Amerikalik ikki do’st Er yuzini 92 soatda aylanib chiqdi

10:30 02 Mart 2018 Dunyo
1604 0

Dunyoni aylanib chiqish – ko’pchilikning orzusi. Ammo moliyaviy ahvoli haminqadar bo’lgan, boz ustiga vaqti cheklangan kamdan-kam odam bunday mashaqqatli ishga qo’l uradi. Shunday bo’lsa-da, ikki nafar amerikalik ana shunday sayohat bo’yicha rekord o’rnatishga erishdi. 
“TengriMIX” axborot manbasi mazkur voqea haqida to’xtalib o’tadi.
Kaliforniyalik Juli Berri va texaslik Keysi Styuart bir-birlarini ijtimoiy tarmoqlar orqaligina bilishar edi. Faqat bir bor Yangi Zelandiyada uchrashishgan, keyin ularning yo’li yana ayrilgandi. Muloqot esa yana o’sha-o’sha — virtual olamda qoldi. Keysi sarguzasht turlar bo’yicha xizmat ko’rsatadigan firma direktori bo’lgani uchun, allaqachon o’nlab mamlakatlarga borishga ulgurgan edi. U to 33 yoshga chiqqunga qadar sayyoramizdagi barcha qit’alarni ko’rishni diliga tukkan edi. 
Ana shu niyatni birgalikda ro’yobga chiqarish uchun esa do’sti Julini taklif qildi. Maqsad  birgalikda sayohat qilib, rekord o’rnatish! 
Juli ham darrov ko’na qoldi. Chunki u uchun sokin hayot begona edi. Murakkab vaziyatlarda yashab qolish bo’yicha realiti-shouning doimiy ishtirokchisi haqida yana nima deyish mumkin!?
Safar o’tgan yil 13 dekabr kuni boshlandi va oradan 14 soatu 45 daqiqa o’tib yosh juftlik Dubayga kelib qo’ndi.
U erdan Qohiraga, so’ngra Frankfurtga parvoz qilindi. Navbatdagi manzil Toronto bo’ldi, keyin Santyago.
Bu erdan Chilining yana bir shahri Punta-Arenasga etib borishdi. Navbatdagi maskan, so’nggi nuqta — Antarktidaga esa 16 dekabr kuni tashrif buyurishdi. 
Shunday qilib, sayohat uchun 92 soat 4 daqiqayu 19 soniya vaqt sarflandi. Loyiha esa “Ettita materikni 72 soatda” deya nomlandi. Ajablanmang, odatda g’arbliklar Evroosiyo materigini ikkita mustaqil hudud, ya’ni Evropa va Osiyo deb qabul qilishadi.
To’g’ri, Keysi va Juli o’z maqsadiga 72 soatda erisha olmadi. Antarktidadagi kuchli bo’ron tufayli reysning kechiktirilishi sayohat muddatini biroz uzaytirib yubordi. Shunga qaramay, ular rekordni yangilay oldi. Negaki, bu boradagi oldingi ko’rsatkich 120 soatga teng edi.
Bir qarashda, bunday sarguzasht hayratlanarli. Ammo qisqa muddat ichida dunyo o’lkalari go’zalliklari, yangiliklaridan bahra olish, turfa madaniyatlar bilan yaqindan tanishishga ulgurmaydi kishi, deb yozadi tengrimix.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?