Antaliyada Oʻzbekiston teatri ilk bor Aspendos xalqaro opera va balet festivalida qatnashdi

16:26 03 Oktyabr 2025 Jamiyat
355 0

Turkiyaning Antaliya shahri yaqinida joylashgan ikki ming yillik qadimiy Rim amfiteatri — Aspendos yana sanʼat ixlosmandlari diqqat markazida. 14-sentyabrdan 1-oktyabrgacha davom etgan 32-Xalqaro opera va balet festivali bu yil ham oʻzining boy dasturi va yuksak badiiy saviyasi bilan dunyo miqyosida katta eʼtibor qozongan.

Mazkur festival ilk bor 1994-yilda tashkil etilgan boʻlib, 1998-yilda xalqaro maqomni oldi va bugun dunyoning eng nufuzli sanʼat forumlaridan biri sifatida tanilgan. 2003-yilda esa u Yevropa festivallar assotsiatsiyasi aʼzoligiga qabul qilingan. Hatto 2004-yilda “The Independent” nashri uni dunyoning eng yaxshi 10 opera festivali roʻyxatida 5 oʻringa qoʻygan.

Festivalning asosiy sahnasi — eramizning II asrida, Rim imperatori Mark Avreliy davrida qurilgan va oʻzining mukammal akustikasi bilan mashhur Aspendos teatri. Ikki ming yillik tarix va hayratomuz meʼmoriy qiyofa har bir spektaklni yanada betakror qiladi. Shu jihatdan Aspendos bugun nafaqat Turkiya, balki butun dunyo madaniyatining durdonasiga aylangan.

Bu yilgi festival dasturida olti yirik sahna asari — uchta opera va uchta balet namoyish etildi. Festival 14-sentyabr kuni Puchchinining mashhur “Turandot” operasi bilan ochildi. Unda dunyoga mashhur solistlari ishtirok etdi. Keyingi kunlarda tomoshabinlar “Zorba”, “Labedinoe ozero”, “Don Kixot” kabi baletlarni hamda Puchchinining “Toska”sini tomosha qilish imkoniga ega boʻldi.

Eng katta eʼtibor va qiziqish esa festivalning yopilish kuniga toʻgʻri keldi. Ilk marotaba Markaziy Osiyodan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri toʻliq truppasi bilan ishtirok etdi. Teatr 1-oktyabr kuni Juzeppe Verdining mashhur “Traviata” operasi bilan festivalni yakunlab berdi.

Mazkur spektaklni rejissyor Konstantin Kaminin sahnalashtirdi, orkestrga esa taniqli dirijyor Vyacheslav Chernuho-Volich rahbarlik qildi. Asarda Mashhur solistlar Latifa Abiyeva, Ramiz Usmonov va Rahim Mirzakamalov va boshqa oʻzbek solistlari muvaffaqiyatli chiqish qildilar. Tomoshabinlar ularning ijrosini katta olqishlar bilan qarshi oldi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, boshqa davlatlardan festivalga asosan mashhur solistlar taklif etilgan boʻlsa, Oʻzbekiston teatri toʻliq jamoa bilan qatnashdi. Bu nafaqat Oʻzbekiston sanʼati, balki butun Markaziy Osiyo madaniyat hayoti uchun tarixiy voqea boʻldi.

Festival davomida qadimiy Aspendos teatrining 13 ming oʻrinli zalida 8000 ga yaqin tomoshabin spektakllardan bahramand boʻldi. Ayniqsa, “Traviata”ning Oʻzbekiston jamoasi ijrosidagi taqdimoti sanʼat ixlosmandlari qalbidan chuqur joy oldi.

Shu tariqa, Alisher Navoiy nomidagi katta teatr ilk bor nufuzli Aspendos festivalida qatnashib, dunyo miqyosidagi eng yirik opera va balet maydonlaridan birida oʻzbek sanʼatini munosib namoyish etdi. Bu gastrol Oʻzbekiston madaniyatining xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер