Amir Temurning shamshiri

16:51 02 Aprel 2025 Jamiyat
157 0

Xalqimiz juda boy madaniy merosga ega. Ular muzeylarimizda koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinmoqda. Shu bilan birga, ajdodlarimizdan yodgor koʻplab osori atiqalar dunyo boʻylab tuproqdek sochilib ketgan. Yaqinda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi granti asosida Eron Islom respublikasi muzeylari va oliy oʻquv yurtlarida tajriba almashish jarayonida bunga yana bir bor amin boʻldik.

Aytmoqchi, ilmiy va kasbiy, qolaversa, shaxsiy qiziqishlar ortidan anchadan buyon Eron madaniyati, tarixi, sanʼatiga oid maʼlumotlarni toʻplayapman. “Buxoro muzeyi materiallari mahalliy eroniylar tarixini oʻrganish manbasi” mavzusida doktorlik (PhD) dissertatsiyasi ustida ishlayapman. Dastlab Eron Islom respublikasining Ahvozdagi Shahid Chamron universitetida tarixiy manbashunoslik, muzeyshunoslik, epigrafika va fors tili boʻyicha malaka oshirdim.

Mazkur universitet Eronda oliy toifadagi oliygoh hisoblanadi. U tarix hamda tabiat muzeyi, 14 ta alohida institut va 4 tabaqadan iborat yirik markaziy kutubxonaga ega. Kutubxonadagi qadimiy qoʻlyozmalar, hujjatlar boʻlimi tadqiqotchilar uchun juda foydali maskan sanaladi.

Huziston viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy tarixiga bagʻishlangan konferensiyada “Buxoro muzeyi eksponatlarining Fors koʻrfazi muzeylaridagi ekvivalentlari” deb nomlangan maʼruzam bilan ishtirok qildim. U katta qiziqish bilan kutib olindi. Eronning Tehron, Mashhad, Sheroz shaharlaridagi muzey va kutubxonalarda Oʻzbekiston tarixiga bevosita daxldor ashyolar koʻp. Shuningdek, asrlar davomida aholi yashash tarzi oʻzgarmagan qishloqlar bor. Mahalliy qoʻl hunarmandchiligining qadimiy turlari asl holida saqlangan. Bularni oʻrganish orqali qadimiy hunarlar, ularning Oʻrta Osiyoga taʼsiri haqida qimmatli ilmiy xulosalarga kelish mumkin.

Buxoro shahri azal-azaldan Sheroz, Isfahon, Hamadon, Mashhad, Tehron kabi shaharlar bilan mustahkam aloqada boʻlgan. Har ikki davlat muzeylarida bir-birini eslatuvchi tarixiy ashyolarning nisbatan koʻproq uchrashi shundan dalolat beradi. Hamadonda joylashgan Abu Ali Ibn Sino muzeyidagi amaliyotimiz davomida muzey maʼmuriyati va shu yerda joylashgan shahar madaniy meros boshqarmasi bilan kelgusida hamkorlikda ishlash va tajriba almashish borasida fikrlashib oldik.

Umuman, ilmiy safar davomida Eronning ellikka yaqin muzeyiga boʻldik. Taʼkidlaganimizdek, ularda Oʻzbekiston, xususan, Buxoro madaniyati tarixiga oid ashyolar juda koʻp saqlangan. Jumladan, Tehrondagi Malik muzey-kutubxonasida Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulugʻbekning oʻz dastxatlari bilan yozilgan asarlarini, Mashhaddagi Oston Quddis Rizaviy muzeyida Xorazmshohlarga tegishli buyumlar va Boysungʻur Qurʼoni, Tehrondagi Sadobod majmuasi, Harbiy tarix muzeyida Amir Temur shamshiri va xorazmlik ustalar tayyorlagan harbiy qurollarni, Islom sanʼati muzeyida Alisher Navoiy asarlarini koʻrish mumkin.

Tarixiy manbalar xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar meʼmorchilik yoʻnalishida ham chuqur ildiz otganini koʻrsatadi. Masalan, Temuriylar davrida Samarqand va Buxoroda Isfaxoniy ism-sharifli ustalar sulolasi binokorlik ishlarida faol boʻlishgan. Buni qarangki, Eron janubidagi Xorg orolida Muhammad bin Hanafiya qadamjosini ziyorat qilayotganimizda, ushbu inshootni ajdodimiz Said Ali Husayn Buxoriy bunyod etganini aytib berishdi. Maqbara muqarnaslari orasiga ustaning ismi yozib qoldirilgan.

Eronga ikkinchi bor qilgan safarimiz asnosida Iroqda ham boʻldik. Basra shahrida VIII asrda Buxorodan asir sifatida olib ketilganlarning avlodlari hozirgi kungacha yashab kelayotganligini aniqladik. Tarixning qiziq tomoni shundaki, hozirda Jogari qishlogʻida yashab kelayotgan arab millatiga mansub yurtdoshlarimiz ham aynan shu asrda Buxoroga kelib qolgan.

Najaf shahrida Xalifa Imom Ali dafn qilingan. Bu yerda dunyodagi eng katta qabriston “Vodi us-salom” joylashgan. Najafning eski shahar qismida buxoroliklar tomonidan qurilgan madrasalar saqlanib qolgan. Tadqiqot davomida shu madrasalar tarixini oʻrgandik. Bagʻdod shahrida dunyodagi eng boy maskanlardan biri “Iroq muzeyi” mavjud. U olti ming yillik tarixni oʻzida jamlagan. Albatta, bu yerda ham vatandoshlarimizning izlari bor. Xususan, Zamaxshariyning “Mufassal”, “Al-Mufassal fi al-arob” va “Mufassil fi al-nahu” asarlari, shuningdek, samarqandlik va xoʻjandlik olimlarning kitoblari ham shu muzey koʻrgazmalaridan oʻrin olgan. Eron va Iroqqa uyushtirgan ilmiy safarlarimiz bu davlatlar madaniyati bilan Oʻzbekiston tarixida mushtarak jihatlar koʻpligi, ajdodlarimizning merosi hozirgacha bu yurt egalarini hayratlantirib kelayotganligiga ishonch hosil qildik. Binobarin, turli yoʻnalishlarda olib borilayotgan tadqiqotlar qamrovi yanada kengaysa, bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada yangi bosqichga olib chiqqan boʻlardi.

Oʻktamali RAVSHANOV,

Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi ilmiy xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер