Alise Faxrutdinova Jahon kubogida yarim finalga yoʻl oldi

10:30 11 May 2022 Sport
950 0

Shu kunlarda Bolgariyaning Albena shahrida zamonaviy beshkurash boʻyicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Unda ayollar oʻrtasidagi bahslarda ishtirok etayotgan hamyurtimiz Alise Faxrutdinova saralashdan muvaffaqiyatli oʻtib, yarim final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Musobaqa 10-15-may kunlari boʻlib oʻtadi. Unda dunyoning 24 mamlakatidan tashrif buyurgan sportchi ishtirok etmoqda. Bugun reglament boʻyicha saralash bahslari oʻtkazildi. Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Tokio-2020 ishtirokchisi Alise Faxrutdinova yuqori natija qayd etib, yarim finalga yoʻl oldi.

Raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, Alise suzish bahslarida 12-natija bilan 271 ochko jamgʻardi. Qilichbozlik dasturi esa hamyurtimizning benefisiga aylanib ketdi. 19 gʻalaba va 4 magʻlubiyat (271 ochko) bilan Faxrutdinova qilichbozlikdagi eng yaxshi natijani koʻrsatib, lazer-ran bahslari oldidan qulay pozitsiyaga joylashib oldi. 

Yakunda mazkur dasturda uchinchi natija qayd etgan Faxrutdinova oʻz guruhida 1045 ochko bilan keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qildi.

Yarim final bahslari 11-12-may kunlari boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?