Aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda

12:10 10 Iyul 2024 Siyosat
159 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning 54-yalpi majlisida “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Ushbu hujjat bilan sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ish beruvchining boʻsh ish oʻrinlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonunda xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari aniq belgilab berilayotganligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan oʻzaro muvofiqlashtirilayotganligi kelgusida ishchilarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonunda bandlikni ragʻbatlantirish va aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar vazirlik va idoralarning mablagʻlari hisobidan koʻrsatilayotgan moliyaviy yordamlar, yaʼni subsidiyalar ularning maqsadli jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilib, ssuda ajratish yoki rad etishning asoslari belgilab qoʻyilmoqda.

Ish qidirayotgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. Unga koʻra ish qidirayotgan shaxslarning ish staji, maʼlumoti (mavjud boʻlgan taqdirda), ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlar mahalliy mehnat organi tomonidan masʼul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinishi belgilanmoqda.

Qonunda ishga joylashtirishga doir yoʻllanmalar va ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun asosida mehnat shartnomasi alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar belgilanib, agar mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida oʻrtacha oylik ish haqining ishdan boʻshatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq koʻpi bilan ikki oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda ishdan va ish haqi (mehnat daromadi)dan mahrum boʻlgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi miqdorini belgilash shartlariga aniqlik kiritilib, ishsizlik nafaqasini toʻlashni tugatish va toʻxtatib turish tartiblari takomillashtirilmoqda.

Bundan tashqari, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan bunday ishlarda ishtirok etish uchun mehnat shartnomasi muddatini oʻn bir oygacha boʻlgan muddatga tuzish asoslari, ishsiz shaxslarga stipendiya toʻlash shartlari belgilanmoqda hamda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari takomillashtirilmoqda.

Hujjatda ishsiz shaxslarga kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiyalarni toʻlash mezonlari aniq belgilanmoqda.

Taʼkidlangandek, mazkur Qonunning qabul qilinishi ishga joylashtirish boʻyicha aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, ishga joylashtirish boʻyicha murojaat qilayotgan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qoʻyish hamda aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер