Agroklasterlarni tartibga solishda qanday muammolar mavjud?

13:35 17 Aprel 2021 Iqtisodiyot
18924 0

AOKAda oʻtgan brifingda Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Otajon Toshpoʻlatov mavzu yuzasidan maʼlumot berdi:

— Qishloq xoʻjaligini jadal rivojlantirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish, qishloq ahlining turmush sharoitini yaxshilash, manfaatdorligini taʼminlash masalalari sohada ishlab chiqarishning zamonaviy usuli — klasterlar tizimi bilan bogʻliq.

Biroq oʻtgan davrdagi tajriba klasterlarni huquqiy jihatdan tartibga solish borasida qator muammolar borligini koʻrsatmoqda. Jumladan:

▪️agrosanoat klasterining huquqiy maqomi belgilanmagan (masalan, normativ-huquqiy hujjatlarda agrosanoat klasterining maqomi, uning mezonlari va tugatish asoslari mavjud emas);

▪️agrosanoat klasterlarini tashkil etish yuzasidan yagona yondashuv mavjud emas (masalan, meva-sabzavot klasterlari faoliyati tashabbuskor, mahalliy davlat hokimiyati organlari va Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama kelishuv asosida, sholichilik klasterlari tashabbuskor va mahalliy davlat hokimiyati organlar bilan tuziladigan ikki tomonlama bitim asosida yoʻlga qoʻyiladi);

▪️agrosanoat klasterlari va davlat oʻrtasidagi munosabatlar tartibga solinmagan;

▪️fermer xoʻjaliklarini agrosanoat klasterlariga majburiy tartibda biriktirilishi amaliyoti mavjud;

▪️agrosanoat klasterlariga yer uchastkalarini ajratishda yagona yondashuv mavjud emas;

▪️agrosanoat klasterlarining yer uchastkalarini olib qoʻyish va fermerlar xoʻjaliklari bilan shartnomalarini bekor qilishda maʼmuriy aralashuvlar mavjud;

▪️agroklasterlarning rivojlanishiga asosiy turtki boʻladigan qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarini shakllantirish tizimi mavjud emas;

▪️oʻzaro hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish va erkin birlashishga ruhiy (psixologik) jihatdan tayyor emaslik, xoʻjalik yuritishda oʻz-oʻzini boshqarish koʻnikmalarining yetishmasligi;

▪️kooperatsiya tuzilmalarini tashkil etishga agrobiznesning hissadorlik korxonalari, xususiy tadbirkorlari va vositachilari tomonidan qarshi taʼsir va raqobatning mavjudligi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер