Toshkentda advokat 100 ming, sobiq prokuror 30 ming dollar pora bilan qo'lga tushdi (video)

11:43 18 Iyul 2024 Jamiyat
319 0

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament advokatlar bilan bogʻliq bir qator qonun buzilishlarini aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar beradi.

Qayd etilishicha, Fargʻona shahridagi advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat oʻzaro til biriktirib, 2023-yilda sud hukmi bilan 6-yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumga nisbatan boʻlgan jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida koʻrish davomida, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazoga oʻzgartirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yana bir holat Toshkent shahridagi advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati bilan sodir boʻlgan. Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan masʼuliyati cheklangan jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan 12 milliard soʻm miqdoridagi zararning 6 milliard soʻmini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berish evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilgani maʼlum boʻlgan. Qayd etilishicha, u soʻralgan pul mablagʻidan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX, shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, advokatning mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan hamkasbi va muqaddam prokuratura organlarida ishlagan tanishi ham 50 ming AQSH dollaridan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlangan.

Maʼlum boʻlishicha, Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush oʻrtogʻi bilan qonuniy nikohini bekor qilishda sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, “Gentra”ga “UZB” seriyali soxtalashtirgan avtomashina raqamini taqqan shaxs qamalgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?