Aksariyat yevropaliklar Yevrokomissiya prezidentining isteʼfosini qoʻllab-quvvatlamoqda

Foto: AP
Seshanba kuni eʼlon qilingan “Grand Continent” nashri uchun “Cluster17” tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, koʻpchilik yevropaliklar Ursula fon der Lyayenning Yevrokomissiya prezidenti lavozimidan ketishini qoʻllab-quvvatladi.
Soʻrov Lyayenning shu yilning iyul oyida Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan imzolangan savdo kelishuvi uchun Yevropa Ittifoqining turli mamlakatlarida tanqid qilinishi fonida oʻtkazildi.
Natijalarga koʻra, soʻrovda qatnashgan yevropaliklarning 60 foizi Lyayenning isteʼfosini qoʻllab-quvvatlagan. Bu gʻoyani maʼqullaganlarning eng koʻpi Fransiyada (70%), eng kami esa Polshada (49%) boʻldi. Bundan tashqari, Germaniyada 54, shuningdek, Ispaniya va Italiyada 60 foiz soʻrov ishtirokchilarining aksariyati uning isteʼfosini yoqlab chiqdi. Respondentlarning qariyb toʻrtdan uch qismi 72 foizi Yevrokomissiya prezidentiga ishonmasligini aytdi.
Soʻrov 2025-yilning 30-avgustidan 4-sentyabriga qadar Yevropa Ittifoqining beshta yirik davlati — Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Polshada 5302 nafar yevropaliklar orasida vakillik tanlovi yordamida oʻtkazildi.
Ursula fon der Lyayen va AQSH prezidenti Donald Tramp 27-iyul kuni savdo kelishuviga erishgandi. Unga koʻra, Yevropa Ittifoqining AQSHga eksport qilinadigan deyarli barcha tovarlari endi 15 foizlik bojxona toʻlovlariga tortiladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi AQSHdan suyultirilgan gaz, yadroviy yoqilgʻi va qurol sotib olish majburiyatini olgan. Kelishuv AQSHning poʻlat va alyuminiyga 50 foizlik tariflarini bekor qilishni oʻz ichiga olmaydi, biroq ular keyingi muzokaralar natijasida kamayishi mumkin. Xususan, kelishuv doirasida Yevropa Ittifoqi Vashingtondan 750 milliard dollarlik energiya resurslarini sotib olishga vaʼda bergan — Tramp muddati tugagunga qadar yiliga 250 milliard dollar. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi AQSHga qoʻshimcha 600 milliard dollar sarmoya kiritishni zimmasiga olgan.
Lyayenning Tramp bilan savdo kelishuvi yevropalik siyosatchilar orasida keskin norozilikni keltirib chiqardi.
Taʼkidlanishicha, Amerika Qoʻshma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo bitimi Yevropa sanoati uchun “iqtisodiy falokat” tahdid soladi. Qisqa muddatda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari eksport hajmining pasayishiga, uzoq muddatda esa investitsiyalarning chiqib ketishiga va sanoatga bosimga duch keladi.
“Teng shartlar asosida adolatli kelishuv oʻrniga, endi Yevropaning asosiy tarmoqlariga ogʻirlik qiladigan va AQSHga tarkibiy jihatdan qaramligimizni yanada chuqurlashtiradigan murosaga erishildi”, — dedi Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Katarina Barli “Tagesspiegel” nashri bergan intervyusida.
Uning soʻzlariga koʻra, bu kelishuv yutuq emas, balki Yevropa zaifligining yaqqol belgisidir. Yevrokomissiya kuchli bosim ostida taslim boʻlgan.
Fransuz sotsialistlari yetakchilari Yevropa Ittifoqi va AQSH oʻrtasidagi savdo kelishuvini Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar uchun sharmandalik va boʻysunish yoʻli deb taʼrifladi.
Fransiya sotsialistik partiyasi bosh kotibi Pyer Juvyening aytishicha, Yevropa uchun bu boʻysunish kelishuvi.
Sotsialistik partiya yetakchisi va birinchi kotibi Olivye For esa bu kelishuvni “sharmandalik” deb atadi va yevropaliklar AQSH shartlaridan voz kechib, yagona blok sifatida harakat qilishdan koʻra oʻz milliy manfaatlariga eʼtibor qaratishni afzal koʻrganini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring