Akbarobodda dehqonchilik mahallaning asosiy daromad manbaiga aylanmoqda
Quva tumanidagi “Akbarobod” mahalla fuqarolar yigʻini ahli viloyatda kartoshka yetishtirish borasida eng mirishkorlardan hisoblanadi. Shu bois Fargʻona vodiysi bozorlarida Akbarobod kartoshkasi doimo xaridorgir.
Ayni paytda mahalladagi koʻplab xonadonlarda tashkil etilgan issiqxonalarda yiliga 3–4-martagacha hosil olish tajribasi shakllangan. Tomorqalardagi ochiq yer maydonlaridan ham unumli foydalanilib, turli sabzavot, poliz va mevalar yetishtirilmoqda.
Shu mahalladagi mirishkor oilalardan biri — Oybek Aʼzamovlar xonadonda 10 sotix yer maydonida issiqxona barpo etgan. Issiqxonada yilning barcha fasllarida ekin ekilib, uzluksiz daromad olinadi. Ayni qish chillasida rediska hosili pishib yetildi va mahsulot peshma-pesh ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
— Hammasi xohish, intilish va mehnatga bogʻliq, — deydi xonadon sohibi. — Buning samarasini mahalladagi har bir oilaning yashash sharoiti yaxshilanib borayotganida yaqqol koʻrish mumkin.
Uning aytishicha, dastlab mahalladoshlarining issiqxonalarida yetishtirilayotgan rediska, qulupnay, bodring, qalampir, pomidor va kartoshkani koʻrib, havas qilgan. Bugun esa oʻzlari yetishtirgan mahsulotlar, jumladan rediska ham bozor rastalarini toʻldirmoqda. Hozirda bir bogʻ rediska tomorqaning oʻzida oʻrtacha 2 ming soʻmdan sotilmoqda. Qish mavsumi davomida rediskadan 30 million soʻmdan ortiq daromad olish rejalashtirilgan. Keyinchalik uning oʻrniga bulgʻor qalampiri ekiladi va shu tarzda dehqonchilik ishlari yil boʻyi uzluksiz davom etadi.
Aytish joizki, 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan mahallaning asosiy iqtisodiy drayveri dehqonchilik hisoblanadi. Joriy yilda dehqonchilik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mahalladagi hokim yordamchisi Muhiddin Komilov koʻmagida 50 ta mikroloyiha ishlab chiqildi. Istiqbolli loyihalar doirasida zamonaviy issiqxonalar hamda muzlatgichli omborxonalar barpo etish rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring