Axsikent osori atiqalari hind sayyohlarini hayratga soldi

14:24 24 Yanvar 2023 Jamiyat
1682 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi koʻhna Axsikent shahri xarobalari uzoq vaqtlardan buyon tarixshunos olimlar va sayyohlarni qiziqtirib kelmoqda. Zero, tarixi ikki yarim ming yilga borib taqaladigan Axsikent dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshgan allomalar, xususan, Temuriylar sulolasining zabardast vakili - oʻn ikki yoshida taxtga oʻtirgan shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburni tarbiyalab oʻstirgan kent sifatida maʼlumu mashhur. Garchi 1620-yildagi kuchli yer silkinishi gullab-yashnagan Axsikentni tamoman vayronaga aylantirgan boʻlsada, uning nomi, ajdodlardan qolgan osori atiqalar asrlar qaʼriga singib ketmadi. Oʻz davrida “Fargʻona shaharlarining onasi” deb ulugʻlangan shahriston bugun ilm vakillari, sayyohlar bilan gavjum.

— Qadim tamaddun, ajdodlaringiz aqlu zakosi, toʻgʻrisi, bizni lol qoldirdi, —  deydi hindistonlik sayyoh Ramu Manimoji. — Bundan ming yil avvalgi shaharning suv taqsimlash inshootlari, ochiq osmon osti muzeyida koʻrganimiz - oʻsha davrda har bir xonadonda tozalikka rioya etilishi yurtingizda azaldan ilmu maʼrifat, yuksak madaniyat hukmron ekanligidan dalolatdir.

Bobur kamol topgan maskanni ziyorat etish uchun Chennay shahridan kelgan muhandis-konstruktorlar Ramu Manimoji va Asvini Ramu bu yerdagi obyektlar bilan yaqindan tanishgandan soʻng shunday xulosaga kelishdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, Axsikentni arxeologik jihatdan oʻrganish ishlari XIX asr oxiri va XX asr boshlaridan boshlangan. Ayni jarayonda uning xarobalaridan gʻarbroqda oʻrta asrlarga oid yana bir shahar qoldiqlari borligi aniqlangan. Akademik Yahyo Gʻulomov va arxeolog Inqilob Ahrorov mazkur tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar boʻlganligini, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Zahiriddin Muhammad Bobur kamolga etgan Axsikent ekanligini isbotlaganlar. Bu yerda uzoq yillardan beri qazishma ishlarini olib borayotgan OʻzFA Tarix instituti boʻlim boshligʻi, professor Abdulhamid Anorboyevning amaliy mehnatlari evaziga yodgorlik hududida sakkizta yangi obyekt ochildi. Ushbu obyektlar ochiq osmon ostidagi sakkizta muzeyga asos boʻladi.

— Tarixiy yodgorlikni chinakam jozibador turistik maskanga aylantirish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida uni tomosha qilish uchun kelayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib bormoqda, — deydi Axsikent arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi rahbari Anvar Ikromov. — Yakunlangan yilning oʻzida keluvchilar soni 59 ming kishidan ortgani buning yaqqol tasdigʻidir. Ularning 641 nafari xorijliklardan iborat. Joriy yilda tashrif buyuruvchilar soni 100 ming nafarga yaqinlashishi koʻzda tutilmoqda.

Aytish kerakki, Axsikent zamini ostida tarixning ochilmagan sirlari hali bisyor. Davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori bilan bu joyni yanada chuqur oʻrganish maqsadida ilmiy tadqiqotlar, arxeologik izlanishlar izchil davom ettirilmoqda. Ular barobarida majmuada Zahiriddin Muhammad Boburning haykali oʻrnatilib, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladigan meʼmoriy ansambl tashkil etish, Axsikentni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirib, xalqaro sayyohlik yoʻnalishlariga kiritish koʻzda tutilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?