Alisher Navoiy tavallud ayyomi Yaponiyada keng nishonlandi

21:11 09 Fevral 2021 Madaniyat
948 0

Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Tokioning Soka universiteti, Soka Gakkay tashkiloti, Samarqand davlat universiteti va Samarqand chet tillar instituti bilan hamkorlikda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim va oʻzbek-yapon forumi oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Soka universiteti taniqli yapon faylasufi, yozuvchisi, «Soka Gakkay Internatsional» tashkiloti prezidenti Daysaku Ikeda tomonidan 1971-yilda tashkil etilgan. Universitetning 8 fakultetida 8 000 ga yaqin talaba tahsil oladi. Uning tarkibida bolalar bogʻchasi, oʻrta maktab va ilmiy tadqiqot institutlari mavjud.

Tadbirda Soka Gakkay tashkiloti, Soka universiteti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari, Yaponiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Marosimda Soka universiteti hududida 2004-yilda oʻrnatilgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Tadbirda Alisher Navoiyning ijodiy merosi Yaponiyada katta qiziqish uygʻotayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan shoirning ijodiy merosi oʻzbek xalqining jahon madaniyati xazinasiga qoʻshgan ulkan hissasi ekanligi aytildi.

Shundan soʻng “Alisher Navoiyning maʼnaviy merosini hozirgi zamon uchun dolzarbligi” mavzusida oʻzbek-yapon veb-forumi tashkil etildi.

Forumda “Zoom” platformasi orqali Soka universiteti tadqiqotchilari bilan birga Samarqand davlat universiteti va Samarqand chet tillar instituti rahbariyati, olimlari va talabalari hamda Yaponiyada yashayotgan vatandoshlar vakillari qatnashdi.

Veb-forumda buyuk shoirning hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Alisher Navoiy - Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi”, “Alisher Navoiyning onasi kim boʻlgan”, «Alisher Navoiyning maʼnaviy merosi - Soka universiteti asoschisi Daysaku Ikeda nutqlarida», “Alisher Navoiy barkamol shaxsni tarbiyalashdagi sheʼriyatning oʻrni toʻgʻrisida” mavzularida maʼruzalar taqdim etildi.

21 kishidan iborat yaponiyalik sheʼriyat muxlislari va Sharq falsafasi instituti tadqiqotchisi Kenzo Kavasakining Alisher Navoiyni gʻazal va ruboiylaridan namunalarni oʻzbek va rus tillarida ifodali oʻqishi barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir soʻnggida Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ushbu muloqotni Soka universiteti yaqin hamkorlikda oʻtkazilishi oʻzbek-yapon madaniy, ilmiy va maʼrifiy aloqalarini kengaytirish boʻyicha amaliy qadam boʻlishiga umid bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?