“USM Holdings” asoschisi, asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonov “UBS Europe SE” bankini sudga berdi. Bu haqda “Коммерсантъ” nashriga tadbirkorning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Shtefani Rabenau maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 7-iyun kuni milliarder Alisher Usmonov Frankfurt Mayn hududiy sudiga “UBS Europe SE” (sobiq “UBS Deutschland AG”) bankiga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Daʼvo arizasida keltirilishicha, 2018-2022-yillarda bank Germaniya moliya organlariga shubhali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgani haqida “bir qator asossiz xabarnomalar” yuborgan. Bu esa Usmonovga qarshi “siyosiy sabablarga koʻra surishtiruvlar” oʻtkazilishiga turtki boʻlgan.
Advokat Rabenauga koʻra, UBS banki Germaniyadagi Bojxona bosh boshqarmasining moliyaviy monitoring boʻlimiga “oʻndan ortiq absurd va asossiz xabarnomalar” joʻnatgan.
“Ularning orasida naqd pullar yechish va ijara toʻlovlarini toʻlashda “pul mablagʻlarini yuvish” kabi bildirishnoma va gumonlar boʻlgan. Bank bu holatda oʻz gumonlarini tasdiqlovchi birorta faktni taqdim etmagan”, deya advokat.
Shuningdek, 2022-yilda UBS bankining xabarnomalari Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi surishtiruv boshlanishiga sabab boʻlgan. Milliarderning Bavariyadagi koʻchmas mulki va “Dilbar” yaxtasida tintuvlar oʻtkazilgan. Mazkur tergov va tintuvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilgan va tadbirkorga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish uchun ishlatilgan.
Taʼkidlanishicha, bank xizmatlari shartnomasi va bank sirini saqlash qoidalariga zid ravishda UBS mijozlar maʼlumotlarining maxfiyligini buzgan, yolgʻon bayonotlar tarqatgan, shuningdek, umumiy shaxsiy huquqlarni qoʻpol ravishda buzgan.
“Bank tomonidan shartnomaning buzilishi Usmonovning obroʻsiga katta miqdorda zarar yetkazilishiga va moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelgan. Aslida, UBS begunoh shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortishni, shuningdek, mijoziga nisbatan sanksiya qoʻllashni qoʻzgʻatgan va yordam bergan”, deya qoʻshimcha qilgan Rabenau.
Usmonovga qarshi sanksiyalar
2022-yilning 28-fevralida Yevropa Kengashi Usmonovni Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qoʻshgan shaxslar “qora roʻyxati”ga kiritgan. Uning Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, YEIdagi aktivlari esa muzlatilgan.
Oʻtgan yilning 29-aprel kuni Usmonov Yevroittifoq sanksiyalar roʻyxatiga kiritilganiga norozilik bildirib, Yevropa sudiga daʼvo arizasi bergan. Daʼvogar YEI Kengashining unga nisbatan cheklov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini bekor qilishni va sud qarori chiqarilgunga qadar taqiqlovchi choralarni qoʻllashni toʻxtatib turishni soʻragan. Biroq, Yevropa sudi Usmonovning daʼvosini tez koʻrib chiqish haqidagi soʻrovni rad etgan.
Aytish joiz, Milliarder ancha vaqtdan beri Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida oʻtkazilgan tintuvlar uning mulk daxlsizligiga boʻlgan huquqining buzilishi ekanini daʼvo qilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring