Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishda Samarqand tajribasi oʻrganilmoqda

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari mavzusida respublika koʻrgazmali seminari oʻtkazilmoqda.
Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari hamda qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, sharoiti ogʻir 71 ta tuman hokimlari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Markaziy bankning hududiy boshqarmalari boshliqlari, har bir hududdan 10 nafardan ogʻir ahvoldagi 1024 ta mahallada faoliyat koʻrsatayotgan hokim yordamchilari va OAV vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida seminar ishtirokchilari yangi tizim boʻyicha Samarqand tumanidagi Shoʻrboyicha mahallasida aholiga ijaraga berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi mahsulotini yetishtirish, ichki bozorga yetkazib berish va eksportga chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Shundan soʻng Dehnav mahallasida 3 ta yoʻnalish boʻyicha aholi xonadonlarida tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, yetishtirilgan mahsulotlarni ichki bozor va eksportga yoʻnaltirish jarayonlari oʻrganildi.
Ushbu mahallada yashovchi Mahfuza Muhammadiyevaning 11 sotix tomorqa yer maydoni bor, shundan 3 sotixi issiqxona.
— Issiqxonani 2019-yilda 10 million soʻm kredit hisobidan qurgan edik, — deydi tomorqachi opaning oʻgʻli Islom Norqulov. — Yiliga 4 marotaba hosil olamiz. Oʻzim SamDU iqtisod yoʻnalishi 1-bosqich talabasiman. Uch tomonlama shartnoma tuzilgan va urugʻliklar yetkazib berishdan tortib, mahsulotni xarid qilishgacha shu yerning oʻzida amalga oshiriladi. Birgina rediskaning oʻzidan bir ekin davomida 20 million soʻmdan ortiq foyda olamiz. Shu daromaddan oʻqishimning bir yillik shartnoma puli chiqadi. Koʻkat ekib sotamiz. Keyin pomidor va bodring ekiladi. Oilamizda 11 kishi yashaydi. Yil davomida uch kishi tomorqa ishlari bilan band boʻladi.
Shu maskanda Dehnav mahallasi hamda viloyatda barcha mahallalarning ixtisoslashuvi, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyilini joriy etish, mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga chiqarish, bozorlarda narx-navoni kamaytirish, mahallaning eksport salohiyatini oshirish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi.
Samarqand tumanidagi Qoʻshtamgʻali mahallasi hududidan oʻtuvchi M-37 avtomagistral yoʻli boʻyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbiri boʻlib oʻtdi. Har bir viloyat va hududlardan kelgan seminar ishtirokchilar oʻzlariga ajratilgan maydonga 5 turdagi, jami 1500 tup manzarali daraxt koʻchatlarini ekishdi. Konigil mahallasi Siyobcha kanali boʻyida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham taassurotlarga boy boʻldi.
Seminar ishtirokchilari Samarqand tumanida tomorqa va dehqon xoʻjaligi yoʻnalishlarida aholini oʻqitish, yerga ishlov berish, mahsulotlarni yetishtirish va sotishga koʻmaklashish bilan shugʻullanayotgan “SAM AGRO CENTER” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda dastlab Samarqand viloyatidagi ogʻir toifadagi mahallalarga zarur boʻlgan 40 ta mini-traktorlar topshirildi.
Tomorqa va dehqon xoʻjaliklari uchun 12 turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari, AQSH, Turkiya, Ispaniya, Fransiya, Rossiya davlatlaridan keltirilgan 25 turdagi “F-1” reproduksiyali, serhosil va kasallikka chidamli sabzavot, poliz va dukkakli ekinlarning urugʻlari namoyish etildi.
Turkiya va Rossiya davlatlaridan jalb etilgan malakali mutaxassislar tomonidan Samarqand tumanidagi tomorqa, dehqon va fermer xoʻjaliklariga koʻmaklashish maqsadida 45 nafar agronomlarni oʻqitish jarayonlari kuzatildi.
Seminar doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring