Advokatura institutini inqilobiy oʻzgarishlar kutmoqda

Shu yil 10-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yana-da takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Qaror loyihasida zamonaviy advokatura institutini yana-da takomillashtirish yuzasidan muvaffaqiyatli davlat siyosatini olib borishga toʻsiq boʻlayotgan 15 banddan iborat boʻlgan muammo va kamchiliklar tizimli ravishda ochib berilgan.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, oʻtgan davr mobaynida advokatura institutini huquqiy tartibga solishga qaratilgan 2 ta maxsus qonun va 90 ga yaqin advokaturani tartibga solishga qaratilgan boshqa qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlsada, advokaturaning chinakam mustaqil institutsional institut sifatida toʻliq shakllangan deb aytish qiyin.
Bundan tashqari, bugungi kunda davlat hisobidan advokat tayinlashning mavjud amaliyoti ilgʻor xorijiy davlatlar va xalqaro standartlarga mos kelmasligi, fuqarolarga har qanday sharoitda malakali yuridik yordam olishi va ular manfaatlarini himoya qilishga kirishishning cheklanganligi va advokatlik faoliyatini soliqqa tortish tizimini yana-da takomillashtirishni talab etmoqda.
Eng muhimi, advokatura faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilish darajasini zamonaviy talablarga javob bermayotganligi advokatlarning fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli malakali yordam koʻrsatish, advokatura korpusi faoliyati toʻgʻrisida zarur va ishonchli maʼlumotlarni oʻz vaqtida olish, tahlil etish imkonini bermayapti.
Shu bois kelajakda Oʻzbekistonda advokatlik korpusini samarali shakllantirish hamda ular faoliyati toʻgʻrisidagi raqamlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasiga ega boʻlgan “Advokatlik faoliyati” deb nomlangan yagona raqamlashtirilgan elektron platformani ishlab chiqilishi va amaliyotga samarali joriy etilishi maqsadga muvofiq.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda advokatura instituti oʻz rivojlanish darajasiga koʻra yuridik ilm-fan hamda zamonaviy ilmiy rivojlanish tendensiyalari bilan oʻzaro integratsiyasi taʼminlanmagan.
Xususan, ushbu holatlar advokatlar malakasini oshirish tizimi Advokatlar palatasining vakolati doirasidan chetda qolib ketayotganligi va zamonaviy talablarga javob bermayotganligi, advokatlik maqomiga ega boʻlmagan konsalting soha yuristlarining faoliyati, malaka oshirish, axloqiy meʼyorlar va kasbiy masʼuliyat boʻyicha xalqaro standartlariga mos kelmagan holda amalga oshirilishi bilan bevosita bogʻliqdir.
Shu bois istiqbolda AQSH, Germaniya, Fransiya, Angliya, Yaponiya, Korea, Singapur tajribasini chuqur oʻrgangan holda maxsus ixtisoslashgan muassasa sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi huzurida Advokatlikka tayyorlash va advokatlar malakasini oshirish markazini tashkil etish taklif qilinadi.
Yuqorida tahlil etilgan advokatura sohasidagi shu va boshqa bir qator muammolar ayni vaqtda mamlakatimizda advokatura institutini rivojlantirishning zamonaviy talablarga javob beradigan yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etmoqda.
Soʻnggi yillarda yuridik adabiyotlar va ilmiy tadqiqot ishlarida advokatlardan sudyalar korpusini shakllantirish gʻoyasi ilgari surilayotgan va qizgʻin bahs munozaralarga asos boʻlayotgan dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Darhaqiqat, AQSH, Germani, Fransiya, Italiya, Angliya, Yaponiya va ayrim MDH davlatlarda katta hayotiy va amaliy yoki ilmiy darajaga ega boʻlgan, yuqori malakali hamda yuksak kasbiy va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan advokatlardan sudyalar korpusini samarali shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bois mamlakatimizda advokatlik kasbining obroʻyini oshirish va sud protsessida tortishuv tamoyilini taʼminlovchi zamonaviy va haqiqatdan mustaqil boʻlgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025-yil 1-yanvardan sudyalikka nomzodlarga qoʻyiladigan majburiy talablardan biri boʻlib advokat sifatida ikki yildan kam boʻlmagan ish stajining mavjud boʻlishi belgilanmoqda.
Bu oʻz navbatida mamlakatimizda yuqori malakali va zamonaviy sudyalar korpusini shakllantirish imkonini beradi. Shu bois loyihada Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakilini majburiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi aʼzoligiga jamoatchilik asosida kiritish ham koʻzda tutilmoqda.
Yana bir muhim masalaga eʼtibor qaratish zarur. Muhokamaga qoʻyilgan qaror loyihasida 2020-yil 1-sentyabrdan advokatura qonunchiligi sohasida bir qator oʻzgarishlar kutilmoqda.
Xususan, advokat boʻlishni istagan shaxslar uchun advokatlik tuzilmalarida majburiy uch oylik stajirovka muddati saqlangan holda yuridik mutaxassislik boʻyicha ikki yillik ish tajribasiga ega boʻlish toʻgʻrisidagi talab bekor qilinmoqda.
Bunga asosiy sabab sifatida, mamlakatimizda advokatlar sonini kamligi natijasida malakali yuridik yordam olishning cheklanishi hamda eng muhimi, ikki yillik ish staji yoshlar oqimining advokatura safiga kirish imkoniyatini cheklayotganligi bilan bogʻliqdir.
Statistik maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatadiki, aholining oʻrta hisobdagi koʻrsatkichi bitta advokatga 8651 nafar odam toʻgʻri kelishini koʻrsatsa, ushbu koʻrsatkich Isroilda bitta advokatga – 136 ta, Italiyada – 265 ta, Ispaniyada – 328 ta, Buyuk Britaniyada – 386 ta, Germaniyada – 499 ta, Turkiyada – 794 ta, Gruziyada – 833 ta, Ukrainada – 1205 ta, Fransiyada – 1020 ta, Rossiyada – 1870 ta, Qozogʻistonda esa – 3932 ta odam toʻgʻri keladi.
Bundan tashqari, soʻnggi 12 yildagi advokatlar sonining oʻzgarish dinamikasi aholi umumiy sonining koʻpayishi bilan advokatlar sonining kamayishi tendensiyasidan dalolat bermoqda. Masalan, 2008-yilda – 4225 ta, 2009-yilda – 2831 ta, v 2010-yilda – 3071 ta, 2011-yilda – 3324 ta, 2012-yilda – 3497 ta, 2013-yilda – 3398 ta, 2014-yilda – 3552 ta, 2015-yilda – 3682 ta, 2016-yilda – 3872 ta, 2017-yilda – 3946 ta, 2018-yilda – 3944 ta, 2019-yilda – 3919 ta advokat faoliyat olib borganligini koʻrsatadi.
Loyihada yana bir muhim masala gender tengligini taʼminlash inobatga olinsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda 2020-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi aʼzolari hisoblangan 3919 nafar advokatdan atiga 996 nafari yoki 25.5 foizini ayollar va 2923 nafari yoki 74.5 foizini erkaklar tashkil etadi. Shu bois loyihada advokatura tizimida gender tengligini taʼminlash hamda kasbiy malakaga ega boʻlgan ayol advokatlar sonini oshirish maqsadida ular uchun qoʻshimcha kafolatlar tizimi taqdim etilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Ortiqcha qogʻozbozlik va turli byurokratik toʻsiqlar har qanday zamonaviy davlat va jamiyat rivojiga salbiy taʼsir etadi. Tizimda bunday salbiy illatlarni oldini olish maqsadida advokat soʻroviga advokat orderi nusxasini ilova qilish toʻgʻrisidagi hamda soʻrovda advokatlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni kiritish toʻgʻrisidagi talablar ham bekor qilinmoqda. Bunday holatlarda faqatgina advokat tomonidan kiritiladigan soʻrovga advokat guvohnomasining maʼlumotlarini kiritishning oʻzi bilan kifoya sanaladi.
Statistikka shuni koʻrsatadiki, 30 yoshgacha boʻlgan yosh advokatlar soni, 2009-yil 1-yanvar holatiga koʻra 224 tani tashkil etgan boʻlsa, oʻsha vaqtdagi umumiy advokatlar soni– 4225 (aholi soni 27,555 mln.)tani tashkil etgan, oxirgi oʻn yil ichida esa ushbu koʻrsatkich 3 barobardan ortiq miqdorga kamaygan.
Bu esa yosh huquqshunoslarni advokaturaga jalb etish boʻyicha zarur tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirishni taqozo etadi. Kezi kelganda aytish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari va oliy oʻquv yurtlaridagi taʼlim boʻyicha xarajatli toʻlovlar advokatning jami daromadiga kirmasligini nazarda tutuvchi eng yuqori yosh senzini yigirma olti yoshdan oʻttiz yoshgacha deb oʻzgartish maqsadga muvofiq. Bu esa mamlakatimizda 30 yoshga boʻlgan advokatlarning oʻzi, farzandlari yoki turmush oʻrtogʻini yoshlar sifatida taʼlim olish borasidagi huquqlarini qoʻshimcha kafolatlash imkonini berishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, qaror loyihasida advokatura institutini yana-da tubdan rivojlantirish borasidagi ushbu yangiliklar Oʻzbekistonda chinakam yuqori malakali advokatura korpusini shakllantirishning yangi va zamonaviy modeli vujudga kelishiga xizmat qiladi.
Jamoliddin ABDURAHMONXOʻJAYEV,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- AQSHda jurnalist qiz Trampning yuziga mikrofon bilan urib yubordi (+video)
- Endi taʼlim granti talabalarning oʻzlashtirishiga qarab har yili qayta taqsimlanadi
- Oʻzbekistonda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlanadi
- “Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring