Afruza Hamdamova: Jahon shaxmat yulduzlarini tarixiy va hamisha navqiron Samarqand shahrimizda koʻrganimdan xursandman

18:50 04 Sentyabr 2025 Jamiyat
150 0

Kuni kecha dunyoning 39 mamlakatidan tashrif buyurgan 170 dan ortiq shaxmatchilar tarixiy va azim Samarqandda jam boʻldi. Buning asosiy sababi esa yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan “Grand Swiss 2025” xalqaro shaxmat turniridir.

Maʼlumki, ushbu nufuzli musobaqa koʻp yillardan buyon shveysarcha tizimda 11 tur davomida oʻtkaziladi hamda unda jahon shaxmat reytingida yuqori oʻrinlarni egallab kelayotgan kuchli grossmeysterlar, shuningdek, FIDE prezidenti tavsiyasi bilan taklif etilgan shaxmatchi va xalqaro musobaqalar gʻoliblari ishtirok etib keladi.

Yurtimizda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE), Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu turnirning umumiy mukofot jamgʻarmasi 855 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, musobaqa orqali dunyo reytingining “TOP-100”taligiga kirgan kuchli shaxmatchilar orasidan toʻrt nafar shaxmatchi — 2 nafar erkak va 2 nafar ayol jahon shaxmat toji uchun “Talabgorlar turniri”ga saralab olinadi.

— Mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida qator loyiha hamda dasturlar amalga oshirilmoqda, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev. — Soʻnggi yillarda respublikamizning turli hududlarida koʻplab zamonaviy shaxmat klublari tashkil etildi, yoshlar oʻrtasida har oyda muntazam nufuzli chempionatlar oʻtkazilmoqda. Pirovardida yoshlarimiz xalqaro musobaqalar, jahon chempionati va kubogi bahslarida gʻolibu sovrindorlarga aylanishmoqda. Mazkur turnir ham nafaqat jahon darajasidagi shaxmatchilarni saralash, balki kelgusi yil yurtimiz, aynan Samarqandda oʻtkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan tayyorgarlik jarayonining muhim bosqichi oʻlaroq ahamiyatlidir.

3-sentyabr kuni Samarqand shahrida turnirning ochilish marosimi tashkil etildi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich soʻzga chiqib, ushbu shaxmat bayrami bilan hammani qutladi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi. Shundan soʻng qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Musobaqada mazkur turnirining birinchi raqamli ishtirokchisi Rameshbabu Praggnanandxa, amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukesh, yaqinda Hindistonda oʻtkazilgan nufuzli turnirda gʻoliblikka erishgan germaniyalik Vinsent Kaymer hamda Aliriza Firuzja, Anish Giri, Vidit Santosh Gujrati, Nodirbek Abdusattorov, Levon Aronyan kabi oʻnlab jahon reytingida yuqori natijalar qayd etayotgan shaxmatchilar gʻoliblikka asosiy daʼvogar sifatida bahs olib bormoqda.

Qayd etish joizki, bellashuvning erkaklar guruhida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nigʻmatov, Abdumalik Abdusalimov, ayollar guruhida esa Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Xalilova yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.

— Jahon shaxmat yulduzlarini tarixiy va hamisha navqiron Samarqand shahrimizda koʻrganimdan xursandman, — deydi Afruza Hamdamova. — Odatda men yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqalarda qatnashaman, bu gal esa kattalar oʻrtasidagi mazkur turnirda omadimni sinab koʻrmoqchiman. Musobaqada jahon reytingidagi shaxmatchilar bilan 11 raund munosib kurash olib borib, yaxshi natijalar koʻrsataman, degan umiddaman.

Ishonamizki, ushbu musobaqa nafaqat shaxmat ixlosmandlari uchun yirik voqea, balki Oʻzbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzi yanada oshishiga xizmat qiladi.

Musobaqa 15-sentyabr kuni yakunlanadi.

Rahmatjon BOBOJONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер