Agrar tarmoqda yuritilayotgan oqilona siyosat oʻzbek dehqonchiligining tarixiy dovrugʻini qayta tiklash imkonini bermoqda

11:11 16 Sentyabr 2025 Iqtisodiyot
70 0

Oʻzbekiston zamini haqida gap ketganda, “tuprogʻi — oltin, suvi — zar”, deya taʼrif beriladi. Dehqon-u sohibkorlarimiz yerimiz unumdorligi, iqlim moʻtadilligi bilan haqli ravishda faxrlanishadi. Chunki tuproq-iqlim sharoitimiz qishloq xoʻjaligining barcha tarmogʻini rivojlantirish, qoʻshimcha daromad manbalarini shakllantirish uchun juda qulay. Yaponlardek suv ustiga, xitoyliklardek qum ustiga tuproq tashlab, dehqonchilik qilinmaydi. Isroildagi fermerlar singari xorijdan unumdor tuproq keltirishga ham hojat yoʻq. Zaminimiz oʻta saxovatli. Yerga urugʻ qadasak, bexato unib chiqadi. Biroq ana shunday tabiiy imkoniyatlarni toʻliq ishga sola olyapmizmi? Yerning haqiqiy egasi hisoblangan fermerlar ixtiyoriga ishonib topshirilgan 3,85 million gektar ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi qay darajada?

Masalaga bu jihatdan yondashishimizning boisi bor, albatta. Sababi, global iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslarining kamayishi taʼsirida oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyoda eng dolzarb vazifaga aylandi. Bu masala aholisining soni muttasil oʻsib borayotgan mamlakatimizga ham taalluqli. Ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, aholini muhim isteʼmol tovarlari bilan barqaror taʼminlash davlat va hukumatimizning doimiy diqqat-eʼtibori markazida turibdi. Shunday ekan, yer resursimizning “oltin fondi” boʻlgan sugʻoriladigan maydonlarda dehqonchilik qilayotgan fermer xoʻjaliklarining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi roli qanday?

Oʻzbekiston Fermerlari kengashidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, ayni paytda respublikamizda 91,9 mingta fermer xoʻjaligi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ular tabiat injiqliklariga qaramasdan qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil olishga erishmoqda. Natijada joriy yilning oʻtgan davrida 9 mln. tonna don, 16 mln. tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 mln. tonna meva va uzum, 4 mln. tonna kartoshka, 15 mln. tonnadan koʻp goʻsht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirildi. Bu raqamlar yil yakuni boʻyicha yanada ortishi kutilyapti. Negaki, qishloq xoʻjaligida pishiqchilik mavsumi kech kuzgacha davom etadi.

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi maqomi qanday?

Yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichida agrar sohani rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ayniqsa, fermerlik harakatining nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotidagi muhim rolini inobatga olgan holda, ularni koʻp tarmoqli biznes tuzilmalariga aylantirish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Bu saʼy-harakatlar zamirida, avvalo, qishloq aholisi va fermerlarning manfaati mujassamdir. Chunki fermer faqatgina dehqonchilik yoki chorvachilikka koʻz tikib oʻtirmay, qoʻshimcha tarmoqlarni yoʻlga qoʻysa, yangi ish oʻrinlari ochilib, odamlarning bandligi taʼminlanadi, ularning daromad manbai koʻpayadi. Qolaversa, bugungi shiddatkor davrning oʻzi qishloq mulkdorlari oldiga zamon talablariga mos faoliyat yuritishni qoʻyayotir.

Tabiiy savol tugʻiladi: koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining maqomi qanday? Kimlarni bu toifaga kiritish mumkin?

Oʻzbekiston Fermerlari kengashi boʻlimi boshligʻi Zokir Allamuradovning aytishicha, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan birga, bogʻ va dala neʼmatlarini qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish, bir soʻz bilan aytganda, faoliyatning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklariga nisbatan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi maqomi qoʻllaniladi.

— Bugungi kunda respublikada mavjud fermer xoʻjaliklarining 83,4 mingtasi koʻp tarmoqli boʻlib, ular dehqonchilik barobarida, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, servis xizmatlari koʻrsatish hamda boshqa yoʻnalishlarda ham samarali faoliyat yuritib kelishmoqda, — deydi Z. Allamuradov. — Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi “Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestrini yuritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Fermerlari kengashi tomonidan Adliya hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazi “my.gov.uz” platformasiga “Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestri” toʻliq integratsiya qilingani fermerlar uchun qoʻshimcha qulaylik boʻldi. Endilikda fermer xoʻjaliklarini “Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestri”ga kiritish uchun barcha fermer xoʻjaliklari rahbarlari “my.gov.uz” platformasiga ariza bilan murojaat etish imkoniyatiga ega. Buning natijasida 2025-yilning birinchi yarim yilligida 15,7 mingta fermer xoʻjaligi Davlat xizmatlari markazi orqali “Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reyestri”ga kiritildi.

“Choʻlni boʻstonga aylantiramiz!”

Ochigʻini aytish kerak, yaqin-yaqingacha aksariyat fermerlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish bilan cheklanib qolayotgan edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017-yildan eʼtiboran fermer xoʻjaliklari faoliyatini kengaytirish, qishloqning chinakam tadbirkoriga aylantirish boʻyicha amaliy ishlar kuchaytirildi. Natijada sohadagi kamchiliklar bartaraf etilib, barcha fermer xoʻjaliklari bosqichma-bosqich koʻp tarmoqli subyekt maqomiga ega boʻla boshladi.

— Toʻgʻrisi, ilgari ming mashaqqat bilan yetishtirgan paxtamizning pulini ololmay, sarson boʻlib yurardik, — deydi Qiziltepa tumanidagi “Safarobod bogʻi” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi rahbari Tursunpoʻlat Rajabov. — Bugun halol ishlagan fermer ham pulini olyapti, ham qoʻshimcha ragʻbat koʻryapti. Boshqani qoʻya turaylik, oʻzim misolimda aytsam, 2017-yilda paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishganim uchun Prezident sovgʻasi — “Kaptiva” avtomobili bilan taqdirlandim. Bir dehqonga eʼtibor boʻlsa, shunchalik boʻladi-da!

Bilasiz, qishloq xoʻjaligi rivoji, ekinning taqdiri suvga bogʻliq. Bizning yerlar choʻl hududida joylashgani uchun suvni yetaklab kelishning oʻzi ming azob edi. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan suv yoʻllarini betonlashtirish harakati boshlangach, bu muammo ham yechildi. Biz suv oladigan Qarnob kanalining 17 kilometri betonlashtirildi. Bu jarayonda tomoshabin boʻlib oʻtirmasdan fermer xoʻjaligimiz hisobidan ushbu kanalning 5 kilometriga oʻzimiz beton yotqizdik. Natijada avvallari dalamizga suv 10 soatda kelsa, endilikda 1 soatda yetib kelyapti.

Suv muammosi hal etilgach, undan tejab-tergab foydalanish maqsadida tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻydik. Eng quvonarlisi, 400 gektar yangi yer oʻzlashtirib, ushbu joyda ham dehqonchilik qilyapmiz. Paxta maydonimizning oʻzi 500 gektar. Undan 2 ming tonnadan ortiq hosil olishni moʻljallab turibmiz.

Fermerning aytishicha, dehqonchilikdan tashqari, asal-arichilik, parrandachilik, chorvachilik ham ular zimmasida. Birgina boʻrdoqichilik fermasida 100 bosh novvos tayyor boʻldi. Aholiga arzon goʻsht mahsulotlari yetkazib berishni niyat qilgan xoʻjalik jamoasi bular bilan cheklanib qolmasdan, qoʻychilikni ham yoʻlga qoʻydi. Buning ortidan fermer xoʻjaligida ishlayotgan 520 kishining roʻzgʻori but, turmushi farovon.

Eng ibratlisi, fermer “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Surxondaryo viloyatidan 10 ming tup archa koʻchati olib kelib ekibdi. Bugun bu nihollarni koʻrgan kishi bir quvonsa, choʻlning bogʻ-u boʻstonga aylanayotganidan yuz chandon sevinadi. Bularning bari agrar sohada yuritilayotgan oqilona siyosatning mevasidir.

Qishloq xoʻjaligida yangi davr

Bugun yurtimizning qay bir hududiga bormang, fermerlar har qarich yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish, takroriy ekinlar yetishtirib, el dasturxonini turfa noz-neʼmatlar bilan toʻldirish, eksport hajmini kengaytirishga munosib hissa qoʻshish niyatida ter toʻkayotganining ustidan chiqasiz. Birgina shu yilning oʻzida 414,1 ming gektar asosiy maydon va 200,9 ming gektar tokzor oralarida sabzavot, poliz va kartoshka yetishtirilgan boʻlsa, gʻalladan boʻshagan yana 896,5 ming gektar maydonda takroriy ekinlar parvarishlanyapti. Bunga yangi oʻzlashtirilgan 341,3 ming gektar yerda ham dukkakli, poliz va sabzavot ekinlari joylashtirilganini qoʻshadigan boʻlsak, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻlami yaqqolroq koʻrinadi.

Shubhasiz, bu soʻnggi yillarda sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, fermerlarga imtiyozli kredit va soliq yengilliklari berish, kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgani, ayniqsa, yer egalarining huquqlari himoyasi kuchaytirilgani samarasidir. Eʼtibor qiling-a, Kengash huquqshunoslari fermerlar huquqiy himoya borasida sudlarga 1,1 trln. soʻmlik 4 400 ta daʼvo arizasi kiritgan edi. Ulardan 3 152 tasi qanoatlantirilib, fermerlar hisobiga 517,9 mlrd. soʻm mablagʻ undirib berildi. Shu bilan birga, qarzdor tashkilot va korxonalarga 1,4 trln. soʻmlik 9 766 ta talabnoma yuborilib, 547,1 mlrd. soʻm ixtiyoriy ravishda undirildi.

Qishloq mulkdorlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq, albatta. Shu yilning birinchi yarmida “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali 242,6 mlrd. soʻmlik subsidiya taqdim etilgani fikrimiz tasdigʻidir. Ushbu mablagʻ, asosan, suv tejaydigan sugʻorish tizimlari va lazerli yer tekislagichlar xaridiga yoʻnaltirildi.

— Oʻz hisobidan paxta yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya berish tizimi joriy qilingani fermerlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi navbatdagi qadam boʻldi, — deydi Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” fermer xoʻjaligi rahbari Otabek Qurbonov. — Shu bois biz 190 gektar yerda bank krediti olmasdan, oʻz hisobimizdan paxta yetishtiryapmiz. Gektaridan 60 sentnerdan hosil kutyapmiz. Bu natijaga amalda erishsak, gektariga 5 million soʻmdan subsidiya olamiz. Bu paxta yetishtirish uchun ketgan xarajatimizning toʻrtdan birini qoplaydi.

Yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlardan unumli foydalanib, faoliyatimizni koʻp tarmoqliga aylantirmoqchimiz. Bunda aholining goʻshtga boʻlgan talabi ortib borayotganini inobatga olgan holda, chorvachilikni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Ayni paytda 1000 bosh qoramolni parvarishlash boʻyicha biznes-reja ustida ishlayapmiz.

Fermerdan dehqonning qoʻl-qanoti boʻlgan texnikalari haqida soʻraymiz:

— Qanday texnikalaringiz bor?

— Qanday texnikalaringiz yoʻq, deb soʻramaysizmi? — deya savolimizga savol bilan javob qaytaradi fermer. — Imtiyozli lizinglar mashina-traktor parkimizni zamonaviy va qudratli texnikalar bilan toʻldirish imkonini berdi. Qishloq xoʻjaligida zarur boʻladigan qanday texnika boʻlsa, barchasidan bor. Hatto 2 ta “John Deere” paxta terish mashinasi ham olganmiz. Bu yil Xitoy kompaniyasidan 2 ta dron sotib oldik. Ilgari traktor kashf qilinganda, u dehqonlarga qanchalik yengillik yaratgan boʻlsa, bugun dronlar fermerlarning qoʻl-qanotiga aylanib boryapti. Hisob-kitoblarimizga koʻra, 50 kilogacha yuk koʻtarish quvvatiga ega ushbu uchuvchisiz uchish qurilmalari sarf-xarajatni kamaytirish barobarida, hosildorlikni 10 — 15 sentnerga oshirish imkonini beryapti. Bu qishloq xoʻjaligida yangi davrga qadam qoʻyganimizni anglatadi.

Ustuvor maqsad — hosildorlikni 100 sentnerga yetkazish

Bugun dehqonchilik ortidan boy boʻlish, katta mehnat resursiga ega qishloq joylarda bandlik masalasini uzil-kesil hal etib boʻlmasligini barcha anglab yetgan. Sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsiyalarni kengroq qoʻllash, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, albatta, qoʻshimcha tarmoqlarni oʻzlashtirish yangi istiqbollarni ochishi mumkin. Shu bois fermerlarning bilim va malakasini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilib, shu yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotova nomidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan texnikum hamda boshqa oʻquv markazlarida 600 nafarga yaqin rahbar va mutaxassislar qayta tayyorlandi.

Natijasimi? Ilgari fermer xoʻjaligining asosiy daromadi paxtachilik va gʻallachilik hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, bugun bu boradagi manzara oʻzgaryapti: daromadning katta qismi qayta ishlash, chorvachilik, servis xizmatlari va sanoat tarmoqlarini rivojlantirish orqali shakllanmoqda. Koʻplab ilgʻor fermer xoʻjaliklarida Germaniya, Rossiya, Isroil, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlardan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelinib, goʻsht, sut va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Tayyorlanayotgan isteʼmol tovarlarining salmoqli qismi eksport qilinayotgani islohotlar yuksak samaralar berayotganini koʻrsatadi.

— Ilgari paxtadan 18 — 20 sentner, gʻalladan 15 — 20 sentner hosil olsak, quvonib yurardik, — deya mulohaza qiladi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumanidagi “Bekman Allaberganov” fermer xoʻjaligi rahbari Ilhom Palvonov. — Prezidentimiz chaqirigʻiga javoban, ilm-fan yutuqlariga tayanib, sidqidildan mehnat qiladigan boʻlsak, hosildorlikni bemalol 100 sentnergacha chiqarishimiz mumkin. AQSH, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Isroil, Turkiya singari koʻplab xorijiy davlatlarda paxtadan 80 — 90 sentnerdan hosil olinayotgan paytda nega biz 50 — 60 sentner bilan kifoyalanib oʻtirishimiz kerak?..

Ota-bobolarimiz dehqon oʻtgan, bizda poydevor kuchli. Hozir paxtachilikda peshqadam boʻlganlar vaqtida yurtimizga kelib, dehqonchilik sir-asrorlarini bizdan oʻrganib ketishgan. Qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan bugungi islohotlar ana oʻsha dovrugʻimizni qayta tiklash imkonini beradi.

Koʻp tarmoqli faoliyat — bu bozor iqtisodiyoti sharoitida fermer xoʻjaliklari uchun asosiy turdagi mahsulot ishlab chiqarishda iqtisodiy yordam boʻladigan qoʻshimcha daromad manbaidir. Qolaversa, u qishloqqa sanoatni olib kirish, qishloq infratuzilmasini shakllantirish orqali bandlik darajasini taʼminlash, tabiiy ofat va boshqa kutilmagan holatlar yuz berganda yoʻqotishlar oqibatlarini yumshatish imkonini beradi. Eng asosiysi, innovatsiya hamda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda, yerdan va xomashyodan chuqur foydalanish evaziga ichki bozorda mahsulotlarga boʻlgan talab tobora moʻtadillashuviga, eksport hajmi keskin oshishiga xizmat qiladi. Zero, bugun fermerlik harakati ravnaqi yoʻlida hayotga tatbiq qilinayotgan yangiliklardan koʻzlangan maqsad-muddao ham ushbu ezgu maqsadlarga tezroq erishishdir.

Said RAHMON,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер