AQSH 19 davlat fuqarolari uchun immigratsiya arizalarini koʻrib chiqishni toʻxtatdi
AQSH Prezidenti administratsiyasi Oq uy xavfli deb topgan 19 mamlakat fuqarolari tomonidan topshirilgan immigratsiya arizalarini koʻrib chiqishni vaqtincha toʻxtatdi. Bu haqda AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) memorandumida aytilgan.
Toʻxtatish quyidagi davlatlarga taalluqlidir: Afgʻoniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela.
Ushbu davlatlarda tugʻilgan yoki ularning fuqarosi boʻlgan barcha shaxslarga nisbatan arizalarni koʻrib chiqish toʻliq toʻxtatiladi. Ariza egalari milliy xavfsizlikka doir barcha ehtimoliy xavflarni baholash maqsadida chuqurlashtirilgan qayta tekshiruvdan oʻtishi, zarurat tugʻilganda esa qoʻshimcha suhbatdan ham oʻtishi kerak boʻladi.
Shuningdek, barcha boshpana soʻrovlarini koʻrib chiqish, har qanday deportatsiyani toʻxtatish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish ham kelgusida toʻliq koʻrib chiqish tugamaguncha toʻxtatiladi — bu cheklov arizachi qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qatʼi nazar amal qiladi.
USCIS xodimlariga ilgari tasdiqlangan immigratsion imtiyozlar boʻyicha arizalarni ham qayta tekshirish topshirilgan.
Noyabr oxirida USCIS barcha boshpana soʻrovlarini koʻrib chiqish jarayonini vaqtincha toʻxtatgan, shuningdek Afgʻoniston fuqarolariga viza berishni ham cheklagan edi.
Bu qarorlar Vashington markazida admiral Devid Farragut nomidagi istirohat bogʻi yaqinida sodir etilgan otishma ortidan qabul qilingan. Otishmada bir afgʻonistonlik shaxs AQSH Milliy gvardiyasi askarlariga oʻq uzgan; hujumchi va ikki askar jarohatlangan, keyinroq harbiylardan biri olgan jarohatlari tufayli vafot etgan.
Hujum sodir etgan shaxs 2021-yilda AQSH qoʻshinlarining Afgʻonistondan chiqishi ortidan, AQSHga yordam bergan afgʻonlar dasturi doirasida mamlakatga kirgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring