Oʻzbekistonda bir yilda 366 ming oila kambagʻallikdan chiqdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari kun tartibidagi masalalarga oʻtishdan avval 2025-yil yakunlariga qisqacha toʻxtaldi. Xususan, oʻtgan yili iqtisodiyotimiz dastlabki prognozga nisbatan ancha yuqori, yaʼni 7,7 foizga oʻsib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshgani taʼkidlandi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida oʻsish surʼatlari 2024-yilgidan yuqori boʻldi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollarga, eksport hajmi 33,8 milliard dollarga yetdi.
Yuqori iqtisodiy faollik, oʻsayotgan isteʼmol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024-yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
“Nima uchun bu raqamlarni aytyapman? Chunki iqtisodiy oʻsish qanchalik barqaror boʻlsa, infratuzilmani yaxshilashga koʻproq mablagʻ boradi. Bu pirovardida bandlik, daromad va turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, dedi Prezidentimiz.
Oʻtgan bir yilda 366 ming oila kambagʻallikdan chiqqani, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushdi.
“Bularning barchasi – islohotlarimiz samarasi boʻlib, davlat va xalq oʻrtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat.
Lekin hali qiladigan ishlarimiz koʻp. Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha katta vazifalarni belgilab oldik.
Chunki mahalla bu – islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda toʻxtayotganini ham aniq koʻrsatadigan joy. Mahallada ishsiz odam va kambagʻal oila saqlanib qolgan boʻlsa, demak, islohot oʻsha yerga yetib bormagan. “Yettilik” va bankir odamlar muammosini hal qilmayotgan boʻlsa, demak, shu yerda tizim ishlamayapti.
Hech bir vazir, viloyat, tuman hokimi, bankir “yettilik”ni bahona qilishga haqqi yoʻq. Imkoniyat va mablagʻ bor, qaror va dastur bor. Yetishmayotgan narsa – masʼuliyat, shaxsiy javobgarlik”, dedi davlatimiz rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring