Amerikalik arxeolog: Jizzax viloyatida Perudagi qadimiy inklar yashagan shaharlar bilan tengdosh aholi manzillari aniqlandi

Oʻzbekiston diplomatlari Sent-Luisdagi (Missuri shtati) Vashington universitetining antropologiya boʻyicha professori Maykl Frachetti bilan onlayn-muzokaralar oʻtkazdi.
Amerikalik olim Markaziy va Sharqiy Yevroosiyo hududlari tadqiqotlariga ixtisoslashgan arxeologiya sohasining yetakchi olimlaridan biridir. Maykl Frachetti tadqiqotlarining asosiy obyekti qadimgi mahalliy aholi madaniyati, mintaqalararo aloqalar va diplomatiyaning iqtisodiy va siyosiy strategiyasi singari qirralarni qamrab oladi. U oʻtgan 25 yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarida arxeologik va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasidagi hamkasblari bilan birinchi qoʻshma loyihani 2008-yilda amalga oshirgan.
Onlayn-muzokaralar chogʻida Maykl Frachetti AQSHning “National Geographic” Milliy joʻgʻrofiya jamiyati koʻmagida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya milliy markazi bilan koʻp yillardan buyon hamkorlikni yoʻlga qoʻygani va Jizzax viloyatida birgalikda qator loyihalarni amalga oshirganini maʼlum qildi. Jumladan, 2009-2011-yillardagi tadqiqotlar natijasiga koʻra, Malgʻuzar togʻ tizmasining tarixiy xaritasi tuzilib, 15 dan ortiq arxeologik joy topilgan, shuningdek, Buyuk Ipak yoʻlidagi muhim nuqtalardan biri - Toshbuloq (IX-XI asrlar) mavzesidan koʻchmanchi aholining turmush tarzi va urbanizatsiyaga oid dalillar aniqlangan.
Professorning taʼkidlashicha, arxeologlar Toshbuloq mavzesida geofizik radardan foydalangan holda yer ostida saqlanib qolgan arxeologik yodgorliklarning raqamli xaritasini tuzdi. Toshbuloq xaritasi ikki metr chuqurlikdagi 10 gektar maydonda turar-joy binolari joylashganini koʻrsatdi. Binoning poydevori toshdan qurilgan, devorlar esa yogʻochdan tiklangan. Olimning fikriga koʻra, dengiz sathidan taxminan 2 ming metr balandlikda joylashgan ushbu tarixiy obyekt Perudagi inklar yashab oʻtgan qadimiy Machu-Pikchu shahri bilan tengdosh ekanini tasdiqlovchi dalillar bor.
Dalillar shuni koʻrsatmoqdaki, siyosiy integratsiyani mustahkamlash va demografik hamda iqtisodiy resurslarni kengroq jalb qilish uchun shaharning katta qismida koʻchmanchilar yashagan, deb taʼkidladi olim.
Bundan tashqari, Maykl Frachetti qazishmalar paytida Toshbuloq aholisining idish-tovoqlari va uy-roʻzgʻor buyumlari, jumladan, sopol idishlar, tangalar, temir pichoqlar, xanjar va oʻroqlar, zargarlik buyumlari, mis tangalar, temirdan yasalgan oʻchoqlar topilganini maʼlum qildi. Temirchilar yashagan tepaliklardan birida joylashgan qalʼada hukmdor qarorgohi joylashgan. Toshbuloq aholisi sifatli poʻlat va undan tayyorlangan buyumlar ishlab chiqarish boʻyicha yuqori texnologiyaga ega boʻlgan. Bundan tashqari, poʻlat buyumlar va temirdan yasalgan qurol-yarogʻlar mintaqa aholisi Yaqin Sharq mamlakatlariga qurol-yarogʻ yetkazib berganidan dalolat beradi.
Arxeologik izlanishlar davomida amerikalik olim Toshbuloq yaqinida yana bir yirik mavze — Tugʻunbuloq shahrini kashf etdi. Taxminan 200 gektarga yaqin maydonni egallagan ushbu shahar haqida koʻplab maʼlumotlar topildi. Shu bilan birga, ushbu tarixiy joyni oʻrganish va qazish ishlari ayni paytda ham davom etmoqda.
Ushbu loyiha qariyb 10-15 yil davom etishi mumkin. Dastlabki tadqiqotlar natijasida qadimiy Tugʻunbuloq shahri qoldiqlari orasidan koʻplab sopol idish parchalari, binolar, koʻcha devorlari poydevorlari va shahar atrofidagi mudofaa inshootlari qoldiqlari aniqlandi.
Muzokaralar natijasida joriy yil iyul oyida Oʻzbekistonda tadqiqotlarni davom ettirish, Tugʻunbuloq mavzesida drondan olingan fotosuratlar yordamida shahar xaritasini tuzish, yerosti arxeologik inshootlarni geofizik skanerlash va qazish ishlari orqali shahar qalʼalarini oʻrganish boʻyicha dala ishlarini davom ettirishga kelishib olindi. Jizzax viloyatidagi kelgusidagi tadqiqotlarning bir qismi AQSH Milliy joʻgʻrofiya jamiyati tomonidan moliyalashtiriladi.
Tadqiqotlar davomida LiDAR lazer xaritalash texnologiyasidan foydalaniladi. Bu usul yangi va yuqori darajadagi arxeologik kashfiyotlarga sabab boʻlishi mumkin. Tadqiqot Oʻzbekiston tarixini yanada chuqurroq oʻrganish imkonini beradi.
“Dunyo” AA. Vashington.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring