AQSH Rossiya va Ukraina muzokaralarining ikkinchi bosqichi qachon boʻlishini maʼlum qildi

12:35 23 May 2025 Dunyo
232 0

Illyustrativ foto

Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralarning ikkinchi raundi may oyi oxirida boʻlib oʻtishi mumkin, biroq muddat Moskvaning Vatikanni vositachi sifatida qabul qilishga tayyorligiga bogʻliq. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Yevropa rasmiylarining aytishicha, Vatikanning muzokaralarda potensial mezbon yoki vositachi roli haqida munozaralar davom etmoqda.

Muzokaralar kelasi haftada boʻlib oʻtishi mumkin, garchi bu Rossiyaning qatnashishga tayyorligiga bogʻliq boʻlsa ham, — deyiladi nashr xabarida.

Shuningdek, maqolada Rossiya Vatikanni Ukraina boʻyicha muzokaralar jarayoniga jalb qilishdan manfaatdor emasligi, Moskva oʻtgan hafta Istanbulda boshlangan delegatsiyalar uchrashuvlarini davom ettirishni afzal koʻrayotgani yozilgan.

“Bloomberg” maʼlumotlariga koʻra, Rossiya rasmiylari prezident Vladimir Putinning Vatikanga yoki hozirgi vaqtda muzokaralar uchun boshqa joyga borishini rejalari yoʻq. Buning oʻrniga Moskva shu yilning 16-may kuni Istanbulda boʻlib oʻtgan texnik muzokaralarni davom ettirishga eʼtibor qaratgani aytilgan.

Kecha “The Wall Street Journal” oʻz manbalariga tayanib Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi iyun oyi oʻrtalarida Vatikanda boʻlib oʻtishi mumkinligini yozgandi.

Oʻz navbatida, AQSH prezidenti Donald Tramp oʻtgan yakshanba kuni Yevropa yetakchilariga Davlat kotibi Marko Rubio va maxsus elchi Keyt Kellogni ushbu muzokaralarga yuborishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq, Rim papasi Leo XIV Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni bilan suhbatda Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralarni Vatikanda oʻtkazishga tayyorligini tasdiqlagan edi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vatikanning taklifini izohlar ekan, Rossiya va Ukraina oʻrtasida keyingi muzokaralar oʻtkazish joyi boʻyicha qaror hali qabul qilinmaganini aytdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?