Agar deputatlarning taklifi qoʻllab-quvvatlansa, hokimlar kengash raisligidan ketishi mumkin

15:18 09 Iyul 2024 Siyosat
2281 0

Foto: Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

Maʼlum boʻlishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasida viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutuvchi yangi norma oʻz aksini topgan.

Qayd etish kerakki, bu yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda 2023-yildayoq belgilab qoʻyilgan edi. Shunga qaramasdan, xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi kerak boʻlganda ham, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi holatlari kuzatilgandi.

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlar chiqilgan qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlar hamda mahalliy Kengashlarning vakolatlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, mahalliy Kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, Xalq deputatlari Kengashi raisi oʻz vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi, kengashlar yigʻilishlarida hokim nomzodi koʻrib chiqilayotganida nomzod mahalliy Kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi, mahalliy Kengash va hokim qabul qiladigan hujjatlar Yagona elektron tizimda (e-qaror.gov.uz) roʻyxatdan oʻtkazilishi va tizimga joylashtirilishi, roʻyxatdan oʻtkazilmagan hujjatlarning haqiqiy emas, deb hisoblanishi ham belgilanmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahri, Yunusobod tumani “Turkiston-53” saylov okrugida boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzodi koʻrsatilgan Shavkat Boʻronovich Umurzakov Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining deputati etib saylangani aytib oʻtilgandi. Shavkat Umurzakov ayni paytda Toshkent shahar hokimi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер