Ana xolos, katta sensatsiya: Husanovsiz “Manchester Siti” Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionatidan chiqib ketdi
Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati 1/8 finalida Saudiya Arabistonining “Al Hilol” jamoasi katta sensatsiya qayd etdi. Ular musobaqaning asosiy favoritlaridan biri sanalgan “Manchester Siti”ni dramatik tarzda musobaqadan chiqarib yuborishdi. Qoʻshimcha vaqtga choʻzilgan oʻyin 4:3 hisobida yakunlandi va inglizlar musobaqani tark etdi.
Uchrashuvning 10-daqiqasida “Siti” hisobni ochdi. Bernardu Silva yaqin masofadan aniq zarba yoʻllab, oʻz jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq bu goldan soʻng “Al Hilol” faol harakatga oʻtib, qarshi hujumlar uyushtirishni boshladi. Ular birinchi taymda bir qancha vaziyat yaratdi, ammo zarbalarni aniq yakunlay olishmadi.
Ikkinchi taym esa kuchli qarama-qarshiliklar bilan davom etdi. 49-daqiqada “Siti” himoyachilari yoʻl qoʻygan xatodan soʻng Markos Leonardo bosh bilan aniq zarba berib, hisobni tenglashtirdi. Orqasidan Malkom jamoasini oldinga olib chiqdi va “Al Hilol” 2:1 hisobida ustunlikka erishdi.
Biroq “Manchester Siti” tez javob qaytardi. Erling Holand raqib jarima maydonida yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni yana tenglashtirdi — 2:2.
Qoʻshimcha vaqtda jamoalar kurashni davom ettirdi. 98-daqiqada Kalidu Kulibali burchak zarbasidan keyin bosh bilan zarba berib, “Al Hilol”ni yana oldinga olib chiqdi. Ammo “Siti” taslim boʻlmadi. 103-daqiqada Fil Foden burchakdan uzatilgan toʻpni aniq zarba bilan darvozaga yoʻllab, hisobni 3:3 koʻrinishiga keltirdi.
Shundan keyin hal qiluvchi gol ham yaqinlashdi. 112-daqiqada Markos Leonardo oʻz dublini rasmiylashtirib, jamoasiga muhim gʻalaba keltirdi.
Shu tariqa, “Manchester Siti” “Inter”dan keyin musobaqaning yana bir yirik qurboniga aylandi. “Al Hilol” esa katta gʻalaba evaziga chempionlik uchun kurashni davom ettiradi.
Qayd etish kerakki, hamyurtimiz Abduqodir Husanov mazkur uchrashuvda maydonga tushirilmadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring