Andijonda TURKSOY Bosh kotibi bilan 2026-yilga moʻljallangan madaniy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

09:57 10 Fevral 2026 Jamiyat
223 0

Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan uchrashib, tarixiy, maʼnaviy va madaniy asoslarga tayangan holda oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda TURKSOY Bosh kotibiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi oʻrtasida 2026-yil — “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” tashabbusi doirasida amalga oshiriladigan keng qamrovli tadbirlar rejasini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

— Andijon shahri turkiy dunyoning boy tarixi, madaniy merosi va maʼnaviy salohiyatini oʻzida mujassam etgan maskan hisoblanadi, — dedi Sulton Rayev. — 2026-yil doirasida rejalashtirilayotgan tadbirlar orqali nafaqat madaniy diplomatiyani kuchaytirish, balki turkiy davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga erishamiz. Bu jarayon Andijonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Anjuman davomida mazkur tashrif, uchrashuv mazmuni hamda rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер