“Axsikent” – Qatar va BAA bilan yangi madaniy-innovatsion hamkorlik markaziga aylanmoqda
Namangandagi “Axsikent” arxeologiya parki keyingi paytlarda xalqaro hamkorlik yoʻnalishida faol ish olib bormoqda. Qatar Milliy kutubxonasi va BAAdagi TeamLab Phenomena Abu Dhabi muzeyi bilan yoʻlga qoʻyilgan kelishuvlar esa mamlakatimizning madaniy hayoti, turizm salohiyati va ilmiy-tadqiqot sohasini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Har ikki tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar “Axsikent” arxeologiya parki faoliyati va viloyatning xalqaro nufuziga yangi surʼat berdi.
Dohada boʻlib turgan Namangan delegatsiyasining oʻtgan yil dekabrdagi tashrifi doirasida Qatar Milliy kutubxonasi (QNL) va “Axsikent” arxeologiya parki oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishilgan edi. Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi olib borgan izchil ishlar natijasida ushbu hamkorlik rasmiy ravishda memorandum bilan mustahkamlandi.
Memorandumda qoʻlyozmalarni saqlash va ularni raqamlashtirish, ilmiy, amaliy tajriba almashish, shuningdek, qoʻshma mahorat darslari, treninglar va oʻquv dasturlarini tashkil etish kabi muhim yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik belgilandi.

Elchi Ashraf Xodjayevning aytishicha, 2026-yil fevral oyida Qatardan keng tarkibli delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Ular dasturida Namangan alohida oʻrin tutadi. Chunki Namangan viloyati Qatar bilan hamkorlikda eng faol hududlardan hisoblanadi.
BAAga qilingan tashrif chogʻida Namangan delegatsiyasi TeamLab Phenomena Abu Dhabi muzeyiga ham bordi. Oʻziga xos futuristik installyatsiyalar bilan mashhur, suv, yorugʻlik va havo orqali yaratilgan sanʼat asarlari joylashgan ushbu muzey qisqa vaqtda dunyo sayyohlarining eʼtibor markazida boʻlgan makonlaridan biriga aylangan.
Uchrashuvda “Axsikent” arxeologiya parki direktori Anvar Ikromov muzey rahbari Muhammad Al Zaabi bilan muloqot qilib, oʻzaro tajriba almashish hamda Namanganda zamonaviy muzey loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Turizm boʻyicha mana shunday katta loyihalarga bel bogʻlagan Anvar Ikromov bilan arab diyorlarida safarda boʻlishiga qaramay onlayn formatda suhbatlashib, savolga tutdik.
– TeamLab muzeyiga tashrif sizda qanday taassurot qoldirdi?
– Bu muzeyga kirgan kishi goʻyo boshqa dunyoga tushgandek boʻladi. Texnologiya va tabiat uygʻunligi insonni oʻylantirib qoʻyadi. Interaktiv yorugʻlik installyatsiyalari, harakatlanuvchi suv shakllari – bularning barchasi sanʼatga nisbatan yangi qarashni namoyon qiladi.
– Ushbu tajriba “Axsikent” arxeologiya parki uchun nimalarni beradi?
– Avvalo, bizga zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash zarurligini koʻrsatdi. “Axsikent”da ham kelajakda interaktiv, raqamli ekspozitsiyalar tashkil etish orqali arxeologik merosni yanada jozibali koʻrsatish imkoniyati paydo boʻladi. Sayyohlar uchun ham juda katta qiziqish uygʻotadi.

– Yurtimizda TeamLab kabi muzey barpo etish haqida nima deysiz?
– Juda ham taʼsirli va ichimni qizdirayotgan yangi loyihalarimizga taalluqli boʻlgan savolni berdingiz. Uchrashuvda muzey direktori Muhammad Al Zaabi ham yurtimizda, ayniqsa Namanganda bunday loyiha tashkil etish mumkinligini bildirdi. Agar bu amalga oshsa, Namanganning mavqei butun mintaqa boʻylab ancha oshib ketadi.
TeamLab Phenomenaning 17 ming metr kvadrat maydonga joylashgani kishini tabiatga boʻlgan muhabbatini kuchaytiradi. Xuddi shunday ekzotikaga boy koʻrinishga ega loyihalar vodiy darvozasi Namanganning kelgusida turizm salohiyatini yanada jonlanishiga munosib xizmat qiladi.
Qatar Milliy kutubxonasi va TeamLab Phenomena bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorliklar viloyatning ilmiy-tadqiqot salohiyati, madaniy merosni asrab-avaylash tizimi, turizm va xalqaro hamkorlik koʻlami kabi sohalarda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Tashrif va kelishuvlar viloyatning jahon tajribasini qabul qiluvchi, innovatsiyalar uchun ochiq va xalqaro hamkorlik markaziga aylanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring