Aholini uy-joy bilan taʼminlash yanada kengayadi

19:38 23 Yanvar 2025 Siyosat
245 0

Oʻtgan yili yurtimizda jami 40 million kvadrat metrdan ziyod bino-inshootlar qurilgan. Jumladan, 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta koʻp qavatli uylar bunyod etilgan.

Bu faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi emas, balki hududlar iqtisodiyotida yana bir drayver boʻlmoqda. Xususan, mazkur uylarni barpo etishda va yondosh tarmoqlarda 350 ming odam ish bilan taʼminlangan. Mebel, elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari sohalarida qoʻshimcha 11 trillion soʻmlik bozor paydo boʻlgan. Iqtisodiyotda 73 trillion soʻm mablagʻ aylanib, byudjetga 14 trillion soʻm tushgan.

Sohani ragʻbatlantirish uchun 2024-yilda 59 ming odamga 17 trillion soʻm ipoteka krediti ajratilgan. Quruvchi va developerlarga aylanma mablagʻ uchun jami 3 trillion soʻm berilgan.

Imkoniyatlardan toʻla foydalanilsa, natijalar bundan-da yaxshi boʻlardi. Lekin Qoraqalpogʻiston, Jizzax va Sirdaryoda ayrim loyihalar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Baʼzi viloyatlarda auksionda sotib olingan oʻnlab yerlarda qurilish boshlanmagan. Aholi va infratuzilmadan uzoq joyda qurilgani uchun 781 ta xonadon sotilmagan.

Davlatimiz rahbari, ayniqsa, “Yangi Oʻzbekiston” massivlaridagi ishlarning borishidan noroziligini bildirdi.

– “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish bu – Prezident siyosati. Ular bilan hududlar obod boʻladi, madaniyat, maʼrifat, dunyoqarash oʻzgaradi, savdo va xizmatlar koʻpayadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois bu borada yangi tartib belgilandi. Endi “Yangi Oʻzbekiston” massiviga ajratilgan yer boʻyicha loyihalash 2 oydan oshmasligi, 3 oy ichida qurilish boshlanishi kerak. Bu talab buzilsa, yer qayta auksionga chiqariladi. Loyiha koʻpi bilan oʻn besh kunda ekspertizadan oʻtkaziladi.

Bu yil ushbu massivlar infratuzilmasi uchun 1,2 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinishi bilan, developerlarga hozirgidan pastroq stavkada 1 milliard dollar aylanma mablagʻ jalb etish imkoniyati paydo boʻladi. Muhimi, ularni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish, uy bitmasdan ham boshqa odamga sotish imkoniga ega boʻladi.

Ishonchli developerlar uchun yana bir imkoniyat: imoratning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin boʻladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipoteka kreditlari uchun ham tatbiq etiladi.

Quruvchi tashkilotlar qurilish boshlaganidan yakunlagunicha, lekin koʻpi bilan 12 oy davomida yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi. Obyekt muddatida topshirilmasa, developer yer soligʻini 2 karra miqdorda toʻlaydi.

“Yangi Oʻzbekiston” massivi uchun ajratilgan yerning 10 foizi developerlarga tijorat binolari qurish uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi. Uylarning 1-2-qavatida xususiy bogʻchalar ochish qoʻllab-quvvatlanib, mulk soligʻidan ham ozod etiladi.

Umuman, 2030-yilgacha 100 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metrli 2 mingta xonadon quriladi.

Ishlarni sifatli tashkillashtirish uchun zamonaviy menejerlardan iborat “Oʻz uyim” kompaniyasi tuziladi. Ushbu kompaniya “Yangi Oʻzbekiston” massivlariga yer tanlash, loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishga masʼul boʻladi.

Mutasaddilarga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, kelgusi besh yil uchun uy-joy siyosati strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Qurilish sifati va nazorati masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Endi bu jarayonlar soddalashtirilishi qayd etildi.

Jumaladan, binokorlar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Inshootning loyihaga mosligini Qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Zarur hollarda, boshqa sohadagi mutaxassislarni jalb qiladi. Qurilish davomida zilzilaga bardoshlilikni sinovdan oʻtkazgan laboratoriyaning oʻzi oxirida qoʻshimcha haq olmay xulosa beradi. Binoni foydalanishga topshirishda hozirgi 7 ta idora oʻrniga faqat 2 ta – Qurilish inspeksiyasi va yongʻin xavfsizligining xulosasi yetarli boʻladi.

Maʼlumki, yaqinda Toshkent shahrini Bosh rejasi tasdiqlandi. Endi arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va qurilishga ruxsat berish jarayonini birlashtirib, bunga ketadigan vaqtni 2 karra qisqartirish zarurligi aytildi. Bu tizim kelgusi yildan boshqa viloyatlarda ham yoʻlga qoʻyiladi. Yer olishdan boshlab, binoni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan har bir bosqich koʻrinib turadigan raqamli tizim yaratiladi.

Sohaga salohiyatli developerlarni jalb qilish maqsadida, bundan buyon koʻp qavatli uy qurish uchun yerlar auksionda faqat QQS toʻlovchi yuridik shaxslarga sotiladi.

Bugungi kunda 15 mingga yaqin koʻp qavatli uylarga tutash maydon mulkdorga biriktirilmagani sababli boshqaruv-servis kompaniyasi xizmat koʻrsatadigan hududlar chegarasi maʼlum emas. Bunday joylarni aniq belgilab, kompaniyalarga biriktirish, daraxtlar ekib, atrof-muhitni asrash yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Bu boradagi shartnomaviy munosabatlar va yashil hudud boʻyicha meʼyorlarni qonun bilan mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda mamlakatimizda 120 ming xonadonli koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentda 15 ming xonadon barpo qilish koʻzda tutilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi. Energiya barqarorligini taʼminlash uchun xususiy sheriklik asosida 100 megavatt soat sigʻimli elektr saqlash quvvati oʻrnatiladi.

Yangi Toshkentdagi uylarni isitish va sovutish markazlashgan “uch generatsiya” tizimi orqali boʻladi. Buning hisobiga yoz mavsumida elektr sarfi 4 karra qisqaradi. Barcha bino-inshootlarga yuqori energiya samaradorlik talablari joriy qilinadi. Transport, yoritish tizimlari va zaryadlash stansiyalari faqat “yashil” texnologiyalar asosida boʻladi.

Eski uylarni renovatsiya asosida yangilash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Bunda yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi. Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi oʻzgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish oʻrni koʻpayib, iqtisodiyot rivojlanadi.

Jizzax, Margʻilon, Qoʻqon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Doʻstlik va poytaxt tumanlarida shunday ishlar boshlangan. Bu bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham amalga oshiriladi.

Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15 trillion 500 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qoʻshimcha 10 trillion soʻm, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlangʻich badaliga byudjetdan subsidiya toʻlangan holda, daromadi yuqori boʻlmagan oilalarga beriladi.

Yigʻilishda viloyat hokimlari “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qurilishi, ipoteka va renovatsiya loyihalari boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер