AQSH Kongressi aʼzolari mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi boʻyicha maxsus maʼruza tayyorlamoqda

21:47 04 Fevral 2022 Siyosat
3017 0

AQSH Kongressi bilan 2022-yildagi parlamentlararo hamkorlik rejalarini muhokama qilish maqsadida mamlakatimiz elchisi Javlon Vahobov Vakillar palatasidagi «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» hamraislari, kongressmenlar Trent Kelli (Missisipi) va Visente Gonsales (Texas) bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Tadbirlar chogʻida kongressmenlar mamlakatimizni oʻzaro diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligi, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikning 20 yilligi hamda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi va Missisipi Milliy gvardiyasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilganining 10 yilligi bilan tabrikladi. Shu munosabat bilan, amerikalik qonun ijodkorlari AQSH Kongressida boʻladigan tinglovlar chogʻida “Soʻnggi 30 yil ichida roʻy bergan eng barqaror muvaffaqiyatlar toʻgʻrisida” mavzusida maʼruza qilishga tayyor ekanini bildirdi.

«Oʻzbekiston boʻyicha kokus» hamraislari 2022-yil may oyida AQSH Kongressi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurishga tayyorgarlik koʻrayotganini maʼlum qildi. “Men har safar ajoyib mamlakatingizda boʻlganimda oʻzim uchun yangi narsalarni kashf qilaman. Shu bois AQSH Kongressi delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekistonga navbatdagi safarimni ham intiqlik bilan kutyapman”, dedi Trent Kelli.

Muzokaralar chogʻida AQSH qonunchilari oʻz idoralari tez orada boshqa kongressmenlarni respublika mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston mustaqilligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Kongressning maxsus rezolyutsiyani tayyorlashga hammuallif boʻlishga taklif qilishini maʼlum qildi. Ularning soʻzlariga koʻra, Kongress tomonidan ushbu hujjatning maʼqullanishi mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan 2022-yilda tarixiy voqeaga aylanadi.

Umuman olganda, kongressmenlar Trent Kelli va Visente Gonsales bilan uchrashuvlar chogʻida Oʻzbekiston — AQSH kun tartibining dolzarb masalalari, jumladan, parlamentlararo aloqalar boʻyicha doimiy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi. Shuningdek, amerikalik qonunchilar AQSH Kongressidagi «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» doʻstlik guruhiga boshqa kongressmenlarni faol jalb qilishda davom etishini bildirdi.

Taʼkidlash joizki, joriy yil 19-fevral kuni Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlari oʻrnatilganiga 30 yil toʻladi.

“Dunyo” AA. Vashington.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер