Afgʻoniston mojarosi va yangi Oʻzbekiston: eski muammoga yangicha yondashuv

09:48 15 Iyul 2021 Siyosat
2362 0

15-16-iyul kunlari poytaxtimiz “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuida oʻtkaziladigan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qiladi. Nomlanishining oʻziyoq anjumanda koʻrib chiqiladigan muammolar haqida yetarlicha tasavvur beradi.

Ammo Oʻzbekiston Prezidentining ana shu nufuzli tadbirni oʻtkazish tashabbusidan kelib chiqadigan asl maqsadi va mohiyatini, yaʼni anjuman muvaffaqiyati hamda boʻlib oʻtadigan muzokaralardan kutilayotgan natijalar ahamiyati nafaqat mintaqa, balki keng dunyo hamjamiyati manfaatlari uchun naqadar dolzarb va olamshumul boʻlishi mumkinligini hali koʻpchilik aniq-tiniq tushunib yetganicha yoʻq.

Zahmatkash afgʻon yurtida mustabid shoʻrolar tuzumining mustamlakachilik siyosati oqibatida yoʻqolgan tinchlik, mana 40 yildan oshdiki, hamon tiklanmadi. Jugʻrofiy jihatdan Afgʻoniston hududining Shimoliy qismi Markaziy Osiyoda, qolgan qismi esa Osiyoning Janubida joylashgan, yaʼni ikki submintaqa oʻrtasidagi davlatdir. Ammo, afsuski, hozirgi kungacha Afgʻoniston va afgʻon mojarosi ana shu ikki submintaqani oʻzaro bogʻlab turuvchi koʻprik boʻlib emas, aksincha, ularni bir-biridan ajratib turuvchi gʻov, katta bir toʻsiq sifatida “xizmat” qilib kelmoqda.

Shu asnoda Shavkat Mirziyoyev oʻz tashabbusida afgʻon masalasiga mutlaqo boshqacha nuqtayi nazardan qarashni taklif qilmoqda, yaʼni Afgʻonistonning ana shu jugʻrofiy holatini uning geosiyosiy va geoiqtisodiy ustunligiga aylantirish lozim. Bu esa, oʻz navbatida, afgʻon mojarosini imkon boricha tezroq hal qilish vazifasini qoʻyadi.

Agar ushbu maqsadga erishilsa, afgʻon diyori hammaga xavf-xatar tugʻdiradigan hudud degan mudhish maqomdan qutulib, Markaziy va Janubiy Osiyo submintaqalarini bir-biriga chambarchas bogʻlaydigan, ular oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlaydigan muhim koʻprikka aylanadi.

Shavkat Mirziyoyev taklif qilayotgan reja amalga oshgan taqdirda, Yer yuzining qariyb 2 milliard aholisi yashaydigan hududda barqaror tinchlikka erishish, kambagʻallikdan qutulish va iqtisodiy-ijtimoiy oʻsish masalalarida misli koʻrilmagan imkoniyatlar eshigi ochilib, mutlaqo oʻzgacha geosiyosiy vaziyat va ijobiy istiqbollar yuzaga kelishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning Toshkent xalqaro konferensiyasini oʻtkazish tashabbusi zamirida aynan shu asl mohiyat yotadi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu maʼnoda, ushbu nufuzli anjuman arafasida uning kun tartibi doirasida koʻrib chiqilishi mumkin boʻlgan afgʻon mojarosi va uning ayrim qirralari haqida sal kengroq toʻxtalib oʻtishni lozim topdik.

Nega qoʻshnilarimiz muammosini hal qilishga bel bogʻladik?

Oʻzbekiston davlati va oʻzbek xalqining Markaziy Osiyoda tutgan oʻziga xos tarixiy-siyosiy hamda strategik oʻrnini hech kim inkor eta olmaydi. Yaʼni mamlakatimiz nafaqat geosiyosiy va geoiqtisodiy nuqtayi nazardan, balki mafkuraviy, madaniy-maʼrifiy hamda diniy jihatlardan ham mintaqa va uning aholisini doimo birlashtirib kelgani hammaga maʼlum.

Oʻtgan asrning 80-yillarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan Toshkent shahriga “Tinchlik elchisi” degan faxriy unvon berilgani ham bejiz emas.

Oʻz navbatida, uzoq asrlar davomida oʻzbeklar butun mintaqa boʻylab, shu jumladan, Afgʻoniston hududida keng tarqalganini koʻrish mumkin. Hozirgi kunda ham Markaziy Osiyo siyosiy xaritasidan joy olgan barcha davlatlarda millionlab oʻzbeklar istiqomat qiladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, qoʻshni davlatlarda yashovchi oʻzbeklar “mahalliy xalq” maqomiga ega. Yaʼni ularga nisbatan “diaspora” (qoʻpolroq tarjimada — “kelgindi xalq”) tushunchasi qoʻllanilmaydi.

Afgʻoniston ham bundan mustasno emas. Bu oʻlka millatdoshlarimiz azaldan istiqomat qilib kelayotgan makondir. Va aynan shu bois ham bu davlat biz uchun begona yurt hisoblanmaydi, desak, xato boʻlmaydi, nazarimda. Bugun ushbu davlatning Oʻzbekistonga qoʻshni Shimoliy viloyatlarida 20 dan ortiq oʻzbek etnik urugʻlariga mansub boʻlgan taxminan 5-6 million millatdoshimiz yashaydi, deb taxmin qilinadi (yaqin oʻtmishda rasmiy xatlov oʻtkazilmagan). Boz ustiga, tarixda oʻzbeklar ushbu hududda qurgan saltanatlar nafaqat musulmon olami, balki dunyoda keng shuhrat topgani ham sir emas.

Binobarin, Afgʻoniston tarixi u yerda azaldan yashab kelayotgan oʻzbeklar tarixi bilan chambarchas bogʻliq. Masalan, XIV asrdayoq afgʻon yurti buyuk sarkarda bobomiz Amir Temur asos solgan saltanat tarkibiga kirgan. Yoki sohibqironning afgʻon diyorida hukmronlik qilgan qaynogʻasi Amir Husayn, Kobul podshohligi taxtida oʻtirgan Zahiriddin Muhammad Bobur, Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro, oʻzbek adabiyoti asoschisi Mir Alisher Navoiy yoki Xurosonni eronliklardan ozod qilish yoʻlida shahid boʻlgan yana bir sarkarda bobomiz Muhammad Shayboniyxon kabi tarixiy shaxslarni esga olaylik. Shuning oʻziyoq oʻzbek va afgʻon diyori oʻrtasidagi koʻhna rishtalar naqadar uzviy ekanini anglatadi.

Shunday ekan, Oʻzbekiston Afgʻonistonda yuz berayotgan jarayonlarga hech qachon befarq boʻlib qololmaydi.

Ayniqsa, soʻnggi vaqtlarda ushbu jafokash mamlakat hayotida kuzatilayotgan voqealar, harbiy harakatlar, chegaralardagi vaziyat nafaqat mintaqadagi boshqa davlatlarni hushyorlikka chaqiryapti, balki “Afgʻonistonliklarning keyingi taqdiri nima boʻladi?”, degan ogʻriqli savolga aniq javob topishni qatʼiy talab etmoqda. Bu esa koʻp tomondan “Tolibon” harakatining kelgusi harakatlari bilan bevosita bogʻliqdir. Bunday qarashni ilgari surayotganimiz bejiz emas.

“Tolibon”: Hokimiyat uchun ikkinchi urinish. Yoxud ushbu siyosiy kuchga ishonsa boʻladimi?

Ommaviy axborot vositalari (OAV)da tarqalgan maʼlumotga koʻra, toliblar oxirgi ikki oy ichida 407 ta tumandan 167 tasini egallagan. Boz ustiga, keyingi oyda Tojikiston va Oʻzbekiston bilan chegaradosh viloyatlarda hukumat qoʻshinlari hamda “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻqnashuvlar davom etmoqda.

Xususan, 21-iyun kuni jangarilar Afgʻonistonning Tojikiston va Oʻzbekiston bilan chegara hududlariga chiqib kelishga muvaffaq boʻlishdi. Shu kuni ular chegara yaqinidagi Sherxon-Bandar shahrini egallashdi. Yaʼni, endi Tojikiston orqali “Shimoliy alyans” kuchlariga xalqaro yordam keladigan muhim yoʻlni toʻliq oʻz nazoratiga oldi. Ayni paytda Termiz — Hayraton yoʻlini ham nazoratga olishga urinishmoqda. 8-iyuldagi xabarga koʻra esa “Tolibon” jangchilari Hirot viloyatidagi Eron va Turkmaniston bilan chegaradagi asosiy nazorat punktlarini oʻz nazoratiga olishgan. Bundan koʻrinib turibdiki, toliblar, birinchi navbatda, ularga oppozitsiya hisoblangan boshqa afgʻon kuchlariga chetdan yordam kelishi mumkin boʻlgan chegaralarni egallashmoqda.

Mazkur toʻqnashuvlar oqibatida Afgʻoniston hukumati harbiy xizmatchilari chegaradan oʻtib, Tojikiston va Oʻzbekiston hududlariga chekinishga majbur boʻlishmoqda.

Ayni paytda Afgʻonistonda yuzaga kelgan vaziyat tahlili ekspertlar hamjamiyati oʻrtasida bir qancha savollarni tugʻdiryapti. Masalan, nima uchun jangovar ruhi singan hukumat qoʻshinlari ayrim hollarda deyarli qarshilik koʻrsatmasdan, qoʻriqlayotgan hududlarini barcha qurol-yarogʻlar bilan toliblarga birma-bir topshirmoqda va hatto, oʻzlari ham ular tomoniga oʻtib ketishyapti?

Toʻgʻri, afgʻon hukumati hozircha Kobul, Qandahor, Mozori-Sharif kabi yirik aholi punktlarini oʻz qoʻlida ushlab turibdi, ammo ular toliblar tomonidan oʻrab olingan.

Bu hol ekspertlar oʻrtasida “toliblar xorijiy kuchlar mamlakatdan chiqib ketishi bilan darhol hujumga oʻtish va mamlakat poytaxtini egallab olishga tayyorlanishmoqda”, degan farazni uygʻotmoqda.

Shu asnoda, toliblar ular tomoniga oʻz ixtiyori bilan oʻtgan hukumat harbiylariga maosh ham toʻlay boshlabdi, degan xabarlar tarqaldi. Qiziq, yillar davomida qaysi koʻrinmas qoʻl toliblarga ushbu harbiy harakatlar uchun mablagʻ berayotgan ekan? Boisi urush olib borish — avvalambor, juda katta iqtisodiy va moliyaviy xarajat deganidir.

Bu ham ekspertlarni oʻziga jalb qiladigan masalalardan biri hisoblanadi. Maʼlumki, “Tolibon” hukumatini avvalboshdan tan olgan uchta mamlakat bor: Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Pokiston. Garchi “Tolibon”ni rasmiy tan olmasa-da, AQSH hukumati ham oʻtgan asrning 80 va qisman 90-yillarida qoʻllab-quvvatlagan kuchlarning oldingi safida edi. Shuningdek, aytishlaricha, agar toliblar Bomiyan shahridagi IV va V asrlardan qolgan Budda haykallarini portlatmaganda, Xitoy ham ularni tan olishi mumkin edi, degan taxminlar bor.

Kishini oʻylantiradigan yana bir fakt haqida toʻxtalsak. Nima uchun asosan, Afgʻoniston Janubidagi pushtunlardan tarkib topgan “Tolibon” harakati jangarilari oʻz yurishini aynan shimol tarafga qarab yurishdan boshlashdi? Xoʻsh, nega endi toliblar, birinchi navbatda, oʻzbeklar, tojiklar, turkmanlar, hazoriylar va boshqalar yashaydigan hududlarga dadil kirib borib, ularga tajovuz qilishmoqda? Nima maqsadda toliblar darhol ular uchun strategik raqib hisoblanadigan “Shimoliy alyans”ning asosiy tayanchi — Mozori-Sharif shahrini qurshab olish harakatida?

Maʼlumki, toliblar 1996 — 2001-yillarda “Shimoliy alyans” bilan boʻlgan toʻqnashuvlarda qaqshatqich zarbaga uchragan edi. Ular, tabiiyki, ushbu magʻlubiyatdan tegishli saboq chiqarishgan. Endi esa oʻsha paytda yoʻl qoʻyilgan xatolarni takrorlamasdan, imkon boricha tezroq asosiy raqibining payini qirqishga tushishgan, deyish mumkin.

Shu oʻrinda yana bir omilga toʻxtalib oʻtsak. Bugungi kunda “Tolibon” haqida gap ketganda, ayrim ekspertlar nafaqat diniy, balki etnik jihatlarga ham yetarlicha urgʻu berishmayotganga oʻxshayapti. Chunki Afgʻonistonda qanday kuch hokimiyatga kelishidan qatʼi nazar, bu toliblarmi yoki boshqa birimi, ushbu omillar bilan hisoblashishga, yaʼni Shimolda yashaydigan tojik, oʻzbek, turkman va hazoriylar bilan oʻzaro murosaga kelishga majbur boʻladi.

Tarixdan maʼlumki, oʻtgan asrning 30-yillarigacha “afgʻon” etnonimi bilan faqat pushtunlar atalgan, yaʼni bu nom ulargagina tegishli boʻlgan. Ushbu millat vakillarining katta qismi Pokistonda (30 milliondan ziyod) va qisman Afgʻonistonda (13 million atrofida) istiqomat qiladi.

“Tolibon”ga esa Pokiston Shimolidagi va Afgʻoniston Janubidagi pushtunlar asos solishgan. Toʻgʻri, bugungi kunda toliblar safida ularga xayrixoh boʻlgan boshqa millat vakillari ham topilishi mumkindir. Biroq fakt shuki, “Tolibon” harakati, asosan, pushtunlardan tarkib topgan.

Bundan tashqari, toliblarning oʻz diniy aqidasi — “ashʼariylik” mavjud. Ushbu taʼlimot IX-X asrda yashab oʻtgan musulmon faylasufi Abul Hasan Ali al-Ashʼariy nomidan olingan. Mazkur diniy taʼlimotga koʻra, kim bu aqidaga qarshi borsa, u dindan adashgan hisoblanadi hamda u har qanday taʼqibga va shafqatsiz tazyiqqa loyiqdir.

Ana shu aqida bilan maʼnaviy va mafkuraviy “qurollangan” “Tolibon” harakati 1996-yil sentyabrda Kobulni ishgʻol etib, Afgʻoniston Islom Amirligini eʼlon qildi hamda ichki siyosatni oʻz diniy aqidasi asosida yurgʻizishni boshladi. Jumladan, toliblar Afgʻonistonda televideniye, musiqa va badiiy sanʼat, kompyuter hamda internet, shaxmat oʻyini, oq tusdagi oyoq kiyimni (oq — toliblar bayrogʻining rangi), ayollarning bilim olishi va ishlashini qatʼiy taqiqlashdi. Sud tizimida ham ana shu diniy aqida yoʻrigʻida ish olib borilar, odamlar omma koʻzi oldida jazolanar hamda qatl qilinardi.

Ammo bu kabi ichki siyosat afgʻon xalqi orasida toliblar obroʻsiga katta putur yetkazdi, boshqa afgʻon siyosiy guruhlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan qattiq qoralandi.

Maʼlumki, oʻshanda toliblarga aynan “Shimoliy alyans”, yaʼni Afgʻonistonning pushtun boʻlmagan xalqlari (oʻzbeklar, tojiklar, hazoriylar va boshqalar) qarshi turishgan. Oʻshanda alyansning asosiy yetakchilaridan biri tojiklarning “Afgʻoniston islom jamiyati” partiyasi rahbari Ahmadshoh Masʼud boʻlsa, yana biri afgʻon oʻzbeklari lideri Abdulrashid Doʻstum edi.

2001-yilda “Shimoliy alyans” xalqaro kuchlar yordamiga tayangan holda toliblar qurgan tuzumni agʻdardi hamda ularni Kobuldan va mamlakatning ular egallagan qismidan siqib chiqardi.

Mamlakatdan quvilgan toliblar 2001-yildan boshlab Pokistonning pushtunlar yashaydigan Shimoliy Vaziriston viloyatini oʻzlarining tayanch bazasiga aylantirishdi. Hatto viloyatdagi hokimiyatni oʻz qoʻliga oldilar, 2006-yil fevralida esa oʻsha yerda mustaqil Vaziriston Islom Amirligi tuzilgani eʼlon qilindi. Pokiston armiyasining vaziyatni oʻz nazoratiga olish uchun urinishlari natija bermadi va boz ustiga, toliblar Amirligi hududi Janubiy Vaziriston viloyati hisobiga anchagina kengaytirildi.

Hozirgi kunda “Tolibon” yana Afgʻoniston hududining anchagina qismini oʻz nazoratiga olgani — fakt. Biroq Abdulrashid Doʻstum atrofida “Shimoliy alyans”ni qayta tiklashga yordam bera oladigan Ahmadshoh Masʼud kabi jiddiy mavqega ega boʻlgan liderlar yoʻqligi (u 20 yil ilgari halok boʻlgan) koʻzga tashlanmoqda.

Muxtasar aytganda, tojik, oʻzbek va turkmanlar yashaydigan shimoliy viloyatlarda vaziyat ogʻir. Shuningdek, oldingi davrlardan farqli oʻlaroq, xorijiy davlatlar ham negadir “Shimoliy alyans”ni qoʻllab-quvvatlashga unchalik shoshilishmayapti. Boz ustiga, yaqinda toliblar Ahmadshohning Panjsherdagi sobiq qarorgohini egallab, oʻsha yerda oʻz kengashini namoyishkorona oʻtkazishgani haqida OAV orqali fotoreportaj tarqatildi. Bunga toliblar tomonidan afgʻon tojiklarining jangovar ruhini sindirish uchun amalga oshirilgan piar-aksiya deb qarash kerak, degan fikr ham sharhlovchilar oʻrtasida mavjud.

Yana bir eʼtiborni oʻziga tortadigan jihat bor: tahlilchilar Afgʻonistondagi hozirgi vaziyatning juda tez va kutilmagan tarzda rivojlanayotganidan xavotirda. Bu esa manfaatdor tashqi hamda ichki siyosiy kuchlar oʻrtasida boshqacha, yaʼni yashirin holdagi koʻp taraflama yoki separat kelishuvlar ham bormikan, degan shubhalarni keltirib chiqarmoqda.

Xususan, ayrim xorijiy ekspertlar “Tolibon”ga nisbatan ishonchsizlik bildirishayotgani sir emas. Ularning fikriga koʻra toliblar oxirigacha, yaʼni mamlakatni toʻliq oʻz qoʻliga olmagunicha, jangni davom ettirishga shay turganga oʻxshaydi.

Bugun ayrimlar “Tolibon” harakatining rahbarlari shunchaki konservativ mullalar-ku, ularning qoʻlidan nima ham kelardi, deb oʻylashlari ham mumkin. Ammo mavjud faktlar boshqa manzarani koʻrsatmoqda.

Avvalambor, tan olish lozimki, oʻtgan davrlar ichida “Tolibon” aynan siyosiy kuch sifatida ancha ulgʻaydi va katta tajriba toʻpladi. Shuningdek, rasmiy Kobul hukumati va uning orqasida turgan tashqi kuchlar bilan siyosiy hamda harbiy tortishuvlarda jiddiy toblandi.

Bundan tashqari, Afgʻonistonda muvaffaqiyatsizlikka uchragan oʻtgan galdagi davlat qurish tajribasi va 2001-yildagi harbiy magʻlubiyat “Tolibon” rahbarlariga, ayniqsa, ularning siyosiy mafkurasi hamda amaliy yondashuviga qattiq taʼsir oʻtkazgan koʻrinadi.

Masalan, bugungi kunda “Tolibon”ning kuchli polittexnologlar va tahlilchilar xizmatidan foydalanayotgani yaqqol sezilyapti. Agar toliblar atrofida mujohidlarga xos salla-soqoldagi ajnabiy maslahatchilar yoki IT-mutaxassislari yurishgan boʻlsa, bunga ajablanmaslik kerak. Shuningdek, toliblar oʻz imiji ustida ishlayotgani ham koʻzga tashlanmoqda. Bu esa oddiy afgʻonlar oʻrtasida ularga nisbatan nafratning ancha pasayishiga olib keldi, nazarimda. Buni ayrim hududlarning ularga xayrixohlik bildirib, ular tarafiga hech bir jangsiz oʻtib ketayotgani misolida ham koʻrish mumkin.

Xullas, hozirgi kunda koʻpchilik mutaassiblar, deb qarayotgan ushbu “mulla”lar zamonaviy dunyo taʼlimotlarini yetarlicha oʻzlashtirib olib, Afgʻonistonda murakkab strategik va taktik harakatlarni amalga oshiradigan kuch darajasiga chiqib olayotganini hech kim inkor etmasa kerak. Buni toliblarning puxta reja asosida olib borayotgan xalqaro muzokaralar kun tartibidan, AQSH oldiga qoʻyayotgan shartlar mazmunidan yoki amalga oshirayotgan harbiy harakatlarning tezkorligi va samaradorligidan ham payqash mumkin.

Lekin eng muhim farq, ularning favqulodda liberallashayotganida koʻrinadi. Yaʼni ular bugun Afgʻonistonda tinchlik muzokaralariga roziligi va boshqa kuchlarning ham fikr-mulohazalarini tinglashga tayyor ekanini bildirishmoqda.

Toshkent, Doxa, Moskva, Anqara va boshqa joylarda boʻlib oʻtgan koʻp hamda ikki tomonlama muzokaralar chogʻida toliblar Afgʻonistonda oʻzaro janglarni toʻxtatish, tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlida oʻz zimmalariga tegishli masʼuliyatni olishga tayyor ekanliklarini bildirishayotgani ham shundan dalolat beradi.

Bundan tashqari, “Tolibon” liderlari diniy radikallikni ancha yumshatishga tayyor turishganiga ishora qilishmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri A. Komilov AQSHning “This Is America TV” televizion loyihasiga bergan intervyusida “Tolibon”ning rasmiy internet-saytidan iqtibos keltirdi. Unda joylashtirilgan maqolada: “Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini taʼminlashni istaymiz. Ayollar taʼlim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlay olishlari kerak. Biz qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar oʻrnatishni xohlaymiz...” deb taʼkidlangan.

Yuqoridagilarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston toliblar bilan aloqalarni davom ettirish tarafdori boʻlib qolmoqda. Chunki muloqot yoʻli bilan toliblar yondashuviga koʻproq ijobiy taʼsir oʻtkazish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston qoʻshni afgʻon yurtida 90-yillardagi johil tizim qaytmasligiga qattiq umid bildiradi. Jumladan, Abdulaziz Komilov oʻsha intervyusida Afgʻonistonda siyosiy tizim qanday boʻladi, degan savolga ushbu davlatda keyingi 9 yilda erishilgan demokratik, yaʼni fuqarolik jamiyati, hokimiyat va saylov tizimi, ayollar huquqlari kabi yutuqlarni inkor qilib boʻlmasligiga urgʻu berdi. Shuningdek, “...albatta, biz 90-yillarda yuzaga kelgan Afgʻoniston Islom Amirligini qabul qila olmaymiz. ...Biz bu muammo amaldagi hukumat va qurolli muxolifat —“Tolibon” va boshqalar oʻrtasidagi oʻzaro murosa orqali hal qilinishi kerak, deb hisoblaymiz”, deb koʻrsatib oʻtdi.

Yaqin kelajakda nimalardan umid qilsa bOʻladi?

Nafsilamrini aytganda, yuzaga kelgan vaziyat hozircha javoblarga nisbatan savollarni koʻproq keltirib chiqarmoqda, desak, toʻgʻri boʻladi. Bu hol esa qoʻshni davlatdagi har bir oʻzgarishni muntazam ravishda va diqqat bilan, yaʼni biron-bir mayda detallarni ham koʻzdan qochirmasdan kuzatib borishni hamda tizimli tarzda tahlil qilishni taqozo etadi.

Maʼlumki, 2020-yil fevralida Qatarning Doxa shahrida AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilib, Tinchlik shartnomasiga imzo qoʻyildi. Amerikaliklar toliblarga bundan keyin “Al-Qoida” va shu kabi boshqa ekstremistik guruhlar bilan hamkorlik qilishni toʻxtatish, jangni bas qilib, afgʻon hukumati bilan tinch muzokaralarni boshlash shartini qoʻyishdi. Bundan tashqari, toliblardan Kobuldagi rasmiy hukumat va boshqa afgʻon siyosiy kuchlari bilan tinchlik muzokaralariga kirishib, ular bilan birgalikda mamlakatda oʻzaro yarashish jarayonini boshlash hamda koalitsion hukumat tuzish masalalarini koʻrib chiqish ham kutiladi.

Oʻz navbatida, toliblar AQSH oldiga “Tolibon” harakatini xalqaro darajada tan olish (bu ushbu kuchning xalqaro maydondagi siyosiy-huquqiy legitimligini taʼminlab beradi), 2021-yil 1-may kunigacha AQSH harbiylarini mamlakatdan olib chiqish (ammo bu ortga surildi — yangi muddat 2021-yilning sentyabriga qadar) hamda “Tolibon”ning rasmiy hukumat qamoqxonalarida ushlab turilgan bir necha ming aʼzolarini qoʻyib yuborish kabi asosiy shartlarni qoʻyishdi.

Ammo xorijiy sharhlovchilar fikriga koʻra, hozircha toliblar oʻzlari tomonidan berilgan hech bir vaʼdani bajarishga shoshilishmayapti. Gap shundaki, tashqaridan nazar tashlaganda, “Tolibon” yaxlit bir siyosiy kuchdek tasavvur tugʻdirishi mumkin. Aslida esa, ekspertlar fikricha, “Tolibon”ga birikkan guruhlar oʻrtasida unchalik ham yaxlitlik yoʻq, yaʼni harakat ichida oʻziga xos nozik jihatlar hamda tortishuvlar bor. Va ayni shu nozik holat oʻz aksini ayrim muhim masalalar yechimida topmoqda.

Yaʼni mutaxassislar nazdida, “Tolibon” harakatiga birikkan pushtun radikal guruhlarini hozirgi kunda faqat bir asosiy maqsad jipslashtirib turibdi — bu ham boʻlsa Afgʻonistondan xorijiy qoʻshinlarni tezroq chiqarib yuborib, mamlakatda oʻz hukmronligini taʼminlash vazifasi. Shundan kelib chiqib, ekspertlar “Tolibon” tarkibidagi har xil qanot va guruhlar oʻrtasidagi asosiy kurash hamda oʻzaro tortishuvlar aynan xorijiy qoʻshinlar ketgandan soʻng, yaʼni toliblar mamlakatdagi hokimiyatni oʻz qoʻliga toʻliq olgandan keyingi davrda boshlanadi, deb taxmin qilishmoqda.

Haqiqatan, har bir “Tolibon” guruhining oʻziga xosligi bor. Masalan, ekspertlar fikriga koʻra, asl kelib chiqishi Pokistonning Belujiston viloyati poytaxti Kvetta shahri boʻlgan va “Kvetta shoʻrosi” nomi bilan tanilgan harbiy qanot vakillari “Tolibon” harakatining eng radikal qismini tashkil qiladi. Shuningdek, toliblarning “Haqqoniy tarmogʻi” va “Peshovar shoʻrosi” kabi guruhlarini ham “Tolibon”ning radikal qanotiga qoʻshishadi. Aytish joiz, “Haqqoniy tarmogʻi”ga Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati (bu yerda taniqli Haqqoniy madrasasi joylashgan) doʻrroni urugʻidan kelib chiqqan pushtunlar asos solishgan boʻlsa, “Peshovar shoʻrosi”ni esa Pokistonning Peshovar shahridagi gilzay urugʻi pushtunlari tuzishgan.

Eʼtiborlisi, “Tolibon” tarkibidagi aynan ana shu guruhlar “Al-Qoida” bilan yaqin ittifoqdosh boʻlish tarafdori hisoblanadi. Yaqinda tarqatilgan BMT maʼruzasiga koʻra, ular hamon ana shu terrorchi tashkilot bilan aloqalarni uzishmagan. Bundan tashqari, siyosiy tahlilchilar fikriga qaraganda, “Haqqoniy tarmogʻi” liderlari Markaziy Osiyo, Shinjon yoki Shimoliy Kavkazdan chiqqan va avvaldan al-qoidachilarga ittifoqdosh boʻlib kelgan “Oʻzbekiston islom harakati”, “Xatib Imom al-Buxoriy”, “Sharqiy Turkiston islom harakati” hamda boshqa terrorchi tashkilotlar bilan ham aloqalarni saqlab turishgan ekan.

Yuqoridagidan kelib chiqib, endi xalqaro hamjamiyatning asosiy umidi “Tolibon”ning Doxada joylashgan “moʻtadil qanoti”ga qaratilgan. Chunki barcha muzokaralarni olib borayotgan aynan shu qanot liderlari “Al-Qoida” bilan aloqalarga qarshi chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, matbuotdagi maʼlumotga koʻra, “moʻtadil” toliblar Afgʻoniston toʻliq nazoratga olingandan keyin “Kvetta shoʻrosi”ni va “Haqqoniy tarmogʻi”ni barcha terrorchi tashkilotlar bilan aloqani uzishga majbur qilish haqida vaʼda berishmoqda.

Shunga oʻxshash fikr Buyuk Britaniya shtabi boshligʻi general Nik Karter tomonidan ham bildirilmoqda. Uning matbuotda tarqatilgan soʻzlariga qaraganda, “Tolibon” rahbariyati oʻzining avvalgi xatolaridan saboq chiqargan. Karter fikriga koʻra, agar toliblar qandaydir tarzda hokimiyatning bir qismiga aylansa yoki uni butunlay qoʻlga kiritsa, bu safar ular xalqaro hamjamiyatdan chetda qolishni istashmaydi. Bu fikr, ayniqsa, “Tolibon”ning “Al-Qoida” bilan aloqalariga ham tegishli, aksincha esa, toliblar qanday bosim tagida qolishi mumkinligini tushunishadi.

Ushbu masalada tahlilchilar eʼtiborini Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning matbuotda chiqishi ham oʻziga tortdi. Chunki Lavrov oʻzining 1-iyul kuni bergan intervyusida yuzaga kelayotgan yana bir tahdidga urgʻu berib oʻtdi. Jumladan, Lavrov toliblar bilan tinchlik muzokaralarini tezroq boshlamasdan vaqtni choʻzayotgan afgʻon hukumatining ayrim rasmiylarini qattiq tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, ISHID jangarilari yuzaga kelgan ana shu “pauza”dan foydalanib, Afgʻonistonning shimoliy hududlariga kelib joylashishga urinishmoqda ekan.

Lekin yaqin kelajakdagi istiqbol shuni koʻrsatmoqdaki, ertami-kechmi, xorijiy kuchlar bu yurtdan chiqib ketishi muqarrar. Balki aynan shu fakt ichki siyosiy guruhlarni afgʻon mojarosini, nihoyat, oʻzaro, yaʼni xorijiy oʻrtakashlarsiz va qozilarsiz hal qilishga urinib koʻrish uchun bir turtki boʻlar.

Qolaversa, 25-iyun kuni Vashingtonda AQSH prezidenti Jozef Bayden va Afgʻoniston prezidenti Ashraf oʻani hamda Milliy yarashish boʻyicha Oliy kengash raisi Abdulla Abdulla oʻrtasida olib borilgan muzokaralarda ham aynan shunday istiqbol va imkoniyatlar haqida soʻz yuritildi.

Albatta, afgʻon muammosi atrofidagi fikrlar bugun turfa xil. Xususan, taniqli isroillik ekspert Yakov Kedmi “yaqin kelajakda Afgʻonistondagi hokimiyatni oʻz qoʻliga olishi va saqlab qola olishi mumkin boʻlgan yagona kuch — bu “Tolibon” rejimi boʻladi”, deb taʼkidladi (toʻgʻri, u Rossiyaning “Sputnik” radiosiga bergan intervyusida toliblarni terrorchilar guruhi deb ham atab, ularni yanchib tashlashga chaqirdi).

Haqiqatan ham, hozirgi vaziyatda toliblarga Afgʻonistondagi vaziyatni toʻliq oʻz nazoratiga olib, tinchlik va barqarorlikni oʻrnatishi mumkin boʻlgan asosiy kuch sifatida qarash mumkindir. Axir, xolisona aytganda, kimdir ushbu vazifani va masʼuliyatni toʻliq oʻz zimmasiga olgani maʼqul emasmi?!

Eʼtiborlisi, AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi yirik kuch markazlari ham ana shu fikrni goʻyo qabul qilgandek hamda oʻz rejalarini shundan kelib chiqib qurayotgandek taassurot uygʻotmoqda. Chunki “Tolibon”ni tan olish va u bilan jiddiy ish olib borish vaqti yetib kelganini boshqa yirik davlatlar ham sezdi.

Shu bilan bir qatorda, manfaatdor tashqi kuchlar toliblarning mamlakatda yakka hukmronga aylanishiga yoʻl qoʻymaydi, degan taxminlar ham yoʻq emas. Ushbu fikrlarga koʻra, ular toliblar oldiga “Shimoliy alyans” va boshqa afgʻon guruhlari kelajakda tuzilajak koalitsion hukumatga kirishi haqida aniq shart qoʻyib, ular ham mamlakat ichkarisidagi oʻz siyosiy manfaatlarini himoya qilish imkoniga ega boʻlishiga yordam beradi.

Xullas, Afgʻonistondagi qurolli toliblar muxolifati, rasmiy hukumat va boshqa siyosiy kuchlarning tinchlik muzokaralariga kirishishi hamda oʻzaro murosaga kelishi oson kechadigan ish emas. Hozir AQSH va boshqa yirik davlatlarni tashvishga solayotgan asosiy narsa, bu — ana shu tinchlik muzokaralari boshlanishining choʻzilib borayotganidir.

Mutaxassislar taxminiga koʻra, balki Ashraf oʻani va Abdulla Abdullaning Vashingtonga tashrifi hamda u yerdagi boʻlib oʻtgan muloqotlar ushbu jarayonni tezlashtira olar?..

Tashqi doirada qanday yondashuvlar kuzatilmoqda?

Maʼlumki, tashqi kuch markazlari Afgʻoniston yoʻnalishidagi siyosatda har xil va ayniqsa, teskari manfaatlarni ilgari suradi.

Biroq nima boʻlganda ham, toʻxtamayotgan mojaroga hadeb aralashaverish ushbu kuchlarni ham ancha toliqtirgani kuzatilyapti. Xullas, ular oʻrtasidagi Markaziy Osiyo boʻyicha doimiy geosiyosiy raqobat oʻz yoʻlida davom etaveradi. Biroq afgʻon urushi tufayli tugʻilayotgan xavf va tahdidlar hozir ularga ham kerak emas.

Shu bilan bir qatorda, mutaxassislarning fikricha, xalqaro hamjamiyatning tinchlik oʻrnatish toʻgʻrisidagi fikrini eʼtiborga olmaslik toliblarni yana bir bor halokatga olib kelishi mumkin. Yaʼni agar vaziyat taqozo etsa, xorijiy va ichki kuchlar tezda birikib, harbiy-siyosiy bosim uyushtirishi muqarrarligini ular yaxshi tushunishmoqda.

Jumladan, Doxada erishilgan Tinchlik shartnomasi borligi va qoʻshinlar chiqib ketayotganiga qaramay, AQSH harbiy dronlari kerakli paytda toliblarga bot-bot zarba berib turishi bejiz emas.

Boz ustiga, Rossiya matbuotida yozilishicha, agar harbiy zaruriyat tugʻilsa, Suriya “tajribasi”dan foydalaniladi, yaʼni Rossiya Federatsiyasi harbiy-kosmik kuchlari jangarilarga masofadan turib, Afgʻonistonga kirib oʻtirmasdan, aniq va qaqshatqich zarbalar berish ehtimoli borligi ochiqchasiga muhokama qilinmoqda.

Yaqinda Ashraf oʻani va Abdulla Abdulla bilan Vashingtonda boʻlib oʻtgan muloqotlar chogʻida ham AQSH hukumati rasmiy afgʻon hukumatini yolgʻiz tashlab qoʻymasligini, jumladan, uning xavfsizlik kuchlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 2021-yilda 3 milliard dollar (2022-yilda — 3,3 milliard dollar) va “fuqaroviy qoʻllab-quvvatlash” sifatida esa 300 million dollar ajratishini maʼlum qildi. Kezi kelganda qayd etish joiz, AQSH hukumati qariyb 20 yil davomida yordam sifatida Afgʻonistonga deyarli 88 milliard dollarlik harbiy, 36 milliard iqtisodiy va 3,9 milliard dollarlik gumanitar yordam bergan.

Bundan tashqari, Vashington olib chiqilayotgan qoʻshinlarning bir qismini qoʻshni mamlakatlarda vaqtincha boʻlsa-da, saqlab turish rejasini ham koʻrib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Aytishlaricha, bu Pentagonga afgʻon “harbiy teatri”dagi tez oʻzgarib turgan vaziyatga nisbatan jadal manyovr qila olish imkonini berar ekan.

Shuningdek, barcha xorijiy kuchlar chiqib ketayotgan pallada nega Turkiya, toliblar noroziligiga qaramasdan, oʻz harbiylarini afgʻon hududida (Kobul aeroportini qoʻriqlash bahonasida) qoldirishga astoydil harakat qilmoqda, degan savol ham tahlilchilarni oʻyga solyapti. Ular Turkiya nafaqat AQSH/NATO kuchlari va rasmiy Kobul hukumati bilan bu toʻgʻrida alohida kelishib olgan boʻlishi mumkin, degan ehtimolni olgʻa surishayotir. Shuningdek, Turkiya toliblar bilan aloqa oʻrnatib, ular bilan muntazam ravishda ish olib borayotgani ham sir emas. Bu nuqtayi nazardan, ayrim ekspertlar Turkiya islom dunyosidagi eng nufuzli davlatlardan biri sifatida afgʻon ichki guruhlari oʻrtasida mediatorlik vazifasini bajarish salohiyatiga ega davlat, deb qaramoqda. Agar ushbu reja amalga oshsa, bu kelajakda Turkiyaga afgʻon diyorida investitsiyaviy loyihalar va boshqa sohalarda keng imkoniyat ochib beradi.

Lekin ekspertlar qayd qilganidek, AQSH va NATOning (Turkiya esa aynan ushbu tashkilot aʼzosi) “ketib turib, ketmaslik” qabilidagi geosiyosiy urinishlari, turgan gapki, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Rossiya va Xitoy tomonlariga yoqmasligi aniq.

Eron — afgʻon aloqalari haqida gap ketganda, tahlilchilar toliblarning 90-yillardan to 2001-yilgacha Eronga va ushbu davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan hazoriylarga (ular afgʻon shialarining aksariyatini tashkil qiladi) nisbatan ochiqchasiga dushmanlik siyosatini olib borishganini eslatadi. Lekin keyingi paytlarda Eron hamda toliblar oʻrtasida oʻzaro aloqalar oʻrnatilgani ham rost. Boz ustiga, aynan shu kunlarda boʻlib oʻtayotgan rasmiy Kobul va toliblar oʻrtasidagi muzokaralar ham Tehronda tashkil qilingani eʼtiborga molik.

Hind rahbariyatining afgʻon mojarosiga yondashuvi haqida soʻz yuritilsa, ekspertlar Dehli oʻz oldiga Afgʻonistonda Pokistonning taʼsirini kamaytirish, iqtisodiy tomondan esa ushbu mamlakatga Xitoy ekspansiyasining oldini olish va Kashmirga xavf soladigan terrorchi guruhlarga qarshi kurashish kabi maqsadlarni qoʻyayotganiga eʼtibor qaratishadi.

Rossiya siyosati haqida toʻxtaladigan boʻlsak, ushbu davlat Afgʻonistonda tezroq urush toʻxtab, tinch hamda barqaror rivojlanish boshlanishining tarafdoridir. Toʻgʻri, hozir Rossiya bu yerda oʻz qoʻshinlariga ega emas va ushbu davlatdagi vaziyatga oʻzi istagan tarzda jiddiy taʼsir oʻtkaza olmaydi.

Lekin hozirgi RF atrofida yuzaga kelgan tashqi va ichki tanglikni hisobga olib, Rossiya rahbariyati yana bir bor afgʻon urushiga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashish kabi tahlikali urinishdan oʻzini tiyib turishi ehtimoli kuchliroq tuyulmoqda. Shu sababli, oʻz hamkorlari bilan kelishgan holda afgʻon yoʻnalishida Rossiya KXSHT va SHHT tashkilotlari “shamsiyasi”dan keng tarzda foydalanishni ham rejalashtirishi kutilmoqda.

Shuningdek, Rossiya va Xitoy rahbariyatining AQSHning Tojikiston hamda Oʻzbekiston hududida oʻz harbiylarini maʼlum muddatga (yaʼni Afgʻonistondagi vaziyat barqaror tusga kirgunicha) joylashtirib turish fikri “vaqtinchalik” maqomidan “doimiy” tarzga aylanib ketish ehtimolidan tashvishga tushayotgani koʻzga tashlandi. Jumladan, ushbu xavotirdan kelib chiqib, Rossiya matbuotida zudlik bilan Oʻzbekiston doktrinasi oʻz hududida xorijiy harbiy bazalar joylashishiga yoʻl qoʻymaydi, kabi eʼtirozli eslatishlar boshlandi.

Qolaversa, Rossiya Osiyo qitʼasida, ayniqsa, Markaziy Osiyo yoʻnalishida, koʻproq tarixiy tajribaga va imkonlarga ega desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunonchi, amerikalik yoki yevropaliklardan farqli oʻlaroq, Rossiyada bu mintaqada joylashgan xalqlar mentalitetini yaxshi tushunishadi, yaʼni osiyoliklar bilan qanday muloqot olib borishni bilishadi.

Ammo keyingi 30 yildan ziyod vaqt ichida Rossiyaning Afgʻonistondagi manfaatlari ancha soyada qolib ketgani ham rost gap. Shu nuqtayi nazardan, AQSH/NATO qoʻshinlarining chiqib ketishiga Moskva tomonidan afgʻon yoʻnalishida oʻzi uchun yuzaga kelayotgan qulay bir geosiyosiy imkoniyat sifatida qaralishi mumkin. Masalan, Moskva aynan keyingi bosqichdagi vaziyatga tayyorgarlik koʻrishni boshlagan. Aniqroq aytganda, oʻz rejalarini AQSH/NATO kuchlari chiqib ketgandan keyingi davrga moʻljallab tuzib chiqmoqda, degan taxminlar bor.

Ushbu fikrlarga koʻra, afgʻon yoʻnalishidagi kelajakdagi amaliy harakatlarda Rossiya oʻzining Tojikiston va Qirgʻizistondagi harbiy bazalariga tayanib ish koʻrishi mumkinligi koʻzda tutilyapti. Shu oʻrinda, rus matbuotida Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboyevdan iqtibos keltirilib, qirgʻiz hukumati Qantdagi Rossiya harbiy bazasining jiddiy tarzda kengaytirilishiga va mustahkamlanishiga qarshi emas, degan xabar ham tarqatildi.

Xitoyning afgʻon siyosati haqida soʻz yuritilganda esa uning yondashuvini “faol kuzatish” taktikasi deb atash mumkin. Xalqaro ekspertlar Pekin Afgʻonistonda tezroq tinchlik hamda barqaror rejim oʻrnatilishi tarafdori ekanini eʼtirof etadi. Lekin ular fikriga koʻra, hokimiyatning diniy radikal guruhlar qoʻliga oʻtishi va buning orqasidan kelajakda uygʻur hamda boshqa musulmonlar yashaydigan Shinjondagi vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatish xavfi paydo boʻlishi mumkinligi Xitoy tarafini jiddiy oʻylantirib qoʻymoqda. Aynan shu jihatdan XXR va oʻarb davlatlari yondashuvida oʻziga xos yaqinlik mavjud.

Ammo keyingi paytlarda Xitoy diniy, shu jumladan, islomiy rejimlar bilan muloqot qilish va ular bilan ish olib borishda ancha tajribaga ega boʻldi. Masalan, Pekin yaqindagina Eron ruhoniy rahbarlari bilan kelishgan holda ushbu davlat iqtisodiyotiga 25 yil muddat ichida 400 milliard dollarlik sarmoya kiritish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, xitoyliklar allaqachon toliblar bilan ham aloqa oʻrnatgani haqida matbuotda maʼlumot bor.

Ayni paytda Xitoy Oʻzbekiston olgʻa surayotgan transafgʻon temir yoʻli loyihasini moliyalashtirishga ham qiziqish bildiryapti. Boz ustiga, Xitoy kompaniyalari allaqachon Afgʻonistonda ish olib bormoqda. Va ular ushbu mamlakat hududida joylashgan qazilma boyliklari haqida yetarlicha maʼlumotga ega va kelajakda ularni oʻzlashtirishda qatnashish rejalari ham yoʻq emas.

Pokiston tomoni ham afgʻon mojarosi tufayli yuzaga kelayotgan muammolar va xavf-xatarlardan charchagan. Jumladan, Pokistonning shimoliy hududlarida davom etayotgan notinchlik hamda terrorchilik harakatlari tufayli rasmiy Islomobod hozirgi kunga kelib “Tolibon”ga nisbatan oʻz yondashuvini oʻzgartirgan. 80 — 90-yillarda ushbu harakatni har taraflama quvvatlagan Pokiston bugungi kunda tezroq tinchlik oʻrnatilishi tarafdoriga aylangan.

Bundan tashqari, Pokiston rahbariyati Oʻzbekistonning Afgʻonistonga tegishli tinchlik tashabbuslarini yuqori baholaydi va ayniqsa, transafgʻon temir yoʻli loyihasini qizgʻin qoʻllab-quvvatlamoqda. Yaʼni ekspertlar fikriga koʻra, ushbu loyihaning Pokiston iqtisodiy salohiyatining bir necha barobar oʻsishiga olib kelishi istiqbolini fahmlab, rasmiy Islomobod unga oʻta jiddiy yondashmoqda.

Shu tufayli, Kobulda kim hukmronlik qilishidan qatʼi nazar, Pokiston bu qoʻshni davlatdagi siyosatida ana shu loyihani ilgari surishi aniq boʻlmoqda. Bu esa Islomobodni Oʻzbekiston bilan doimiy doʻstona aloqada boʻlib, oʻzbek tarafi bilan muntazam siyosiy va iqtisodiy maslahatlar oʻtkazib turishga undaydi.

Xullas, hozirgi kunda ekspertlar dunyodagi deyarli barcha manfaatdor yirik kuch markazlarining Afgʻonistonda tezroq tinchlik va barqarorlik yuzaga kelishidan manfaatdor ekaniga ishora qilishmoqda.

Har qalay, buni sezgan toliblar ham ushbu gal nihoyatda hushyor va ehtiyot boʻlib ish tutishadi, yaʼni Afgʻonistondagi rasmiy hukumat hamda boshqa siyosiy guruhlar oʻzaro murosaga intilgan, ularning manfaatini hisobga olgan holda harakat qilishga majbur boʻladi, degan taxminlar mavjud. Agar vaziyat haqiqatan ham shunday koʻrinish oladigan boʻlsa, bu ayni muddaodir.

“Shavkat Mirziyoyev fenomeni” haQida. Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻon mojarosini hal qilishga yordam bera oladimi?

Koʻhna tarixda ayrim buyuk shaxslarning oʻz davridagi jarayonlarga oʻtkazgan katta taʼsiri haqida koʻplab misollar topish mumkin. Ammo yaqin oʻtmishdagi oʻzbek davlatchiligida Shavkat Mirziyoyev xalqimizning moziylar osha oʻtib kelayotgan tinchliksevarlik mafkurasi va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan dunyoqarashlarini oʻz tashqi siyosatida yorqin mujassam qila olgan ilk davlat rahbari boʻldi.

Shu jihatdan, keyingi qisqa vaqt ichida mintaqamizda aynan Shavkat Mirziyoyev saʼy-harakatlari tufayli yangicha geosiyosiy hamda geoiqtisodiy muhit yaratildi. Pirovardida Markaziy Osiyo nihoyat yaxlit bir mintaqa sifatida shakllana boshlagani inkor etib boʻlmas va eʼtirofga molik tarixiy faktdir.

Xullas, Markaziy Osiyoni “hamkorlik va taraqqiyot mintaqasi”ga, qoʻshni davlatlar chegaralarini esa oʻzaro iqtisodiy oʻsish hamda imkoniyatlar yaratish bazasiga aylantirish kabi tashabbusi tufayli xalqaro maydonda ham Oʻzbekistonning hurmat-eʼtibori tobora oshib boryapti.

Hozirgi kunda “Yangi Oʻzbekiston” degan atama nafaqat Markaziy Osiyo, balki uning atrofidagi keng maydonda ham baralla yangrab, mintaqada oʻzgacha bir geosiyosiy omil — “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” yuzaga kelganini anglatmoqda.

Tez surʼatda oʻsayotgan koʻrsatkichlar ushbu ijobiy jarayonni yorqin aks ettirmoqda. Masalan, matbuotda chop etilgan xabarga koʻra, mintaqadagi besh davlatning yalpi ichki mahsuloti 2017-yilda 253 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil yakuniga kelib (pandemiya boʻlishiga qaramay), bu koʻrsatkich 300 milliard dollarga yetdi. Shu oʻrinda ichki mintaqaviy savdo aylanmasi ham 2016 — 2020-yillarda 56 foizga oshib, 168 milliard dollarni tashkil etdi.

Mintaqaning tashqi imiji ham ijobiy tomonga oʻzgardi. Bu omil, ayniqsa, xalqaro turizm bozorida sezildi. Jumladan, 2017-yilda mintaqaga 9,5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, pandemiya davriga qadar bu koʻrsatkich ikki barobar oshgan. Bu jarayon xorijiy sarmoyalar oqimining kuchayishida ham sezildi. 2016 — 2020-yillarda mintaqaga kiritilgan xorijiy sarmoyalar 40 foiz oʻsib, jami 37 milliard dollarni tashkil etdi.

Qolaversa, qoʻshni davlatlar ham ushbu fenomen tufayli Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan yangi trendlarni ijobiy baholab, oʻzlarining ichki siyosatida va mintaqaviy xatti-harakatlarida Shavkat Mirziyoyev siyosatidan oʻziga xos andoza olishga urinishmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Jumladan, chegara masalalarida Oʻzbekiston rahbarining bagʻrikenglik va yaqin qoʻshnichilik siyosati mintaqadagi boshqa davlatlarga katta bir oʻrnak boʻlayotgani ayni haqiqat. Mazkur tendensiya, ayniqsa, qirgʻiz — tojik munosabatlarida oʻzining yaqqol ifodasini topyapti.

Maʼlumki, yaqindagina qirgʻiz — tojik chegarasida toʻqnashuv boʻlib oʻtdi. Ammo bu voqeadan keyin qanchalik ogʻir boʻlmasin, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 28-29-iyun kunlari Dushanbega rasmiy tashrif bilan bordi. Boz ustiga, har ikki davlat Prezidentlari chegara masalalarini faqat tinchlik va doʻstlik mezonlari asosida hal qilishni kelishib olish uchun oʻzlarida siyosiy kuch topa olishdi.

Yana bir misol. Shu yilning 23-iyun kuni afgʻon hukumati harbiylari qoʻshni Tojikistonga ilk bor qochib oʻtishganda, prezident Emomali Rahmon, birinchi navbatda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlariga telefon qilib, ular bilan vaziyat yuzasidan maslahat qildi. Kim biladi, agar mintaqada hali ham ilgarigi oʻzaro ishonchsizlik muhiti hukm surganda, balki ushbu telefon, avvalambor, Moskva, Vashington yoki Pekindagi rahbarlarga qilingan boʻlarmidi?!

Umuman olganda, bu kabi tajriba almashish yoki andoza olish jarayoniga normal holat deb qarash lozim. Chunki mintaqada ochiqlik siyosatini yurgizayotgan Oʻzbekiston ham qoʻshni davlatlarning ilgʻor tajribasidan va ijobiy yutuqlaridan oʻrnak olishga tayyorligini namoyon qilib kelyapti.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning ushbu masalaga boʻlgan yondashuvini quyidagi oddiy, lekin aniq soʻzlar bilan ifodaladi: “Afgʻoniston xavfsizligi — bu Oʻzbekiston xavfsizligi”, demakdir.

Eng muhimi, Toshkentning yangilangan siyosati Afgʻonistondagi barcha siyosiy kuchlar hamda rasmiy hukumat, eng asosiysi, oddiy afgʻon xalqi hamda shu yurtda muqim yashab kelayotgan oʻzbeklar tomonidan munosib kutib olindi. Hattoki, “Tolibon”ning Qatardagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Abdul Salom Hanafiy ham “toliblar tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik manfaatlari yoʻlida tashabbuslarni ilgari surayotgan Oʻzbekiston Prezidentining saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi”, deb taʼkidladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevning “afgʻon xalqi oʻz taqdirini oʻzi mustaqil hal qilishga haqlidir”, degan gʻoyasi 2018-yil 26-27-mart kunlari Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi konferensiya natijalarida oʻz aksini topdi.

Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli tadbir Afgʻoniston ichki va tashqi doirasidagi jarayonlarga katalizator sifatida taʼsir oʻtkazib, mojaroning yechimini topish uchun zamin yaratdi. Voqeliklar davomi shuni koʻrsatdiki, aynan ushbu anjumandan soʻng AQSH hukumati va “Tolibon” muzokaralarga kirishib, 2020-yil 29-fevral kuni Doxada oʻzaro Tinchlik shartnomasini imzolashga erishdi.

Oʻzbekiston uchun esa eng muhimi — Afgʻonistonda urush toʻxtab, tinch va barqaror muhitning yuzaga kelishidir. Faqat shunday vaziyatgina Oʻzbekistonning janubiy yoʻnalishdagi, shu jumladan, ushbu qoʻshni davlatga tegishli koʻplab geostrategik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratib beradi.

Xulosa oʻrnida

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiya juda muhim hamda teran tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Zero, “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” deb tanilayotgan Oʻzbekistonning faol va insonparvarlik diplomatiyasi Afgʻoniston hududini Markaziy hamda Janubiy Osiyoni oʻzaro bogʻlaydigan koʻprik maqomiga ega boʻlishiga, yaʼni afgʻon diyori orqali ikki submintaqa oʻrtasida oʻziga xos iqtisodiy-geografik koridor paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin.

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilsa, avvalambor, Oʻzbekiston va boshqa qoʻshni davlatlar uchun janubga yoʻl ochiladi, yaʼni ular uchun yangi savdo yoʻllari orqali Pokiston, Hindiston hamda Yaqin Sharq bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirib borish imkoniyati paydo boʻladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston nihoyat “berk davlat” degan maqomdan qutulib, oʻzining tranzit va eksport salohiyatini keng koʻlamda rivojlantirish imkoniga ega boʻladi. Natijada esa yalpi ichki mahsuloti 3,4 trillion dollar boʻlgan Janubiy Osiyo mamlakatlari biz uchun yirik iqtisodiy bozor boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Janubiy Osiyo mamlakatlari ham Afgʻoniston va Oʻzbekiston hududlari orqali Shimol tarafdagi boshqa Markaziy Osiyo davlatlari hamda Rossiya va Xitoy bozorlariga qisqa yoʻl bilan kirib kelishlari mumkin.

Ushbu ijobiy imkoniyat Afgʻonistonni yirik tranzit davlatga aylantirib, mamlakat iqtisodiyotini jadal tarzda rivojlantirish istiqbolini yaratadi. Boz ustiga, ushbu yurtga xorijiy sarmoyalar oqimi kuchayib, uning hududida joylashgan qazilma boyliklar afgʻon xalqi ravnaqiga xizmat qilishni boshlaydi.

Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surayotgan va jahon hamjamiyati keng qoʻllab-quvvatlayotgan Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻli qurilishi loyihasi Markaziy hamda Janubiy Osiyo mintaqalarining iqtisodiy-ijtimoiy qiyofasini tubdan oʻzgartirishi va ularning ravnaqida misli koʻrilmagan tarzda ulkan ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin.

Muxtasar aytganda, anjumandan kutiladigan natija — “Shavkat Mirziyoyev geosiyosiy fenomeni” oʻz taʼsir kuchini xalqaro maydonda yana bir bor namoyish etib, Yer yuzining 2 milliarddan koʻproq odami yashaydigan ana shu qismidagi geosiyosiy va iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni yaqin kelajakda ijobiy tarafga tubdan oʻzgartirish bilan bogʻliqdir.

Turdiqul BOʻTAYOROV,
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari
Federatsiyasi Axborot-tahlil
markazi direktori oʻrinbosari, mustaqil tadqiqotchi.

Manba: “Ishonch” gazetasining
2021-yil 14-iyul № 89-90 (4530) soni

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер