Alisher Navoiy lirikasi turkmancha ohanglarda

15:16 09 Fevral 2021 Madaniyat
3211 0

Badiiy tarjima ijodkor va uning asarlari bilan boshqa bir xalq kitobxonlarini tanishtirishda, milliy adabiyotlarni bir-birlariga yaqinlashtirishda muhim vositachilik vazifasini bajaradi. Jumladan, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy merosi turkman xalqi qalbidan joy olishida bu sanʼat turining roli gʻoyat katta boʻlgan.

Oʻtgan asrning yigirmanchi yillarining birinchi yarmida hazrat Navoiy asarlarining turkman tiliga tarjima qilingani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Aniqroq aytsak, 1925-yilda shoirning “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari Abdulhakim Gulmuhammedov tomonidan turkman tiliga oʻgirilib, kitob shaklida chop etilgan.

 Shoirning ijod namunalari bilan turkman xalqini bahramand etish ishlari keyingi yillarda ham izchil davom etmoqda. Xususan, oʻtgan asrning qirqinchi yillari Navoiy asarlari bilan turkman kitobxonlarini tanishtirishning yangi bosqichi boʻldi, desak xato emas. 1941-yilda “Turkmaniston” davlat nashriyoti Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidan tanlangan goʻzal gʻazallaridan namunalarni “Chor devon” nomi bilan katta nusxada bosib chiqardi. Tarjimalar oʻz davrining atoqli shoir va yozuvchilari Berdi Kerboboyev, Beki Seytoqov, Yoqub Nosirli, Pomma Nurberdiyev, Kamol Ishonov, Durdi Ogʻamammedov tomonidan amalga oshirildi. 1948-yilda tilga olingan nashriyot Alisher Navoiy asarlarini ikkinchi marta, oʻn ming nusxada “Saylanan eserler” degan nomda chop etdi. Mazkur kitobga shoirning oltmish sakkiz gʻazali, oʻn ikki ruboiysi, oʻn tuyuq, shuningdek, “Farhod va Shirin” dostonining 20 va 23-boblari tarjima qilib kiritilgan.

Aksariyat, tarjimalar yuqorida tilga olingan ijodkorlar qalamiga mansub. Ayniqsa, B.Kerboboyev tarjimalari etirofga loyiq. Adibning yozuvchilik tajribasi, shoirlik talanti, asl nusxa tilini mukammal oʻzlashtirgani tarjimalarning muvaffaqiyatini taʼminlagan omillardir. Navoiyning “Gʻavgʻo”, “Ango”, “Etdi”, “Kelgay”, “Hijron isi”, “Parvoz qil” radifli gʻazallari B.Kerboboyev tarjimasida asl nusxadagidek taassurot qoldiradi. Mana, bir misol:

 Ul parivashkim, boʻlubmen zoru sargardon ango,

 Ishqidin olam menga hayronu men hayron ango…

 Novakining parru paykomida rangin tuz erur,

 Yoki koʻnglumdan chu parron oʻtti, yuqmish qon ango…

Tarjimasi:

Ol perizat bolupdыr, men zar-u sergezdan oңa

Ыshqыda әlem maңa hayran,menem hayran oңa...

 Oqlarың peykani xem reңk almыsh ol gan reңkiden,

 Gөvnime perran eter kim, chunki yokmush ol gan reңkiden...

 Tarjimada asliyatning mazmuni, poetik ohangi yaxshi saqlangan. Vazni, qofiya va radif oʻlchovlarida jiddiy farq yoʻq. Murakkab, qiyin soʻzlarning turkman tilidagi muqobilini topib, oʻrni-oʻrnida ishlatgani tarjimonning yutugʻi.

 Hazrat Navoiy gʻazallarining mohir tarjimonlaridan yana biri, taniqli yozuvchi va shoir B. Seytaqovdir. Uning tarjimalari ham asliga yaqinligi, poetik ruhi, kompozitsiyasi, eng muhimi, mazmun-mohiyatiga koʻra asl nusxaning badiiy komponentlarini oʻzida mujassam eta olgan. Shoirning lirik merosida mana shunday bir bayt bor:

Men qachon dedim: “Vafo qilgil mango”, zulm aylading,

Sen qachon deding: “Fido boʻlgil mango” boʻldim sango.

Bayt quyidagicha oʻgirilgan:

Saңa vepa et diyemede, sen maңa zulm eyledin,

Maңga pida bol diyende, men pida boldыm saңa…

Tarjimon matnga biroz ijodiy yondashgan, lirik qahramonning savol-javobini mazmunni buzmagan holda, soddalashtirgan, qoʻshtirnoqlarni tushirib qoldirib, turkman kitobxoni yengil tushunadigan shaklga solgan. Tarjima tajribasida bu usul qoʻllaniladi va yaxshi samara berganiga misollar yetarli.

 Turkman tarjimonlari Alisher Navoiyning ruboiy va tuyuqlarini ham yaxshi oʻgirgan. Bu ikki janr ancha murakkab, oʻzgacha badiiy xususiyatlarga ega. Tarjima jarayonida bu oʻziga xoslikni saqlash oson emas. Lekin tarjimonlar janrlarning mazmun-mohiyatini teran anglagan holda, tarjimada toʻla berishga erishgan. Tarjima uchun shoirning eng mashhur, koʻpchilikka yod boʻlib ketgan ruboiy va tuyuqlari tanlangani eʼtirofga sazavor.

 Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,

 El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish,

 Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

 Bulbulga tikandek oshyon boʻlmas emish.

Tarjimada:

 Chet yurtda garыp shadыyan bolmaz eken,

 Il hem oңa yarы-mehriban bolmaz eken,

 Altыn kapasың ichi gыzыl gul bolsa,

 Bilbile tikendey ashiyan bolmaz eken.

Bir qarashda, tarjimon asl nusxadagi soʻzlarni, shunchaki turkmanchalashtirib qoʻygandek tuyuladi. Aslida unday emas. Oʻzbek va turkman tillari bir-birlariga juda yaqin, ular oʻrtasida oʻxshashlik koʻp. Shunday ekan, tarjimon bu imkoniyatdan foydalanishi, har ikki tilda bir xil maʼnoda qoʻllaniladigan soʻzlarni aslida qanday boʻlsa, shundayligicha qoldirishga haqli deb oʻylaymiz. Yuqoridagi misolda aynan shu usul qoʻllanilgan. Qolaversa, tarjima shaklan asliyatga har qancha oʻxshamasin, uning poetik ohangi turkman tilining ruhini eslatib turadi.

 Alisher Navoiy asarlari bilan turkman kitobxonlarini tanishtirishning ikkinchi bosqichi oʻtgan asrning 60-80 yillariga toʻgʻri keladi. Bu davrdagi turkman matbuotida shoirning koʻplab gʻazallari va ruboiylari, hikmatli soʻzlari, qitʼalari va dostonlaridan namunalar muntazam berib borildi. Tarjimonlarning safi ham kengayib, mahorati ham oshdi. Bu jarayonda K. Gurbannepesov, N.Gullayev, R.Rejebov kabi taniqli shoirlarning faolligi koʻproq koʻzga tashlandi. Jumladan, Turkmaniston xalq shoiri K.Gurbannepesovning Navoiy lirikasidan qilgan tarjimalari badiiy mukammalligi, xato-kamchiliklardan xoliligi jihatidan muxlislarga maʼqul boʻldi. Tarjimonning shoir asarlari tilidan yaxshi xabardorligi qitʼalar va ruboiylar tarjimasida qoʻl kelgan. Chunonchi, shoirning “Yaxshi” radifli ruboiysi nafis lirik ohangi, joziba quvvati, betakror badiiy xususiyati bilan turkman kitobxoniga ham zavq beradigan darajada yaxshi oʻgirilgan:

 Koʻz bilan qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,

 Yuz bila soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi,

 Iying birla menging yaxshi, saqogʻing yaxshi,

 Bir-bir ne deyin, boshdin oyogʻing yaxshi.

Tarjimasi:

 Gөz bilen gashың yagshы, gabagың yagshы,

 Yoʻz bilen sөzuң yagshы, dodagың yagshы,

 Enekde xalың yagshы, yanagың yagshы,

 Bir-bir nәdip sanayыn, bashdan ayagың yagshы.

Birinchi va ikkinchi misralarning shakli ham, mazmuni ham tarjimada deyarli bir xil, soʻzma-soʻz toʻgʻri keladi. Tarjimonning mahorati, asosan, uchinchi va toʻrtinchi misralarda, aniqrogʻi, “iying, menging” kabi soʻzlarning turkman tilidagi muqobillari toʻgʻri topilgan va maqsadga muvofiq ishlatilganida koʻrinadi. Tarjimon Navoiyning turkum ruboiylari va qitʼalarini xuddi shunday, shoirona mahorat bilan oʻgirganki, ularni oʻqigan har bir turkman oʻquvchisi navoiyyona poetik jilolarni his qilishi mumkin.

Biz Alisher Navoiy ijodidan har xil davrlarda turkman tiliga oʻgirilgan baʼzi asarlarigagina toʻxtaldik. Aslida ulugʻ shoir adabiy merosidan tarjima qilingan ijod namunalarining mundarijasi bundan-da katta va rang-barang, hajmi ham salmoqli. Tahlil ixcham bir maqola doirasiga sigʻmaydi. Mavzu keng koʻlamdagi maxsus ilmiy tadqiqotni taqozo etadi. Shunday boʻlsa-da, hozirga qadar Alisher Navoiyning lirik merosidan qilingan tarjimalar, xususan, “Farhod va Shirin” dostoni va boshqa asarlarining turkman tiliga oʻgirilgani qardosh xalqning oʻzbek adabiyotiga, qolaversa, uning daho shoiri Alisher Navoiy ijodiga boʻlgan hurmatning ramzidir. Xalqlarimiz doʻstligining bir koʻrinishi boʻlgan adabiyotlarimiz doʻstligi oʻzaro badiiy tarjimalar orqali kelajakda ham qanchalik koʻp boyitib borilsa, adabiy hamkorligimiz yana-da mustahkamlanishi tabiiydir.

Karimboy QURAMBOYEV,

filologiya fanlari doktori, professor,

Xalqaro “Maxtumquli Firogʻiy” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?