugashiga umid bildirdi.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent ham oʻz bayonotida qotillik va oʻt ochishni darhol toʻxtatish vaqti kelganini taʼkidladi.
“Prezident Putin bu bemaʼni urushni tugatishdan bosh tortgani uchun vazirlik Kremlning urush mashinasini moliyalashtiruvchi Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasiga sanksiya joriy etmoqda”, — dedi Bessent.
Uning soʻzlariga koʻra, AQSH ittifoqchilari ham ushbu cheklov choralariga qoʻshilishi va ularni amalga oshirishda hamkorlik qilishi lozim.
Birlashgan Qirollik oʻtgan haftadayoq “Rosneft” va “Lukoyl”ni nishonga olgan edi. Yevropa Ittifoqi esa payshanba kuni Rossiyadan suyultirilgan gaz importini taqiqlashni oʻz ichiga olgan navbatdagi sanksiyalar paketini rasman qabul qildi.
Ukrainaning AQSHdagi elchisi Olga Stefanishina yangi qarorni olqishlab, “bu sanksiyalar Ukraina pozitsiyasiga toʻliq mos keladi”, deya taʼkidladi.
Tahlilchilar fikricha, sanksiyalarning taʼsiri ular qanday amalga oshirilishiga bogʻliq boʻladi. Agar Vashington ikkinchi darajali sanksiyalarni ham joriy etsa, bu Rossiya bilan ishlayotgan uchinchi mamlakat banklari, neftni qayta ishlash zavodlari va savdo kompaniyalariga jiddiy bosim boʻladi.
Hozircha “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi asosiy cheklovlar kuchga kirdi, ammo ikkinchi darajali sanksiyalar haqidagi ehtimol hamon ochiq qolmoqda.
“Prezident Putin biz kutgandek ochiq muzokara qilish uchun kelmadi. Alyaskadagi uchrashuvda ish yurishmadi, va Tramp hech narsa oʻzgarmayotganini anglab, jiddiy chora koʻrish vaqti kelganini tushundi”, — dedi moliya vaziri Bessent “Fox Business” nashriga.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring