Andijondagi vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari ishdan olindi

14:24 06 Avgust 2025 Jamiyat
269 0

Foto: Ombudsman

Andijon viloyatidagi vaqtincha saqlash hibsxonasining 6 nafar xodimiga nisbatan intizomiy chora koʻrildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning mart oyida ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Izboskan tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlarni oʻrganib, qator kamchiliklarni aniqlagan.

Jumladan, hibsxonada sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik taʼminotga oid jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimi bilan bogʻliq muammolar borligi va ayrim mahbuslar majburiy mehnatga jalb qilingani maʼlum boʻlgan.

Ombudsman tomonidan ushbu holatlar boʻyicha viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga kamchiliklarni bartaraf etish va shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar koʻrilishi soʻragan.

Qayd etilishicha, monitoring yakunlariga koʻra, 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ularga intizomiy choralar qoʻllanilgan. Jumladan, 1 nafar xodim Intizomiy kengash muhokamasiga qoʻyilgan, 2 nafar xodimga tanbeh, 2 nafariga esa hayfsan intizomiy jazolari berilgan. VSʼH rahbari esa Ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan.

“Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ishlar boshlangan boʻlib, ularning toʻliq hal etilishi boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) doimiy nazoratini olib boradi”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?