Ayrim taʼlim muassasalarida “Askiya va qiziqchilik sanʼati” yoʻnalishi ochiladi

15:03 13 Iyul 2023 Madaniyat
1155 0

Foto: Arxiv surat

“Respublikada milliy askiya va qiziqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori (PQ–222-son, 11.07.2023-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, quyidagilar tashkil etiladi:

— Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi;

— har yili soʻz ustalari va qiziqchilar oʻrtasida “Xush kayfiyat” respublika koʻrik-tanlovi;

— har ikki yilda bir marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivali.

Shuningdek, har yili kamida 25 ta audiovizual asar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.

Bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlari BHMning 50 baravari (16 mln 650 ming soʻm) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba oʻz xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari:

— askiya va qiziqchilik sanʼati sohasida taniqli ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

— ushbu qarorda belgilangan tartibda oʻzining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar asosiy ish joyi orqali har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 baravari (4 mln 900 ming soʻm) miqdorida qoʻshimcha ragʻbatlantirib boriladi;

— mahorat maktablariga ular faoliyat yuritadigan muassasa obyektlaridan tekin foydalanish huquqi berilib, ularga ushbu muassasa tomonidan alohida xona ajratiladi.

2024/2025 oʻquv yilidan Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida “Askiya va qiziqchilik sanʼati” yoʻnalishi ochiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?