Andijon viloyatida minglab aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda

10:23 12 Yanvar 2026 Jamiyat
212 0

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ijtimoiy farovonlik, aholi salomatligi hamda hududlarning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yilda Andijon viloyatida ushbu yoʻnalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 236 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 26 ta suv inshooti barpo etildi va 48 ta yangi suv qudugʻi ishga tushirildi.

Natijada 8 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi, yana 12 ming nafar isteʼmolchining suv taʼminoti sifati yaxshilandi. Bu haqda “Andijon suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

— 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar faqat qurilish ishlari bilan cheklanib qolmadi, balki mavjud tarmoqlardan foydalanish samaradorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratildi, — deydi aksiyadorlik jamiyati direktorining oʻrinbosari Azizbek Yoʻldoshev. — Jumladan, viloyat boʻyicha 109 ming 238 ta suv hisoblagich oʻrnatilib, aholining hisoblagichlar bilan qamrab olinish darajasi 70 foizga yetkazildi. Bu esa suv isrofini keskin kamaytirish, shuningdek, isteʼmolchilar uchun toʻlovlarni adolatli hisoblash imkonini yaratdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu islohotlar 2026-yilda yanada keng qamrovli bosqichga chiqadi. Rejalarga muvofiq, ichimlik suvi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi mahallalarni markazlashgan suv taʼminotiga ulash hamda hisobga olish tizimini toʻliq raqamlashtirish ishlari izchil davom ettiriladi.

Shubhasiz, belgilangan chora-tadbirlar aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlashni mustahkam asosga qoʻyishga xizmat qiladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?