Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari izchil davom etmoqda

09:37 05 Yanvar 2026 Jamiyat
232 0

Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida hatto eng chekka hududlardagi xonadonlarga ham suv joʻmraklari oʻrnatilib, aholi turmush sharoiti sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Jumladan, soʻnggi sakkiz yil davomida viloyat hududida 5 ming 638 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 1 155 ta suv qudugʻi hamda 70 ta suv inshootida qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 738 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanib, 828 ta mahallada yashovchi 996 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Viloyatning umumiy suvlashganlik darajasi 67 foizdan 92,1 foizga yetkazildi.

— Hududlarni suvlashtirish, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash va isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatishda davlat dasturlarining ahamiyati juda katta, — deydi “Andijon suv taʼminoti” aksiyadorlik jamiyati direktori Dilshodbek Qoʻldashev. — 2025-yil davomida barcha dasturlar doirasida 98 milliard 325 million soʻm mablagʻ hisobidan 236 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 26 ta suv inshooti hamda 48 ta suv qudugʻi qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bu ishlar natijasida 8 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi, 12 ming nafar aholiga koʻrsatilayotgan xizmat sifati yaxshilandi. Ayniqsa, ijtimoiy jihatdan ogʻir hududlarni suvlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chekka mahallalardagi har bir xonadonga suv joʻmragi oʻrnatilib, haqiqiy maʼnoda “obi hayot” kirib bordi.

Bugungi kunda butun dunyoda suv resurslari bilan bogʻliq muammolar tobora kuchayib bormoqda. Mutaxassislar taʼkidlashicha, agar suvdan notoʻgʻri foydalanish va isrofgarchilik holatlari davom etsa, 2050-yilga borib insoniyat jiddiy suv tanqisligiga duch kelishi mumkin. Afsuski, bu xavf Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois toza ichimlik suvi zaxiralarini asrash va undan oqilona foydalanish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

— Shu maqsadda jamiyatimiz tomonidan suvdan tejamkorlik bilan foydalanish va isrofgarchilikni kamaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Xumoyunjon Alimov. — Bu boradagi eng muhim loyihalardan biri suv joʻmraklariga hisoblagich uskunalarini oʻrnatishdir. Ular suv sarfini aniq hisoblab, isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qiladi. Zero, anʼanaviy usulda suvdan foydalanishda uning qariyb 27 foizi behuda sarflanadi. Hisoblagichlar oʻrnatilishi orqali ana shu yoʻqotishlarni kamaytirish imkoni yaratiladi.

Ayni paytda viloyatda 542 ming nafar isteʼmolchi mavjud. 2025-yilda 73 ming nafar isteʼmolchini suv hisoblagich bilan taʼminlash rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalda 109 ming 238 ta uskuna oʻrnatildi. Natijada hisoblagichlar bilan taʼminlanish darajasi 70 foizga yetdi. Solishtirish uchun aytganda, 2024-yilda bu koʻrsatkich atigi 47 foizni tashkil etgan edi. Hisoblagichlarning joriy etilishi nafaqat suvni tejash, balki isteʼmolchilar toʻlovlarining adolatli va iqtisodli boʻlishiga ham xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, sohada ayrim muammolar ham mavjud. Asosiy muammo — ayrim isteʼmolchilar tomonidan toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi bilan bogʻliq. Qarzdorlikni kamaytirish maqsadida mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi joriy etildi. Har bir isteʼmolchi bilan yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazilib, qarzdorlikning oqibatlari tushuntirildi. Natijada 2025-yilda qarz undirish koʻrsatkichi 35 milliard soʻmga oshdi.

— Joriy yilda qarzdorlikni undirish boʻyicha 10 ming 367 ta, qiymati 19 milliard 425 million soʻmlik daʼvo arizalari sudga kiritildi, — deydi aksiyadorlik jamiyati direktorining oʻrinbosari Azizbek Yuldashev. — Ularning 7 milliard 361 million soʻmlik qismi sud tomonidan ijobiy hal etildi. Shuningdek, noreal qarzdorliklarni aniqlash maqsadida xatlov ishlari olib borildi. Ayni paytda aholi nazoratchilari tomonidan muddati oʻtgan qarzdorliklar boʻyicha xonadonlarga ogohlantirish va talabnomalar tarqatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror taʼminlash, sifatli xizmat koʻrsatish va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bu esa aholi turmush sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?