“Al-Ahli”ga Oʻzbekiston chempioni munosib raqibmi?

18:46 15 Sentyabr 2025 Sport
121 0

Bugun, 15-sentyabr kuni “Nasaf” klubi OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasidagi yurishini boshlaydi. Qarshiliklar dastlabki turni Jidda shahrida, musobaqaning amaldagi chempioni “Al-Ahli” klubiga qarshi oʻtkazadi.

Bugun ushbu jamoa haqida maʼlumot beramiz.

Jamoa tarixi

“Al-Ahli” klubi 88-yillik tarixga ega jamoa hisoblanadi. Klub 1937-yilda 4 inson tomonidan tashkil etilgan. Ushbu gʻoya egalari Jidda shahridagi shahzoda Muhammad ibn Abdulaziz koʻchasida joylashgan “Al-Falax” maktabi oʻquvchilari ekani aytiladi. Klubni paytida Saudiya Arabistoni shahzodasi Xolid bin Abdulloh bin Abdulaziz boshqargan.

1987-yil jahon futbol yulduzi Diego Maradona Jidda shahrida tashkil etilgan bayram doirasida oʻtgan futbol uchrashuvida aynan “Al-Ahli” jamoasi safida oʻynagan.

Jamoaga muxlislar tomonidan “Al-Malaki” (yaʼni, qirollar) va “Nadi Al-Umam” (yaʼni, xalq jamoasi) kabi nomlar berilgan.

Stadioni

“Al-Ahli” uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan “Qirol Abdulloh” stadionida oʻtkazadi. Ushbu maydon oʻz bagʻriga 62 mingdan ziyod muxlisni sigʻdira oladi.

Mazkur stadion 2012-yil qurib bitkazilgan. 2014-yil maydonning ochilish marosimi boʻlib oʻtgan. Stadion qurilganidan 1-yil oʻtib vafot etgan Saudiya Arabistoni qiroli Abdulloh nomi berilgan.

Arab nashrlari bergan maʼlumotlarga koʻra, ushbu maydonni qurilishi uchun 533 million dollar sarflangan.

“Qirol Abdulloh” stadioni yaqin tarixda Klublar oʻrtasidagi Jahon chempionati, Osiyo Elit chempionlar ligasi kabi nufuzli musobaqalarga mezbonlik qildi. Ushbu stadion kelajakda 2027-yilgi Osiyo kubogi va 2034-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qilishi koʻzda tutilgan.

Jamoa erishgan yutuqlari

Jamoa Saudiya Arabistoni Professional ligasining 9 karra chempioni, 8 karra Qirol kubogi sohibi va yana 2 karra Saudiya Arabistoni Superkubogi gʻolibi hisoblanadi.

Shuningdek, klub Arab chempionlar ligasi, “Gulf Cup” chempionlar ligasi, Afrika-Osiyo klublar chempionati va OFK Elit chempionlar ligasi musobaqalarining gʻolibidir.

Jamoa shu vaqtga qadar Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalarda 120 ta oʻyin oʻtkazgan. 61 ta oʻyinda gʻalaba qozongan, 30 ta oʻyin jiddaliklarning magʻlubiyati bilan yakunlangan. Yana 28 ta bahsda durang natija qayd etilgan.

“Al-Ahli” OFK Elit chempionlar ligasi musobaqasining amaldagi gʻolibi hisoblanadi. Jamoa oʻtgan yilgi finalda Yaponiyaning “Kavasaki Frontale” klubini 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratgan holda, oʻz tarixida birinchi marotaba mazkur musobaqa chempionligiga erishdi.

Murabbiyi

Jamoani ayni paytda germaniyalik 37 yoshli mutaxassis Mattias Yaysle boshqarmoqda. Mattias 1988-yilning 5-aprel sanasida Nurtingen shahrida tugʻilgan.

Futbolchilik faoliyati davomida “Hoffenhaym”, “Shtutgard” kabi jamoalarda toʻp surgan. 2021-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Avstriyaning “Zalsburg” klubidagi faoliyati bilan koʻpchilikka tanish boʻlgan ushbu murabbiy 2023-yilning 28-iyul sanasidan beri “Al-Ahli” klubiga ustozlik qilmoqda. Uning boshqaruvida “Al-Ahli” klubi 90 ta oʻyin oʻtkazdi va ulardan 56 tasida gʻalaba qozondi.

Jamoa tarkibi

“Al-Ahli” jamoasi tarkibida ayni vaqtda “Chelsi” sobiq posboni Eduard Mendi, “Roma” klubi sobiq himoyachisi Rojer Ibanyes, “Barselona” jamoasi sobiq aʼzosi Frank Kessiye, “Brentford” klubi sobiq hujumchisi Ivan Toni va paytida Angliya Premyer-ligasida yil futbolchisi deb topilgan Riyod Marez kabi futbolchilar faoliyat olib bormoqda.

Jamoa aʼzolarining “Transfermarkt” saytidagi umumiy qiymati 173,65 million yevroni tashkil etmoqda. Bu musobaqada qatnashayotgan jamoalar orasida “Al-Hilol” klubidan keyingi eng yaxshi natija hisoblanadi.

Jamoaning eng qimmat futbolchisi Enzo Millot hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 35 million yevroga baholagan.

Oʻzaro oʻyinlar statistikasi

“Al-Ahli” va “Nasaf” shu vaqtga qadar oʻzaro 4 ta oʻyin oʻtkazgan. 2015 va 2016-yilda oʻtgan ushbu oʻyinlarning 2 tasida Saudiya vakili gʻalaba qozongan. 1 ta oʻyinda durang natija qayd etilgan va yana 1 ta oʻyin Roʻziqul Berdiyev shogirdlarining gʻalabasi bilan yakunlangan.

“Al-Ahli”ning Oʻzbekiston klublariga qarshi oʻtkazgan barcha oʻyinlaridagi natijalar bilan tanishing:

“Al-Ahli” 6:1 “Navbahor” (2000);

“Navbahor” 2:0 “Al-Ahli” (2000);

“Al-Ahli” 3:0 “Paxtakor” (2005);

“Paxtakor” 2:1 “Al-Ahli” (2005);

“Al-Ahli” 2:1 “Nasaf” (2015);

“Nasaf” 0:0 “Al-Ahli” (2015);

“Al-Ahli” 2:1 “Nasaf” (2016);

“Nasaf” 2:1 “Al-Ahli” (2016);

“Al-Ahli” 2:0 “Bunyodkor” (2017);

“Bunyodkor” 2:1 “Al-Ahli” (2017);

“Paxtakor” 1:0 “Al-Ahli” (2019);

“Al-Ahli” 2:1 “Paxtakor” (2019).

Eslatib oʻtamiz, OFK Elit chempionlar ligasi 1-turidan oʻrin olgan “Al-Ahli” – “Nasaf” oʻyini 15-sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.

Muhammadamin Zuhriddinov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер