Alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga xizmat qiladigan qonun ko‘rib chiqildi
Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”
Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun mazkur Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlarga ushbu Inspeksiyaning vakolatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zgartirishlarga muvofiq iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan lisenziya uchun yillik davlat bojini to‘lashning muddati belgilanmoqda.
Qonun bilan yuridik shaxslar tomonidan pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyati vakolatli organga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli organga, chakana savdosiga doir faoliyat esa soliq organiga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan. Mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilishiga, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga hamda qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring