Andijonda uyushgan jinoiy guruh qoʻlga olindi

10:41 22 Sentyabr 2025 Jamiyat
171 0

Andijon tumanida koʻpchilikni xavotirga solgan xabar tarqaldi. Nima emish, odamlarning dalalarda qarovsiz qolgan sigirlari oʻgʻirlanayotgan ekan. Aslida ham shunday holat kuzatildi.

— Odatda, har safar sigirlarimizni dala chetidagi oʻtloqqa bogʻlab, oʻz ishimiz bilan band boʻlar edik, — deydi “Doʻngqishloq” mahallasida yashovchi Komiljon Musayev. — Shu paytgacha ularni hech kim oʻgʻirlamagan. Shu bois bu safar ham koʻngil xotirjamlikda uy ishlari bilan band boʻlib qoldim. Bir payt buzogʻimdan xabar olgani dalaga kelsam, u joyida yoʻq ekan. Atrofdan izlab topa olmagach, tashvishga tusha boshladim. Shundan soʻng tuman ichki ishlar boʻlimiga xabar qildim. Oradan ikki kun oʻtgach, buzogʻim topilganini aytishdi.

Aniqlanishicha, Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi D. ismli shaxs (tergov ishlari davom etayotgani sababli ism-shariflar ochiqlanmayapti) oldindan oʻylab yurgan rejasini amalga oshirish uchun ikki nafar hamqishlogʻini koʻndirgan. Keyinchalik voyaga yetmagan shaxsni ham sheriklikka olib, jinoiy guruh tuzishgan. Sodir etiladigan jinoyatlar izini yashirish maqsadida boshqaruvidagi “Damas” avtomashinasining davlat raqamini almashtirishgan. Buning uchun esa Andijon shahridagi “Gʻayrat” mahallasida yashovchi fuqaroga tegishli avtomobilning davlat raqamini oʻgʻirlab, “Damas”ga oʻrnatishgan.

— Biz buzoq va sigirlarni oʻgʻirlab, boqib, semirtirib, keyin sotishni, shu tariqa daromad qilishni rejalashtirgan edik, — deydi D. ismli shaxs tergov jarayonida. — Biroq oʻzganing mulki boshqa birovga buyurmas ekan. Endi sodir etgan jinoyatimiz uchun javob berishimizga toʻgʻri keladi. Qilmishimdan afsusdaman. Men kabi yoʻldan adashgan kimsalarga bu xatoni takrorlamasliklarini maslahat beraman.

Tergov davomida maʼlum boʻlishicha, guruh aʼzolari nafaqat Andijon tumanida, balki Jalaquduq va Shahrixon tumanlarida ham oʻzgalar mulkini oʻzlashtirishga uringan va jami 9 bosh sigirni oʻgʻirlab ketishgan.

Ayni paytda tergov ishlari davom etmoqda. Oʻgʻirlangan sigirlar esa oʻz egalariga qaytarildi.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер